Sony smartfon hajmidagi proyektor taqdim qildi

Sony smartfon hajmidagi proyektor taqdim qildi

CES 2018 yaponiyalik ishlab chiqaruvchi Sony uchun ham samarali keldi. Kompaniya bir nechta qiziqarli elektron qurilmalarni taqdim qildi. Ular orasida, ayniqsa, 30 000 dollarlik 4K proyektor narxi bilan sizniqo yil qoldiradi. Bu qurilmani devorga yaqin qo‘yib ham tasvirni tushirish mumkin.

Yapon muhandislari, shuningdek proyektorning jajji nusxasini ham yaratishdi. Uning kattaligi bugungi kungi smartfonlarni eslatadi. Bu gadjet yordamida devorga diagonali 3 metr keladigan tasvirni tushirish mumkin.

Sony MP-CD1 deb nom olgan bu proyektor vazni 280 gramm. Uning o‘lchamlari quyidagicha: 8 x 14 x 1,6 sm. Devays alyuminiy korpus bilan ta’minlangan.

Proyektorning tag-kursisi qulay uslub va dizaynda. Misol uchun, uning yordamida karavotda yotgan holatda tasvirni shiftga ham tushirish mumkin.

Sony mazkur proyektorni ishlab chiqarish jarayonida asosiy muammo proyektorning katta miqdorda issiqlik chiqarishi bo‘lganini qayd etdi. Shu bilan birga, sovutish tizimiga mas’ul kulerning ovozi ham ishlab chiqarish jarayonida bosh to‘siqlardan biri bo‘lgan. Biroq, tadbirkor yaponlar bu muammolarga yechim topganlar.

Proyektor tasviri aniq-tiniq bo‘lishi uchun uni yuzadan 3,5 metrlik masofaga o‘rnatish kerak. Shunda diagonali 3 metr (120 dyuym) bo‘lgan tasvir hosil bo‘ladi. To‘g‘ri, surat sig‘imi hozircha 854 ga 480 pikselni tashkil qiladi. Biroq, proyektor real vaqt davomida tasvirning aniqligi va yorqinligini ta’minlashi mumkin.

Agar tasvir aks ettirilayotgan yuza nishabroq bo‘lsa, gadjetdagi maxsus algoritm bu muammoni avtomatik ravishda tezda to‘g‘irlaydi va tasvir to‘g‘ri gavdalanadi. 105 ANSI-lyumen darajasidagi yorug‘lik bilan proyektor bir quvvat bilan 2 soat ishlay oladi.

Bonus sifatida, proyektordan mobil qurilmalarni quvvatlaydigan poverbank sifatida ham foydalanish mumkin.

Video tasvir boshqa qurilma yoki manbada joylashgan bo‘lsa, u bilan proyektorni HDMI porti orqali ulash mumkin. Bu proyektorga hatto PlayStation 4 o‘yin konsolini ham ulash, ulkan ekranda video o‘yinlarni o‘ynash mumkin. 3,5 millimetrli audio tuynuk orqali esa proyektorga ovoz uzatish tizimlarini ulash mumkin. Proyektor 5 sekund ichida ish boshlaydi.

Sony MP-CD1 deb nom olgan bu proyektori bahorda, 400 dollar bahosida sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!