Sayyohlar uchun muhim interfaol xarita: qayerlarga borish yoki qayerlardan kelishda viza kerak?

  •   DiMaX
  •  1665
  •  14.07.2018 15:22

Sayyohlar uchun muhim interfaol xarita: qayerlarga borish yoki qayerlardan kelishda viza kerak?

Xorijiy mamlakatlarga chiquvchilar oldida turuvchi masalalardan biri – u yoki bu mamlakatga borishda viza olishdir. Xo‘sh, qaysi mamlakatlarga borish uchun viza umuman talab etilmaydi, qaysilariga ayrim mamlakatlar aholisi uchungina kerak bo‘ladi? Shu kabilarni aniqlash uchun Travelscope onlayn servisi tashkil etilgan.

O‘QING: Biometrik pasport tayyor bo‘lganini internet orqali bilish mumkin

Garchi ingliz tilida bo‘lsa-da, Travelscope saytidan foydalanish aytarli qiyinchilik tug‘dirmaydi. Undagi onlayn xaritada istalgan bir mamlakatni tanlasangiz, uning fuqarolari qaysi davlatlarga bemalol borishlari mumkinligi ko‘rsatiladi. Buning uchun yuqoridagi oynachada «Visa-free destinations» rejimini tanlab, «Source country» maydonchasiga sayyohning yashaydigan mamlakati kiritiladi. Xaritada bu mamlakat oq rangda, uning aholisi borishi uchun qo‘yilgan shartlarga ko‘ra boshqa davlatlar turli ranglarda aks ettiriladi.

Masalan, to‘q yashil rangda aks ettirilgan davlatlarga borish uchun vizaning keragi yo‘q. Och yashil rangli qilib ko‘rsatilgan mamlakatlarda esa, tanlangan davlat fuqarosi borganida viza urib beriladi. To‘q sarg‘ish tusda ko‘rsatilgan mamlakatlarga borishi uchun esa bu davlat fuqarolari elektron viza olishlari lozim bo‘ladi. Qora rangda ko‘rsatilgan davlatlarga borish uchun esa o‘z yurtidan chiqmasidan avval viza olishi shart.

Xaritada tegishli mamlakat ustiga kursor olib borilsa, unga borish shartlari haqidagi batafsil ma’lumot ekranga chiqariladi. Ekranning pastki chap burchagida xaritaning shartli belgilari aks ettirilgan.

O‘QING: Google Street View’da endi Disneylend bo‘ylab sayr qila olasiz!

Agarda saytda «Visa-free sources» rejimi tanlansa, u yoki bu davlatga qaysi mamlakatlar fuqarolari vizasiz yoki viza olgan holda borishlari mumkinligi ko‘rsatiladi.

Shuningdek, Travelscope saytidan mamlakatlarning yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlari hamda aholisi haqida ham ma’lumot olishingiz mumkin. Bular uchun tegishli tarzda «GDP» hamda «Population» rejimlarini tanlashingiz kerak bo‘ladi.

Ta’kidlash kerakki, Travelscope sayti vizalar haqidagi ma’lumotlarni «Vikipediya» resursidan oladi. Sayt ishlab chiquvchilari foydalanuvchilardan, undagi ma’lumotlarni faqat tanishish maqsadlarida ishlatishlarini, aniq ma’lumotlar uchun tegishli davlatning elchixonasi yoki konsulligiga murojaat etishlarini so‘rashgan.

Travelscope saytiga mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

O‘QING: Operatorlarimiz orasida birinchi bo‘lib Ucell roumingda cheksiz internet taqdim etmoqda!