Smartfon avtomobil videoregistratoriga qarshi: qay biri afzal?

Smartfon avtomobil videoregistratoriga qarshi: qay biri afzal?

Avtomobil navigatorlari segmentini yo‘qqa chiqargan smartfonlar endi avtomobil videoregistratorlariga qarshi urushga kirishdi. Bu qarama-qarshilikda ularning g‘alaba qozonishga barcha imkoniyatlari borga o‘xshaydi. Biroq «Avtovzglyad» portalining aniqlik kiritishicha, universal va ixtisoslashgan texnika o‘rtasidagi jangovar harakatlar uzoqqa cho‘zilishi mumkin, deb yozadi Daryo.uz.

Bir qarashda barchasi oddiydek: istalgan zamonaviy smartfonda videos’yomkaning barcha zarur funksiyalari mavjud, videoregistrator funksiyasini bajaruvchi dasturlar juda ko‘p bo‘lgan sharoitda avtomobil sohibi videoregistrator xarid qilish uchun pul sarflashi o‘rinsizdek. Zamonaviy smartfonlarning ko‘plab modellari kuchli kamera bilan jihozlangan va optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega. Biroq ba’zi ekspertlar tor doirada ixtisoslashgan gadjetlar hozircha universal devayslardan afzalroq degan fikrda. Aslida ham shundaymi?

Davriylik buzilmasligi uchun

Smartfonni registrator o‘rniga qo‘llashga qarshi bo‘lganlar videoregistrator yoki uning o‘rnini bosuvchi moslama nafaqat tasvirga yaxshi olishi, balki avtomobil safarining butun tarixini xotirasida saqlab qolishini kafolatlashi lozimligini ta’kidlamoqda. Registrator videoni davriylik asosida yozib boradi: xotira kartasi to‘lishi bilan yangi fayllar eskilarining ustidan saqlanadi. Smartfon esa bu ishni kartadagi xotirasi to‘lgunga qadar amalga oshiradi. Uni esa o‘rnatilgan dasturlar va ilovalar muntazam ravishda kamaytirib boradi. Ya’ni har doim s’yomka eng noqulay vaziyatda uzilib qolishi xavfi mavjud.

Boshqa tomondan ko‘plab ilg‘or smartfonlarni xotirasi o‘rtacha safarlar, hatto uzoq sayohatlar uchun bemalol yetadigan microSD kartasi bilan qurollantirish mumkin. Shuning uchun bu borada oshkora g‘olib yo‘q.  Aytgancha, sizga kimdir qo‘ng‘iroq qilsa, telefon «kino olishni» to‘xtatishini unutmaslik lozim.

Ishdan chiqadi

Ba’zi ekspertlar fikricha, smartfonlarni registrator o‘rniga qo‘llashning yana bir salbiy jihati uzluksiz videoga olish va ovoz yozish sharoitida smartfonning operativ xotirasi va protsessoriga katta og‘irlik tushadi. Buning natijasida u tez qizib ketib, qaysidir lahzada yaxshi ishlamay qoladi. Nazariy jihatdan, buning ehtimoli mavjud. Biroq uzluksiz quvvat olish sharoitida muammosiz videoyozuv davomiyligi yuzasidan amaliy tajriba o‘tkazilmagan. Shuning uchun agar bunday muammo mavjud bo‘lsa ham, bu uzoq safarlarga taalluqli bo‘lishi mumkin. Ixtisoslashgan qurilma haqiqatda ko‘p soat davomida muntazam videos’yomka uchun mo‘ljallanganligini ob’yektivlik uchun tan olish kerak bo‘lsa-da, bu borada ham ochiqdan-ochiq afzallik kuzatilmayapti.

Qo‘shaloq zarba

Aksariyat smartfonlar haqiqatda videoregistratorlarga yutqizadigan jihat bu ko‘rish burchagidir. Deyarli barcha videoregistratorlar ko‘rish burchagi 120—130 daraja bo‘lgan kengburchakli ob’yektivlar bilan jihozlangan. Smartfonlarda esa bu ko‘rsatkich 70—90 darajani tashkil etadi. Ya’ni registratorlar kadriga bir nechta harakatlanish yo‘li va yo‘l chekkasi ham tushadi. Bunday video esa YTHni tahlil qilishda foydaliroq bo‘ladi.

Biroq hozir ham bozorda ko‘rish burchagi 100—12o, hatto 135 daraja bo‘lgan kamida 10 ta smartfon modeli bor. Ularda ham videoregistratorlardagi kabi s’yomka Full HD rejimida yoki kamida 1920 x 1080 pikselda olinadi. Smartfon ishlab chiqaruvchilar o‘z qurilmalarini qo‘shaloq kamera bilan qurollantirish orqali bunday yutuqqa erishdi. Shuning uchun videoregistratorlar bu qarama-qarshilikda vaqtinchalik ustunlik qilmoqda va vaqt ularga qarshi ishlamoqda.

Aytgancha, qo‘shaloq kameralar videoregistratorlarning turli xil yorug‘likda tasvir aniqligini saqlashga yordam beruvchi funksiyasini ham deyarli yo‘qqa chiqardi. Ikkala kamera bir narsani turli fokusdan olishi tufayli aniqlik va yorqinlikni oshiradi. Shundan so‘ng har ikkala kamera olgan tasvirlar birlashadi va u maksimal darajada yorqin va aniq chiqadi. Tasvir videoregistratornikidan sira qolishmaydi.

Ko‘rib turganimizdek, smartfonlar nafaqat navigatorlar, balki videoregistratorlar o‘rnini bosishga deyarli to‘liq tayyor. To‘g‘ri, videoregistratorlardan foydalanish hozircha biroz qulayroq, biroq yaqin vaqt ichida smartfon ishlab chiqaruvchilar o‘z qurilmalarini yo‘l s’yomkalariga to‘liq moslashtirishiga shubha yo‘q. Ularning navbatdagi qurboni esa radar-detektorlardir.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.