Shavkat Mirziyoyevga «E-tarozi» dasturi haqida ma’lumot berildi

Shavkat Mirziyoyevga «E-tarozi» dasturi haqida ma’lumot berildi

O‘zbekiston Prezidentiga «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan 2017 yilgi paxta xom ashyosini elektron tarozi orqali «E-tarozi» dasturida qabul qilish va ushbu jarayonga «Fotofiksatsiya» tizimini samarali joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi, deb yozadi Daryo.uz.

«O‘zpaxtasanoat» tizimidagi 98 ta paxta tozalash korxonasiga qarashli barcha paxta tayyorlov maskanlarida o‘tgan yili o‘rnatilgan elektron tarozilar va kuzatuv kameralari mavsumga shay qilib qo‘yilgan.

2017 yilgi paxta hosilini qabul qilishda, shuningdek, paxta qabuli ko‘rsatkichlari bo‘yicha tayyorlanadigan hisobotlar ochiqligini ta’minlash hamda ushbu jarayonda inson omilini qisqartirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda.

Bunday axborot tizimida qabul qilinayotgan paxta xom ashyosi elektron tarozi orqali «E-tarozi» dasturida o‘lchanib, paxta tashib keltirgan transport vositasi kuzatuv kameralari orqali sinxron tarzda tasvirga olinadi, ya’ni fotofiksatsiya qilinadi.

Tasvirda sana, transport vositasining raqami, fermer xo‘jaligining nomi, topshirilgan xom ashyoning vazni aks ettiriladi. Bu hosilni qabul qilish jarayonida moddiy javobgar shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Kunlik qabul qilingan paxta xom ashyosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar markaziy bazaga onlayn tarzda kiritib boriladi. Bu, o‘z navbatida, respublika, viloyatlar, tumanlar, sektorlar (hokim, prokuror, ichki ishlar va soliq idoralari), fermer xo‘jaliklari kesimida qabul qilingan paxta xom ashyosining markazlashgan hisoboti shakllanishi tezkorligini, ma’lumotlar ochiqligini ta’minlab, terim otryadlari samaradorligini ham tahlil qilishga zamin yaratadi.

Joriy yilgi paxta hosilini yig‘ib olish mavsumida barcha paxta tayyorlov maskanlari laboratoriyalariga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Endi fermerlar yoki ularning ishonchli vakillari laboratoriyadagi ish jarayonini jonli tarzda kuzatish va ovozini eshitish imkoniyati ega bo‘ldi.

Paxta tayyorlov maskanlarida tatbiq etilgan «E-tarozi» dasturi ma’lumotlar bazasining «Agrobank» markaziy serveri bilan integratsiyasi (ma’lumot almashinuvi) jonli tarzda yo‘lga qo‘yildi.

Mutasaddilarga ushbu zamonaviy tizimni yanada takomillashtirish va amaliyotga keng tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.