Smartfonlarning yildan-yilga kattalashib borishini to‘xtata olamizmi?

Smartfonlarning yildan-yilga kattalashib borishini to‘xtata olamizmi?

So‘nggi o‘n yildan buyon smartfonlar hajm jihatidan kattalashib bormoqda, ammo ularni ishlatadigan qo‘llarimiz kattalashayotgani yo‘q. Qizig‘-a?! Keling, quyida Android Authority sayti kolumnisti Saymon Xillning shaxsiy fikrlarini keltirish asnosida shu haqda suhbatlashamiz.

Avvalo, aytish kerakki, smartfonlar faqat kattalashib bormayapti, balki samrtfonsozlar kichik smartfonlar ishlab chiqarmay qo‘ydi ham. Bir qo‘lda boshqarishga qulay, tor djinsi shimingiz cho‘ntagiga bemalol sig‘adigan Android qurilmasini qidirayotgan bo‘lsangiz, oldingizdagi tanlovlar miqdori unchalik ham ko‘p emas.

Katta smartfonlar haqida gapirganda xayolimizga birinchi bo‘lib Samsung Galaxy S20 Ultra keladi. Ushbu smartfon katta emas, balki ULKAN. Bu «qahramon»imiz bo‘yiga 6,57 dyuym (16,7 sm), ekranining diagonali esa 6,9 dyuym (17,5 sm) ni tashkil qiladi. Nexus 7 planshetini qalin hoshiyalarsiz tasavvur qilib ko‘rsangiz, Galaxy S20 Ultra'ning hajmi hosil bo‘ladi.

S20 Ultra nafaqat bir qo‘lda boshqarishga o‘ta noqulay, balki o‘ta og‘ir hamdir (222 g). Shunchalar og‘irligidan uni pijamangiz cho‘ntagiga solsangiz, pijamangiz yechilib ketadi.

Hajmi va vazni sabab bu qurilmani ishlatish qiyin kechadi. Agar bu flagman ekranini sindirgudek bo‘lsangiz, yana 400 dollar atrofida harajat qilishingizga to‘g‘ri keladi, buning oldini olish uchun esa, albatta, unga g‘ilof kiydirasiz. Bu esa smartfonni yana ham og‘irlashtiradi. Yuqoridagi pijamaga oid gap yana ham haqiqatga yaqinroq bo‘ladi endi...

Faqat S20 Ultra'ni tanlab, uni tanqid qilish adolatdan emas. O‘lcham borasidagi muammo faqat Samsung'ga tegishli ham emas. Hozirgi yoshlarning ba’zilarida barmoq og‘rig‘i ko‘p kuzatilsa kerak. Bunga sabab arteritmikan? Balkim qandaydir g‘alati bir infeksiya sababchidir bu og‘riqqa? Yo‘q, unisiyammas, bunisyammas. Bunga sabab qo‘ldagi smartfon. Masalan, Red Magic 3 smartfonida bir soat o‘yin o‘ynasangiz, bu og‘riqni siz ham his qilasiz.

Ammo biz bu narsalarga o‘rganib qoldik. Smartfonlar juda sekin, yillar davomida sezdirmasdan kattalashdi. Agar ko‘chada bir odam cho‘ntagidan katta bir telefon chiqarib ishlatsa, hozir hech kim hayron qolmaydi. Ammo besh yil oldin odamlar bunga e’tibor berishar va hatto o‘sha odamning ustidan kulib ham qo‘yishardi. Samsung o‘zining ilk Note fabletini chiqarganda, hamma buncha katta telefon yaratgani uchun kompaniyani mazah qilgandi.

Galaxy Note ekrani diagonali 5,3 dyuym (13,5 sm) edi. Ekran hoshiyalari o‘ta qalin bo‘lsa ham, displey bo‘yiga 5,78 dyuym uzunlikka ega edi. Pixel 4 esa bundan ham uzunroq.

Smartfon foydalanuvchilari sifatida biz xuddi qozonga solingan omar kabi bo‘lib qoldik. Bizni qozonga solib pishirishayotganini sezmaymiz ham, chunki qozondagi suvni juda sekinlik bilan isitishmoqda. Xuddi shunday, GIGANT smartfonlarni ishlatish normal holat ekanligi ongimizga singdirilmoqda.

Hozir telefon va planshet o‘rtasida hech qanday farqlovchi jihat qolmagan. Sababi telefonlar kattalashib-kattalashib-kattalashib... oradagi tafovutni yo‘qqa chiqardi hisob.

