Snapchat kamerali ko‘zoynaklarni namoyish etdi

Snapchat kamerali ko‘zoynaklarni namoyish etdi

Mashhur Snapchat tarmog‘i o‘zining ilk gadjetini namoyish qildi. Kameralar bilan jihozlangan Spectacles ko‘zoynaklari keyingi oyda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ko‘zoynaklarni 130 AQSh dollari evaziga xarid qilish mumkin. Kamerali ko‘zoynaklar bir xil o‘lchamda va 3 ta rangda (qora, zangor, korall) ishlab chiqariladi.

Ko‘zoynak orqali videoni yozib olish uchun gadjetdagi tugmani bosish kifoya. Hozircha faqat Snapchat ilovasida bo‘lganidek, ko‘zoynak kameralarida 10 soniyali videolarni yozib olish mumkin. Shundan keyin simsiz aloqa orqali rolik foydalanuvchining smartfoniga uzatiladi va uni mashhur tarmoqda ulashish mumkin bo‘ladi.

tqe4tyvk

Ko‘zoynakka 115 gradusli ob’yektiv o‘rnatilgan bo‘lib, u aksariyat smartfonlar va fotokameralarnikiga qaraganda kengroq burchakka ega. Snapchat bunday kameralar odamning ko‘rish burchagiga ancha yaqinligini aytmoqda. Hozircha bunday roliklar tarmoqda qanday formatda namoyish etilishi noma’lum. Biroq video kengaygan burchakda yozilganini hisobga olsak, ilova undagi faqat zaruriy qismlarni ko‘rsatishini taxmin qilish mumkin.

Internet tarmog‘iga joylangan videoda foydalanuvchi videoni tomosha etish vaqtida uning mo‘ljalini gorizontaldan vertikalga o‘zgartirishini ko‘rish mumkin. Mazkur ko‘zoynaklar hozircha chegaralangan adadda ishlab chiqariladi.

Snapchat tarmog‘ida ayni vaqtda 150 milliondan ortiq odam foydalanadi, kompaniyaning birja fondidagi qiymati bir necha milliard dollarni tashkil etadi. Shularni hisobga olsak, mazkur ko‘zoynaklar ancha xaridorgir bo‘lishini ikkilanmay aytish mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!