«Sparta: Imperiyalar urushi» elektron o‘yini: tavsif, tavsiyalar

«Sparta: Imperiyalar urushi» elektron o‘yini: tavsif, tavsiyalar

Sparta davlati jahon tarixiga biror faylasuf, san’atkor yoki rassom tuhfa qilgan emas. Ammo u o‘zining mard va jasur, tanida kuch-qudrat jo‘shgan pahlavon jangchilari bilan mashhur. Ularning “Bu – Sparta!” degan hayqirig‘i qarshisida hattoki ko‘pchilik kuchli deb bilgan ingliz aktyori Jeyson Stethem o‘ynagan obraz yoki «5 element» qahramoni Diva ham o‘zini yo‘qotib qo‘yishi aniq.

Brauzer, mobil va ijtimoiy elektron o‘yinlari bilan mashhur Plarium Global Ltd. xalqaro kompaniyasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2014 yilda taqdim etgan «Sparta: Imperiyalar urushi» elektron o‘yini ijodkorlari «300 spartalik» filmining bosh rol ijrochisi Jerard Batlerdan ilhomlangan bo‘lishsa ajab emas. Ammo o‘yin filmdan ham ko‘ra ommalashib ketdi.

O‘tmishdagi tarix

O‘yin yaratuvchilari uning syujeti va nomi haqida ko‘p ham bosh qotirib o‘tirmadilar va Sparta tarixiga oid qo‘lyozma, kitoblarga bir qur nazar tashlab quyidagi rivoyatni yaratdilar. Miloddan avvalgi 5-asr, Qadimgi Yunoniston. Battol va qudratli Fors shohi Kserks butun borliqni zabt etib, jahonning har qarichini o‘z izmiga bo‘ysundirish uchun lashkar tortadi. Yerni bu qonxo‘r zulmidan himoya qilish qahramon zimmasiga, ya’ni o‘yinda yo‘lboshchi rolini o‘ynayotgan sizning zimmangizga yuklanadi. Sizga qirol Leonidning o‘zi vaziyat yuzasidan maslahat va tavsiyalar berib boradi.

O‘yin qoidalari

Agar siz mohir geymer bo‘lsangiz, jumladan «Might and Magic Heroes» (Orzu va afsun qahramonlari) yoki «Rules of War: Nuclear Strategy» (O‘yin qoidasi: Yadro strategiyasi) kabi elektron o‘yinlarni o‘ynashda tajribaga ega bo‘lsangiz, bu o‘yinni ham ko‘z yumib o‘ynay olasiz. Agar mulohazali bo‘lsangiz, qirol Leonid sizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, sizni “Yulduzlar jangi”ning qahramoni singari o‘z quvvatini yo‘naltirish qobiliyatiga ega qiladi. Aks holda, ko‘p gapirsangiz, u sizni jarga uloqtiradi.

Birinchi navbatda o‘z shaharchangizni bunyod eting. Quruvchilarni sotib oling. Sizda 4 nafar usta-duradgor sotib olish imkoni bo‘ladi. Shunda sizning shaharchangiz tezroq quriladi.

Navbatdagi muhim qadam Germesning qurbonlik mehrobini qurish bo‘lsa, maqsadga muvofiq. Bu esa 1000 tangaga tushadi. Keyinchalik uning uchun sizga bronza va 5 foiz yog‘och berib boriladi.

O‘yindagi har bir aksiya va bonusdan foydalaning. Ayniqsa, o‘yin avvalida sizga chegirma taklif qilinadi. Undan foydalaning. O‘yindan huzurlanish istagingiz bo‘lsa, buning uchun mablag‘ tiking.

«Sparta»da 3 ta shaharchani egallab, ularni resurslariga egalik qilish mumkin. Shaharchani zabt etgach, u yerga katta miqdorda armiyani qoldirmang. U yerda kuchsizroq kam sonli armiyani qoldiring. Ayniqsa, hujumkor qo‘shinni qoldira ko‘rmang. Aks holda, undan ajralib qolasiz. Yaxshisi, shaharchada 10 nafar josusni qoldiring. Qolgan askarlarni Akropolda saqlang.

