Smartfonlardagi top 5 eng keraksiz xususiyatlar

Smartfonlardagi top 5 eng keraksiz xususiyatlar

Texnologiyaning kundan-kunga rivojlanib borishi bilan birga mobil telefonlarning funksionalligi ham oshib bormoqda. Biroq, smartfonlarimizda ko'plab foydali funksiyalar bilan birgalikda biz umuman foydalanmaydigan yoxud keraksizlari ham mavjud. "Internet aholisi"ning ma'lum qilishicha smartfonlardagi quyidagi xususiyatlar umuman keraksiz deb hisoblanadi.

1. Teskari zaryadlash

Ma'lum bo'lishicha, smartfonlardagi eng keraksiz xususiyat - bu "teskari quvvatlash"dir. Ushbu funksiya foydalanuvchilarga telefonlari orqali boshqa qurilmalarga quvvat berishlari imkonini beradi. Lekin, ko'pchilik smartfon egalari buning qanday ishlashi va hatto, nima uchun bu ularning telefonlarida borligini bilishmaydi. To'g'rida, o'zi 5,000 mAh batareya zo'rg'a bir kunga yetayotgan bo'lsa, u bilan boshqa narsalarni zaryadlab nima keragi bor? Agar, mabodo, undan foydalanmoqchi bo'lgan taqdiringizda ham, uning tezligi (hamma smartfonda har xil bo'ladi, o'rtacha 5-10W) juda-juda sekin bo'ladi. Bundan tashqari, ko'pchilik smartfon quvvatini bu tarzda sarflash uning batareyasini kuchsizlantirishiga ishonadi.

2. Egilgan ekranlar

Smartfonlardagi yana bir foydasiz xususiyat - ularning egilgan yon tomon ekranlari bo'lib, ayrim foydalanuvchilarga ko'ra, bu telefonlarni shunchaki qimmatlashtiradi xolos. Aytish kerakki, yon tomoni egilgan smartfonlar ajoyib va futuristik ko'rinadi, lekin shunchaki dizayn o'zgarishi uchun yuz dollarlab ortiqcha pul to'lash zarurmikin? Bilasizmi, agar egilgan ekranli smartfonni sindirib qo'ysangiz, uni yangilash uchun sizga yana bitta smartfon puli kerak bo'ladi.

3. Ilovalar kutubxonasi (iPhone)

iPhone egalari keraksiz deb topgan funksiyalarning biri App Library bo'lib, ko'pchilikning fikricha ushbu xususiyat yetarlicha aqlli emas, ko'pchilik esa uning borligini ham bilmaydi. Ma'lumot uchun: App Library asosiy ekranning o'ng tomondan eng oxirgi sahifadan keyin joylashgan bo'lib, u yerda siz ilovalaringiz saralangan papkalarda saqlashingiz mumkin.

4. RAM kengaytirish

Android smartfonlardagi shubhasiz foydasi yo'q bo'lgan funksiyalarning yana biri operativ xotirani kengaytirish bo'lib, bunda qurilmadagi bir necha GB ichki xotira resurslari operativ xotiraga aylantiriladi. Biroq, RAM ko'paytirish uchun qancha ko'p ichki xotira ajratmang, u bilan smartonfingiz tez ishlaydigan bo'lib qolmaydi, lekin aksincha bo'lishi ehtimoli yuqori. Ta'kidlash kerakki, ushbu texnologiya Android qurilmalari uchun yangi bo'lib, u hali yaxshi rivojlanmagan.

5. Periskop kamera

"Nima uchun men 100 metr uzoqlikdagi narsani suratga olish uchun smartfondan foydalanishim kerak? Bu xuddi "tuya hammomni orzu qilibdi", degandek gap. Men hatto smartfonimda periskop kamerasi borligini unutib yuborganman" deydi smartfon egalaridan biri periskop kamerasi haqida. Albatta, chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin, smartfon hech qachon haqiqiy kamera o'rnini bosa olmaydi. Ko'pchilik uchun periskop kamera linzalarining bo'lmasligi hech narsani o'zgartirmaydi.

Qo'shimchasiga, internet aholisining so'zlariga ko'ra, smartfonlardagi imo-ishoralar va harakatlar bilan amalga oshiriladigan funksiyalar va pult xususiyati ham keraksiz va foydasizdir.

O'QING: Eng kichik flagman smartfon taqdim etildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!