Smartfondagi eng murakkab qismlar

Smartfondagi eng murakkab qismlar

Smarfon anchagina ixcham shaklda bo‘lishiga qaramasdan, juda murakkab mexanizmlardan tarkib topadi. Smartfondagi asosiy qismlar yuksak aniqlikda (10 nm) va bag‘oyat toza sharoitda tayyorlanadi. Quyida smartfondagi eng murakkab detallar keltirilgan.

Protsessor. Smartfondagi eng murakkab komponent, millionlab tranzistorlarn o‘z ichiga oladi. Misol uchun, Qualcomm Snapdragon 830 chipseti 10nm texnologiyasida yaratilgan bo‘lib, 3,3 milliard tranzistordan iborat. Eng qizig‘i, protsessorning umumiy o‘lchami 4 santimetr kvadratdan oshmaydi. Smartfonlar uchun ishlatiladigan protsessorlar Samsung, Apple, Huawei, Qualcomm, Spreadtrum, Mediatek kabi yirik texnologik gigantlar tomonidan ishlab chiqariladi.

Grafik adapter. Ko‘rinishidan protsessorga o‘xshaydi, biroq u grafika va vizualizatsiya bilan bog‘liq jarayonlarni qayta ishlash vazifasini bajaradi. Grafik adapter ham bag‘oyatda yuksak aniqlikda tayyorlanadi. Mazkur chip juda katta hajmdagi oqimli ma’lumotlarni uzatishga xizmat qiladi. Grafik adapter qanchalik kuchli texnik paramertlarga ega bo‘lsa, smartfondagi tasvir va video ham shunchalik sifatli aks ettiriladi.

Displey. Albatta, texnik parametrlarning miqdori bilan displeyni protsessor bilan solishtirish noto‘g‘ri. Biroq displeyni ishlab chiqarish ham oddiy jarayon hisoblanmaydi. Sababi hozirgi kundagi aksar smartfonlar displeyda juda ko‘p piksellar bo‘lishini talab etadi. Buning ustiga, aniqlik qanchalik yuqori bo‘lmasin, ekran hajmi belgilangan formatda saqlanishi lozim. Ayni vaqtda ba’zi smartfon ishlab chiqaruvchilari QHD aniqligidagi displeylardan foydalanmoqda. Ammo HD va FHD formatlari hozircha eng keng tarqalgan aniqlik bo‘lib qolmoqda. Smartfon displeylari uchun eng samarali hisoblangan matritsalar ayni vaqtda Samsung (Super AMOLED) tomonidan tayyorlanadi. Smartfon displeylari orasida TFT, LCD, Retina, IPS kabi matritsalar ancha keng tarqalgan. Tasvir namoyishining sifati matritsaning ilg‘orligi va displey aniqligining yuqoriligiga chambarcham bog‘liq.

Dinamik. Hayron bo‘lmang. Ha, dinamik unchalik murakkab komponent bo‘lmasligi mumkin. Biroq bugungi kunda iste’molchilarning talablariga javob berish maqsadida smartfon ishlab chiqaruvchilari nafaqat naushniklarga, balki dinamiklarga ham Hi-Fi sifatidagi audioni qo‘llashga urinmoqdalar. Qimmatbaho materiallardan foydalanib tovushning sifati oshirish, baslar tozaligini ta’minlash, ovozning balandligini oshirish, albatta, qiyin emas. Ammo barcha muammo kichik smartfonga shuncha moslamalarni joylashtirishda.

Kamera. Haqiqatan ham, smartfonlarga o‘rnatilgan kameralar takomillashib borib, mana endilikda fotoapparatlar bozorini kasodga uchratdi. So‘nggi vaqtda smartfon kameralarida hatto ikkitali piksel, HDR, OIS kabi texnologiyalar qo‘llanmoqda. Qo‘sh kamerali smartfonlar ishlab chiqarilmoqda. Albatta, bunda kameraning surat va videoga olish sifati barchani lol qoldirmoqda. Hozirda smartfon kamerasi orqali 4K formatidagi videolarni ham yozish mumkinligi hech kimga sir emas.

Modem. Ushbu komponent telefonning uyali tarmoqqa ulanishi va undagi amaliyotiga javob beradi. Modem ham juda murakkab komponent bo‘lib, uni jahonda sanoqli kompaniyalargina ishlab chiqaradi. Mutaxassislarning fikricha, Qualcomm kompaniyasiga qarashli modemlar jahon bozoridagi eng sifatli modem turi sanaladi. Modem orqali smartfon GSM va SDMA tarmog‘ida standartlarga bog‘lanadi va ishlaydi. Agar telefon ma’lum uyali tarmoqlarda kutilganidek ishlamasa, bu undagi modemning to‘g‘ri sozlanmaganidan dalolat beradi.

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!