Share Files – o‘zaro fayl almashishning eng qulay va tezkor yo‘li

  •   DiMaX
  •  2429
  •  27.07.2018 18:38

Share Files – o‘zaro fayl almashishning eng qulay va tezkor yo‘li

Texnologiyalar rivojlanayotgan bugungi zamonda fayllarni boshqalarga ulashishning eng keng tarqalgan yo‘llaridan biri – «bulutli» saqlagichga yuklashdir. Ammo bunda o‘ziga yarasha jarayonlardan o‘tish kerak bo‘ladi: ro‘yxatdan o‘tish, akkauntingizga kirish, yuklanadigan jild yoki faylni tanlash va unga boshqalarning ruxsatini sozlash...

O‘QING: FileCloud.uz – TAS-IX hududidagi «bulutli» servis

Share Files servisi esa bularni amalga oshirmasdan, hatto hech qanaqa ro‘yxatdan o‘tmasdan ham faylni ulashish imkonini beradi. Mana bu havola orqali ushbu saytga kirsangiz, och ko‘k rangli oynani ko‘rasiz. Boshqalarga ulashish yoki biror kishiga uzatish kerak bo‘lgan faylni yoki jild (papka)ni sichqoncha bilan ushlab olib kelib, o‘shaning ichiga tashlaysiz.

Buni amalga oshirganingizdan so‘ng, o‘sha zahotiyoq servisga yuklanayotgan fayl va jildlarning ro‘yxati, hajmlari bilan birga aks etadi. Endi pastdagi ko‘k tugmachani bosasiz va ma’lumotlarning Share Files’ga yuklanishini kutasiz.

Jarayon yakunlangach, pastda siz hozirgina yuklagan faylga eltuvchi havola va uning yonida nusxalab olish tugmachasi paydo bo‘ladi. Faylingizni olishi kerak bo‘lganlarga mana shu havolani yuborasiz – biror messenjer yoki elektron pochta orqalimi, SMS-xabar orqalimi – buning farqi yo‘q. Ular esa o‘sha havola orqali siz yuklagan faylni bitta arxiv tarzida ko‘chirib olishlari mumkin.

O‘QING: Google’ga ishonmang – u Android’dan zaxiralangan ma’lumotlaringizni o‘chirib tashlashi mumkin!

Share Files yuklangan kontentni atigi bir sutka mobaynida saqlab turadi, ammo istasangiz, yuklagan fayllaringizni undan oldin o‘zingiz o‘chirib tashlashingiz ham mumkin. Buning uchun esa yuqori o‘ng burchakdagi tugmachani bosib, havolalarni boshqarish bo‘limiga o‘tasiz.

Ko‘rganingizdek, Share Files servisi – interfeysi o‘ta sodda va tushunarli, foydalanishga juda qulay, vaqtni tejovchi, ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydigan veb-ilova ekan. Ushbu usul orqali o‘zaro fayl almashish kelajakda yanada ommalashsa kerak.

O‘QING: «Google Disk» endi butun kompyuterning zaxira nusxasini saqlab qo‘ya oladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!