Smartfonlar lazer nuri yordamida simsiz quvvatlanishi mumkin

Smartfonlar lazer nuri yordamida simsiz quvvatlanishi mumkin

So‘nggi yillarda jahon miqyosida, ayniqsa axborot texnologiyalari, xususan apparat ta’minoti mahsulotlarining jadal rivojini kuzatish mumkin.

Jumladan, smartfon, planshet, smart-soat hamda boshqa mobil elektron qurilmalarning quvvat samaradorligini oshirish yo‘nalishida yangi ixtiro va ishlanmalar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, uzoqqa yetadigan va tezkor quvvat oladigan akkumulyatorlarni ishlab chiqarish IT-sanoatidagi ishlab chiqaruvchilarning bosh maqsadiga aylangan.

Garchi, so‘nggi o‘n yillikda bu yo‘nalishda katta izlanishlar olib borilayotgan bo‘lsa ham, ixcham va uzoqqa yetadigan o‘ta ilg‘or akkumulyatorlar ishlab chiqarishga erishilgani yo‘q. Hozirgi ko‘rinishdagi akkumulyatorlarni katta quvvat bilan to‘ldirish va uzoq vaqt foydalanish imkonsiz.

Shunday bo‘lsa ham, yangilik va innovatsiyalar bor. Hozircha akkumuyaltor texnologiyasi bilan bog‘liq so‘nggi yangilik sifatida grafen akkumulyatorni aytish mumkin. Bunday akkumuyaltorlar o‘z quvvatini 20 daqiqa ichida to‘ldiradi.

Oxirgi vaqtlarda tezkor quvvat oladigan akkumuyaltor hamda akkumulyatorlarni tezkor quvvatlash texnologiyalarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bir vaqtlar smartfonlarning "quvvat toshlari"ni bir soatda to‘ldirish fantastika bo‘lib tuyilgan bo‘lsa, ayni paytda bu -- haqiqat.

Vashington universitet (AQSh) muhandislari bu texnologiyani yanada boyitishga erishishdi. Unga ko‘ra endi xohlagan elektronika vositasini simsiz quvvatlash mumkin. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yangi ishlanma orqali ular smartfonni lazer nuri yordamida tezkor quvvatlashga muvaffaq bo‘lganlar.

Buning uchun olimlar tomonidan maxsus lazer qurilmasi ishlab chiqarilgan. So‘ng quvvat olishi kerak bo‘lgan smartfonning orqa paneliga yupqa akkumulyator o‘rnatishgan. Bu akkumulyator lazer nurini tutib qolish hamda olingan energiyani quvvat olayotgan smartfon yoki elektronika devaysi akkumulyatoriga uzatish qobiliyatiga ega.

Mazkur texnologiya yordamida elektron gadjetlarni lazer yordamida uzoq masofadan turib ham quvvatlash mumkin ekanini isbot qildi. Olimlar lazer nuridan tarqaydigan issiqlikdan ham samarali foydalanish maqsadida, mobil qurilmaga maxsus metall plastinalar o‘rnatishgan. Natijada, smartfon uzluksiz quvvat to‘plash imkoniga ega bo‘lgan.

Lazer nuri to‘silishi bilan quvvatlash qurilmasi o‘z ishini to‘xtatadi. Bu esa insonlarni bu nurdan himoya qilinishiga zamin yaratadi. Nazariy jihatdan lazer yordamida smartfonlarning quvvat olish tezligi bugungi natijani takrorlashi mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!