Samsung'chilarga ikkita xabar bor: biri yaxshi, biri yomon. Qaysi biridan boshlaylik?

Samsung'chilarga ikkita xabar bor: biri yaxshi, biri yomon. Qaysi biridan boshlaylik?

Yomon xabar shuki, chiqqaniga to‘rt yil bo‘lgan Galaxy S7 va S7 Edge'larga endi rasman tizim yangilanishi jo‘natilmaydi.

Har ikki qurilma shu kunga qadar choraklik xavfsizlik apdeytlarini qabul qilib kelgan. O‘tgan oy kelgan mart apdeyti yangilanishlarning eng so‘nggisi bo‘ldi. Galaxy S7/S7 Edge'lar Samsung'ning Android Xavfsizlik Apdeytlari ma’lumotlar bazasidan olib tashlandi. Ammo Galaxy S7 Active yana bir qancha muddat yangilanishlarni qabul qilishda davom etadi, biroq bu ham uzoqqa cho‘zilmaydi.

Ma’lumot uchun, S7 va S7 Edge'lar 2016-yilda Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimi bilan taqdim qilingan edi. Smartfonlar ikki marta yangi Android versiyaga ko‘tarilgan bo‘lib, so‘nggi marta 2018-yilda Android 8.0 Oreo'ga o‘tgan. Shundan so‘ng, o‘tgan oyga qadar Samsung faqat xavfsizlik yangilanishlarini jo‘natib turdi.

Android mobillar olamida smartfonlarning to‘rt yil davomida xavfsizlik patchlarini qabul qilishi kamdan-kam uchrovchi holat bo‘lib, bu Samsung'dagilarning xariddan keyin ham mijozni qo‘llab-quvvatlashining yorqin namunasidir.

O‘QING: Samsung yonib ketgan Galaxy S7 Edge o‘rniga foydalanuvchiga yangi Galaxy S9 savg‘a qildi

Endi esa yaxshi xabarga o‘tsak. 2018-yilning may oyida Samsung Android 8.0 Oreo operatsion tizimida ishlovchi Galaxy J6 smartfonini taqdim qilgan edi. Qurilma o‘tgan yili aprel oyida Android 9 Pie'ga o‘tgan. Endi esa smartfonga Android 10 kela boshladi.

Tizim yangilanishining versiyasi J600GUBU6CTC8 bo‘lib, apdeytdan so‘ng qurilma One UI 2.0 qobig‘i hamda 2020-yil mart xavfsizlik patchiga ega bo‘ladi.

Yangilanish hozirda Panamadagi foydalanuvchilarga jo‘natilmoqda va model raqami SM-J600G bo‘lgan devayslarga kelmoqda. Tez orada boshqa mintaqalar foydalanuvchilariga ham taqdim qilinadi.

Sizga yangilanish kelgan-kelmaganini Sozlamalar > Dastur yangilanishi oynasiga o‘tib «ruchnoy» tekshirib ko‘rishingiz mumkin.

O‘QING: Samsung Galaxy J4+ va J6+: bir yo‘la ikkita arzon smartfon

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!