Smartfonni bitta qo‘lda boshqarish uchun qulay menyu – Swiftly Switch

  •   DiMaX
  •  3134
  •  31.05.2017 12:29

Smartfonni bitta qo‘lda boshqarish uchun qulay menyu – Swiftly Switch

Katta o‘lchamli smartfonlar davrida ularni bitta qo‘lda boshqarish qiyin, ayniqsa, kaftingiz kichkinaroq bo‘lsa. Aksiga olib, smartfonlardagi boshqarish unsurlari ekranning tepasida (holat qatori) hamda pastida (navigatsiya tugmachalari) joylashgan.

Biroq endi bu muammoni hal etuvchi ilova – Swiftly Switch ishlab chiqildi. Uni qurilmangizga o‘rnatib olgach, siz ikkinchi qo‘lni ishga solmasdan turib ham smartfon ekranida istalgan harakatni bajara olasiz. Buning uchun Swiftly Switch ekranga maxsus doirasimon menyu qo‘shib qo‘yadi; uni esa bosh barmog‘ingiz bilan ekranning o‘ng chekkasidan o‘rtaga surish orqali chaqirasiz.

Swiftly Switch doirasimon menyusi ikkita darajadan iborat. Birinchi darajadagi belgichalar orqali ayni damda ishlayotgan ilovalardan istagan biriga o‘tishingiz mumkin.

Agarda bosh barmog‘ingizni ekran chetidan surib sal uzoqroqqacha olib borsangiz, unda Swiftly Switch ikkinchi daraja – navigatsiya tugmachalarini chiqarib beradi. Ular yordamida osonlik bilan bir qadam orqaga qaytish, ish stoliga o‘tish, bildirishnomalar panelini ochish va boshqa amallarni bajarish mumkin. Qulay jihati – mazkur tugmachalar tarkibi va joylashuvini sozlasa bo‘ladi. Demak, ularga aynan sizga ko‘p kerak bo‘ladigan harakatlarni bog‘lab qo‘yishingiz mumkin.

Shuningdek, ilova sozlamalari orqali boshqa jihatlarini ham o‘zgartira olasiz. Masalan, ekranning qayeriga teginganda Swiftly Switch menyusi chaqirilishini, uning tashqi ko‘rinishini, jumladan, rangi va shaffoflik darajasini sozlasa bo‘ladi.

Swiftly Switch dasturi bepul bo‘lib, u Android 4.4 va undan keyingi versiyalardagi smartfonlarda ishlaydi. Biroq ilovaning ayrim opsiyalari, masalan – ekranning turli chekkalarida har xil menyular chiqarish kabilar bloklangan. Ularning barchasi ishlashi uchun esa to‘liq versiyasini xarid qilishga to‘g‘ri keladi. Bepul versiyasini mana bu havola orqali qurilmangizga o‘rnatib olishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!