Snapdragon 865 chipida ishlovchi, 50MP asosiy kamerali Oppo Reno5 Pro+ smartfoni taqdim qilindi

Snapdragon 865 chipida ishlovchi, 50MP asosiy kamerali Oppo Reno5 Pro+ smartfoni taqdim qilindi

Oy boshida Reno5 va Reno5 Pro smartfonlarini taqdim qilgan Oppo kompaniyasi mana endi Reno5 Pro+ modelini alohida marosim o‘tkazib namoyish etdi.

Qurilma 6.55 dyuym diagonalli AMOLED panelga ega bo‘lib, ekran rezolyutsiyasi 1080x2400 pikselni tashkil etadi. Tomonlari nisbati 20:9 bo‘lgan displeyning yangilanish chastotasi 90Hz ga teng. Sensorning sezgirlik darajasi ham o‘rtachadan biroz yuqori — 180Hz. Smartfon ekranining eng muhim jihatlaridan biri shuki, uning maksimal yorqinlik darajasi 1,100 nitga yetadi.

Qurilma 8/128GB yoki 12/256GB hajmli UFS 3.1 xotirasi hamda Snapdragon 865 chipseti bilan jihozlangan. microSD kartasi qo‘llab-quvvatlanmaydi.

Kamera jamlanmasi ham smartfonning boshqa jihatlariga mos. Sony'ning yangi 50MP IMX766 (1/1.56" o‘lchamli) sensori f/1.8 apertura va tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyatlariga ega. Telefoto kamerasi 13MP rezolyutsiyaga ega, f/2.4 apertura bilan jihozlangan, biroq zum haqida ma’lumot berilmagan.

Orqa paneldagi qolgan ikki kameraning biri 16MP f/2.2 ultrakeng kamera bo‘lsa, ikkinchisi 2MP f/2.4 makro kameradir. Old tomonga 32MP f/2.4 selfi kamera qo‘yilgan.

Smartfon quvvati haqida qayg‘urmasangiz ham bo‘ladi, sababi Reno5 Pro+ ga 4,500 mAs akkumulyator o‘rnatilgan. SuperVOOC 2.0 quvvatlash texnologiyasi esa 65 Vt quvvat yetkazib beradi. Simli teskari zaryadlash funksiyasi ham bor.

E’tiborga molik yana bir jihat Android 11 asosidagi ColorOS 11 qobiq dasturidir. Smartfon korpusi premium toifada bo‘lib, shisha va alyuminiydan ishlangan. Qurilmaga Dolby Atmos sozlamali stereodinamiklar, rang spekti sensori va tezkor ekranosti barmoq izi skaneri o‘rnatilgan.

Hozircha, smartfon faqat Xitoyda sotuvga chiqadi. Oldindan buyurtmalar 18-yanvardan, sotuvlar esa 22-yanvardan boshlanadi. Qurilmaning 8/128GB bazaviy versiyasini taxminan 610 dollarga, 12/256GB talqinini esa 690 dollar atrofiga sotib olish mumkin. Smartfon qora va ko‘k ranglarda mavjud bo‘ladi.

O‘QING: Oppo Reno4 Z 5G'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishing

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!