Ko‘pchilik geymerlarga xos xato shuki, biror polisni qo‘lga kiritishi asnosida ular avval kuchsiz keyin kuchli qo‘shinni shaharga yuboradilar. Kuchsiz askarlar bo‘sh shaharni egallab oladi va madad kuchi sifatida yetib kelgan kuchli virtual qo‘shin shaharga kelishi bilan g‘anim Akropolga yashiringan armiyasini chiqarib, shaharni egallagan armiyani tor-mor qiladi. Shunga diqqatli bo‘ling.

Rim ham bir kunda qurilmagan. Spartani bunyod etish esa bundan ham uzoq vaqt hamda jiddiy mas’uliyatni talab qilgan. O‘yinda 4 ko‘rinishdagi resursdan foydalanilgan: yog‘och, don-dun, bronza va tangalar. Dastlabki uch resursga ega bo‘lish juda oddiy: taxta tilish ustaxonasi, dehqonchilik fermasi hamda temirchilik ustaxonasini tashkil etish zarur bo‘ladi. Shu orqali zahira miqdori oshib, vazifa uddalanadi. Ammo tangalar ishlab topish uchun ter to‘kish kerak: Leonidning shart va istaklarini bajarib, o‘yin qahramonini tobora takomillashtirib borish orqali tangalarga ega bo‘lish mumkin.

Oltin tangalarga eng yaxshi jang qiladigan harbiylardan sotib olish hamda inshootlar qurish kerak. Biroq, to‘g‘ri va ko‘chma ma’noda ham saxiylik qilishga ham to‘g‘ri keladi: qo‘shimcha virtual mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirish, boshqa davlatlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish, armiyani kengaytirish uchun mohir siyosatchi va malakali iqtisodchi bo‘lish kerak.  Shuningdek, virtual o‘yinda kuchlilar bilan do‘st bo‘lish kerak.

Misol uchun, Qadimgi Yunonistonning Akanf shahrida davlatning eng mohir nayza otuvchilari sotilsa, Kritdan o‘tkir ko‘z kamonbozlarni xarid qilish mumkin. O‘yinda jami 30 dan ziyod obrazdagi harbiy obraz ishtirok etgan: qurollangan yunon piyodalari, qo‘rqmas maxluq – mirmidon, makedoniyalik chavandozlar va o‘yin bosh qahramonlari bo‘lmish sparta jangchilari.

Jangchilarning mushaklari yanada kuchga to‘lishi, mushti zarbdor bo‘lishi uchun mashg‘ulotlar oromgohini tashkil etish kerak bo‘ladi. U yerda askarlar o‘zaro bellashib, kuchga to‘ladilar. Agar jangchilaringni mayib bo‘lishlarini tomosha qilishni istamasang, qo‘lingga nayza olda raqiblarga qarshi jang qil.

Bu armiyani olg‘a boshlash, qo‘shimcha tajribaga ega bo‘lish va harbiy taktikani o‘rganish uchun ayni muddao. Ammo ilk g‘alabalardan ruhlanib ketib siz qudratli Fors davlat bilan kurashayotganingizni ham unutib qo‘ymang. Jasur forslar ham kutilmaganda ular ulkan maxluqlarida sizga hujum qilib qolishlari mumkin.

O‘yin o‘ynayotganda shaharni o‘rab olish taktikasi qancha ko‘p qo‘llansa, dushmanning qo‘qqis hujumi ham shu qadar ko‘payadi. Bu xuddi “Qahramonlar” o‘yinidagi holatga o‘xshab ketadi, to‘g‘rimi? Shuningdek, o‘yinda shaharni zabt etishning “Bunt”, “Kolonizatsiya”, “Hujum”  kabi 4 usuli taklif etiladi.

Ittifoqdoshlar

Modomiki nima qilarini bilmay zerikib o‘tirgan xonadosh yoki qo‘shningiz bo‘lsa, ularni ham o‘yinga qo‘shib oling. Buning uchun ishlab chiqaruvchilar “Ittifoq” tashkil etishgan va u yerga siz o‘zingiz istagan geymerlarni qo‘shishingiz mumkin. Aytishadi-ku, bir kalla – kalla, ikki kalla – tilla! Kserksga qarshi yo‘naltirilgan shamshir soni qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Bu o‘yinni yanada qizitadi.