Oradagi farqning yo‘qqa chiqqani bois «fablet» tushunchasi ham ahamiyat kasb etmay qo‘ydi. Sababi «fablet» (ing. «phablet») so‘zi inglizcha «phone» («telefon») va «tablet» («planshet») so‘zlaridan olingan. Hozir deyarli istalgan barcha smartfonni fablet deb atash mumkin. Shuning uchun, «fablet»lar g‘oyasi deyarli yo‘qqa chiqdi yoki, to‘g‘riroq qilib aytsak, barcha smartfonlarga qorishib ketdi.

Ammo aynan nima uchun smartfonlar bunchalar kattalashib ketdi? To‘g‘ri, katta smartfonning afzal tomonlarini tan olmasdan iloj yo‘q — video tomosha qilish yanada maroqli kechadi, o‘yin o‘ynash jarayoni yanada zavqli bo‘ladi va h.k. Texnik tomondan olib qarasak, katta smartfonga qo‘shimcha apparat ta’minoti, masalan, ko‘proq kamera linzasi va 5G modem o‘rnatish mumkin bo‘ladi, katta korpus ichiga kattaroq akkumulyator joylasa ham bo‘ladi. Ammo mana shu akkumulyator masalasi xuddi «Tovuq yoki Tuxum» topishmog‘iga o‘xshaydi: ekran katta bo‘lganidan keyin akkumulyatorni ham kattalashtirmasdan iloj qancha!?

Yana bir jihat. Hozirgi smartfonlarda Bir qo‘lli boshqaruv funksiyasi bor. Kompaniyalar o‘z smartfonlarini bir qo‘lda boshqarish oson bo‘lishi uchun ko‘p urinishyapti (masalan, tugmachalar va bildirishnomalar panelini pastki tomonga ko‘chirish bilan). Ammo bir o‘ylab ko‘ring-a, Bir qo‘lli boshqaruv funksiyasini qo‘shish «Biz ishlab chiqargan smartfon shunchalar kattaki, aslida uni bir qo‘lda boshqarish qiyin», deb tan olish emasmi?

Yana bir jihatni esdan chiqarmaylik. Smartfonlar nafaqat bo‘yiga o‘sib ketdi, balki ayni damda eniga ham ingichkalashib ketdi. Hozir 3 dyuymdan kengroq enlik smartfonni topishingiz qiyin. Qiyos uchun olaylik: Galaxy S20 Ultra eniga 2.99 dyuymni tashkil qiladi, ilk Galaxy Note esa 3.27 dyuym enga ega edi.

Smartfonsozlar smartfonlar kulgili darajada katta ko‘rinishini xohlashayotgan ekan, nega, unda, kichkina smartfon ishlab chiqarishmaydi — shunda o‘rtacha smartfonlar ham qiyosan katta ko‘rinar edi. Sanoatga doir saytlar, sahifa va forumlardagi izohlar bo‘limiga qarasangiz, kichik hajmli Android smartfon topa olmay xunob bo‘lganlar «aza»siga guvoh bo‘lasiz.

Ammo Apple bilan vaziyat boshqacha. Apple ishqibozlari ixtiyorida iPhone 8 bor. Bu qurilma butun dunyo bo‘ylab juda xaridorgir. iPhone 8 2018 yilning eng ko‘p sotilgan smartfoni nomini qozonib, IHS Markit ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda ham eng ko‘p sotilgan mobil qurilmalar reytingida yettinchi o‘rinni egallagan.

Vaholanki, eng katta Android smartfon kompaniyalari mahsulotlari orasida iPhone 8 hajmidaqa smartfon topa olmaysiz. Faqat Pixel 4'ni kichik smartfon deyish mumkin. Sony ham Compact lineykasidagi smartfonlar chiqarayotgandi, ammo bu ham to‘xtatildi. Aftidan, kichik uning smartfonlarini hech kim xarid qilmagan. Savdolar barbod bo‘lganiga ikkita sabab bo‘lishi mumkin: 1. Hozir hech kim kichik Android smartfon xarid qilmay qo‘ygan. 2. Hozir hech kim Sony smartfonlarini xarid qilmay qo‘ygan. Ehtimol, ishlab chiqaruvchilar kichik smartfonlar bozori chaqqon bo‘ladi deb o‘ylaganda, bunday qurilmalarni ko‘proq ishlab chiqarardi. Samsung'ning oxirgi yillarda chiqqan kichikroq smartfoni Galaxy S10e bo‘ldi.

Xulosa o‘zingizdan. Bizga kichik smartfonlar yoqadimi yoki hajm ahamiyatli jihat emasmi? Galaxy S20 Ultra maksimal darajada katta smartfonmi? Smartfonlar bundan buyon boshqa kattalashmaydimi? O‘z fikr va mulohazalaringizni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda qoldiring.

O‘QING: 5G-smartfonlar uchun Samsung yangicha OLED-displey taqdim etdi va uni Galaxy Note 20 Ultra’da qo‘llaydi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!