Samsung va BMW ishqibozlari uchun yangi smartfon taqdim etildi

Samsung va BMW ishqibozlari uchun yangi smartfon taqdim etildi

Samsung o‘tgan yili Galaxy S22 Ultra modelining Mercedes Benz versiyasini taqdim etgan edi. Bu yil koreyalik kompaniya endi boshqa nemis kompaniya, BMW bilan hamkorlikda Galaxy S23 Ultra BWM M Edition smartfonini e’lon qildi.

Ushbu versiyadagi smartfon 1000 dona ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u faqat Janubiy Koreya bozori uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Maxsus versiyaning 12/512GB xotiraga ega turini 1,727,000 von (taxminan 1362 dollar) narx evaziga sotib olish mumkin. Xuddi shunday xotiraga ega oddiy Galaxy S23 Ultra'ning narxi 1,600,400 vonni (taxminan 1262 dollar) tashkil qiladi. 

Smartfon dizaynini yaratishda dizaynerlar asosan BMW M3 E30 avtomobilidan ilhomlanganlar. Qurilmaning qadoq tarkibida BMW dizaynidagi g‘ilof, kalit osgich va unga o‘rnatsa bo‘ladigan olti xil davrdagi BMW emblemasi hamda “We are M“ yozuvi tushirilgan metall logotip bo‘ladi. 

Smartfon qadoq tarkibidan, shuningdek, BMW brendidagi akkumulyatorli havo kompressori, stakan ushlagich, soat, poster va fotoalbomli kitob o‘rin olgan. Xaridorlar, bundan tashqari, Starter Pack voucheriga ega bo‘lishadi. U bilan Incheon shahrida joylashgan BMW Driving markazida malakali instruktordan avtomobilni boshqarishga oid darslarni olish mumkin. 

Galaxy S23 Ultra BMW M Edition smartfonining grafik qobig‘i ham aynan BMW brendidagiga asoslangan bo‘ladi.

O‘QING: 240 Vt tezlikda quvvatlanadigan ilk smartfon rasman taqdim qilindi