4

«Sparta: Imperiyalar jangi» o‘yinida geymer qancha ko‘p bo‘lsa, u shuncha qiziqarli tus oladi. Qasrda o‘tirib davlat siyosatini takomillashtirish, jangga esa ittifoydoshlarni tushirib, front ortida ularni qo‘llab-quvvatlab turish mumkin.

So‘ngra maxfiy jamiyat tuzib, unga yo‘lboshchilik qilish, dushmanning sir-asrorini bilib unga ichki zarba berish ham mumkin. Yoki jangga qilich ko‘tarib spartaliklarga xos ruhda ochiqcha kirish kerak.

Bu telbalik emas, bu – Sparta taqdiri uchun jang!

Agar geymer o‘yinda ochiqcha jang taktikasini qo‘llasa, shuni unutmaslik kerakki, Kserks ustidan g‘alaba qozonish va Yunonistonni boshqarish uchun unga uzoqni ko‘zlagan strategiya va kuchli armiya kerak bo‘ladi. Kinodagi kabi, buning uchun 300 ta askar kamlik qiladi.

Mazkur elektron o‘yinda 4 turdagi harbiy qo‘shin mavjud. Ularning har biri jang mahalida o‘zining vazifasini bajaradi.

Yengil piyodalar biror qo‘rg‘onni bosib olishda ishtirok etish barobarida josuslik ham qilishadi; og‘ir qurollangan piyodalar esa o‘tkir qurollarni dushmanga uloqtiradilar; nayza va qalqon bilan ta’minlangan falanga, ya’ni jips safga tizilgan ko‘p qatorli piyoda askarlar dushman armiyasini yorib kiradi; sipohiylar esa mudofaani ta’minlab, asosan armiyani himoya qiladilar.

Shuningdek, siz virtual armiyaga yollanma jangchilarni ham jalb qilishingiz mumkin. Jangovar filbonlar, afsonaviy jangovar amazonkalar, chempion va kapitanlar, tug‘dorlar sizga muzaffar qozonishingizga yordam beradilar. Va, buning uchun pul kerak, albatta.

O‘yin tom ma’nosi nimadan iborat?

Ana endi yuqoridagi fikrlarni umumlashtirsak. O‘yinning eng katta yutug‘i – unda real hayotga juda o‘xshash grafik-tasvirlardan foydalanilgani, unga professional darajada ovoz va musiqiy iqlim berilgani. Aytgancha, uning musiqalari elektron o‘yinlar sanoatining mashhur bastakori Yespera Kyuda tomonidan bastalangan.

Siz o‘yin o‘ynash chog‘ida ruhiy orom olasiz, o‘zingizdagi liderlikka xos ko‘nikmalarni kashf qilasiz, tarix bilan yuzma-yuz bo‘lasiz.

Rassomlar sa’y-harakati evaziga geymerlar o‘zlarini ot-arava hamda suvoriylar yurayotgan, dalada ishlayotgan dehqonlar, goh-goh maysa uzib kavshayotgan otlar manzarasi aks etgan jonli shahar qo‘ynida his qiladilar. Shahar, xarita hamda undagi har bir detal, hattoki shahar farovonligi uchun xizmat qilish o‘rniga bekor o‘tirgan odamning holati ham aniq-tiniq namoyon bo‘ladi. Qolaversa, qadimiy yunon turmush tarzining nafasi ufurib turgan musiqiy muhit sizni maftun qiladi.

Tarixiy jihatdan esa qurol-aslahalar mahorat bilan va o‘ziga xos ko‘rinishda yaratilgan. Ularning tarixchilar bilan hamkorlikda ishlangani ko‘rinib turibdi. Yana bir ahamiyatli jihati – harakatlanish erkinligi. Urushni istamagan kishi qasrda o‘tirib, jang qilayotgan armiyani moddiy va ma’naviy qo‘llashi mumkin.

Facebook «Sparta: Imperiyalar jangi»ni 2014 yilning eng yaxshi elektron o‘yini sifatida e’tirof etgan. O‘yinda ko‘p foydalanuvchilar ishtirok eta olishi, o‘yinning uzoq davom etishi va aqliy salohiyatni ham talab etishi uning ishqibozlari sonini oshishiga xizmat qilmoqda. Dunyoni qutqarish uchun hamma sharoit bor, sizdan esa chinakam mard va afsonaviy spartalik bo‘lish talab etiladi.

O‘yinni brauzer orqali o‘ynash.