Sergelida zamonaviy industrial texnopark ishga tushiriladi

  •   DiMaX
  •  496
  •  25.01.2019 11:33

Sergelida zamonaviy industrial texnopark ishga tushiriladi

Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni 2019 yilda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga oid ma’lumotlar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti xabar bergan.

O‘QING: Shavkat Mirziyoyev: Toshkent yuqori texnologiyalar rivojlangan yirik xalqaro markazga aylanadi

Davlatimiz rahbari 2018 yil 21 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizga yirik biznes vakillari va salohiyatli investorlarni jalb qilish, shaharda eng qulay investitsiya muhitini yaratish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shunga muvofiq, joriy yil 4 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, 2019 yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 2 milliard 700 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish, buning evaziga 273 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.

Taqdimotda mazkur loyihalarning sohalari va joylari, mablag‘larni o‘zlashtirish muddatlari tahlil qilindi.

Jumladan, Toshkent iqtisodiyotiga doir yana bir yangilik – Sergeli tumanida 100 gektardan ziyod hududda Yevropa standartlari bo‘yicha zamonaviy industrial texnoparkni ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning investorlar uchun qulayligi shundaki, barcha bino-inshootlar to‘liq tayyor holda topshirilib, zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi.

Bugungi kunda texnoparkni loyihalash ishlari boshlab yuborilgan, hozirdanoq 85 foiz yer tadbirkorlarga ajratib berilgan. Bu yerda 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Mutasaddilarga texnoparkni tezroq ishga tushirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘QING: Toshkentdagi «Xavfsiz shahar»da sun’iy idrokdan foydalaniladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!