Startap: LeBazar.uz – xarid jarayoniga innovatsion yondashuv

Startap: LeBazar.uz – xarid jarayoniga innovatsion yondashuv

Ma’lumki, onlayn-do‘konlar bugunga kelib biznes-jarayonlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bunday do‘konlar orqali uyingizdan chiqmasdan xaridlarni amalga oshirishingiz mumkin. Mahsulotlarni esa maxsus kompaniyalar sizga yetkazib beradi. Terabayt.uz yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan ana shunday loyihalardan biri – LeBazar.uz startapi haqida Lean Trade Solutions kompaniyasi rahbari Dilshod O‘lmasboyev bilan suhbatlashdi.

– Dilshod aka, yaqinda siz va jamoangiz tomonidan LeBazar.uz servisi ishga tushirildi. Ayting-chi, loyihaning mazmuni nimadan iborat?

– Biror supermarket yoki supermarketlar tarmog‘i uchun mustaqil tarzda onlayn biznesni yo‘lga qo‘yish murakkab jarayon. Bunga sabab onlayn va oflayn biznesdagi tafovutlardir. Bundan tashqari, onlayn biznes har doim ham muayyan supermarket uchun kutilgan daromadni keltirmasligi mumkin. Chunki onlayn biznesni yo‘lga qo‘yish uchun alohida xodimlar jamoasini ishga yollash, jarayonlarni boshqarish, reklama va ish uchun alohida mablag‘ ajratish talab etiladi. Garchi onlayn-savdo supermarketning brend sifatidagi o‘rnini mustahkamlasa-da, biroq unga moliyaviy tomondan ko‘zlangan daromadni keltiirmaydi. Hozirgi paytda O‘zbekistonda bir vaqtda barcha supermarketlar bilan ishlaydigan va shu orqali do‘konlarning sodiq xaridorlariga istalgan mahsulotni yetkazib beradigan servis mavjud emas. Bizning loyihamiz innovatsion usullar yordamida supermarketlarga ortiqcha xarajat va harakatlarsiz savdo hajmini oshirishga imkoniyat beradi. Supermarketlar o‘z biznesiga diqqatini yo‘naltirish mumkin, chunki bu ular uchun eng muhim vazifa hisoblanadi. Biz esa ushbu servisning rivojiga hissa qo‘shishga va xarid jarayonini supermarket uchun imkon qadar qulay va yoqimli etishga harakat qilamiz. Mijoz uchun Lebazar xaridga ketadigan vaqtni tejashga hamda supermarketga borish bilan aloqador noqulayliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Buning o‘rniga mijoz boshqa muhimroq ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkin. Biz esa uning o‘rniga xaridni amalga oshiramiz!

– Agar sir bo‘lmasa, startapni yo‘lga qo‘yish uchun shu kungacha qancha mablag‘ sarflandi?

– Umuman olganda startap byudjetini standartlashtirish oson emas. Startap – bu yangi biznesning boshlanish nuqtasi bo‘lib, unda faoliyat turini belgilaydigan va optimallashtiradigan innovatsion va texnologik qismlar ham ko‘zda tutiladi. Byudjet miqdori esa qaysi sohani tanlaganingizga bog‘liq. Lekin, shunisi aniqki, startap uchun ko‘p mablag‘dan ko‘ra inson resurslari ancha ahamiyatlidir. Chunki jamoa ayni paytda ishlab, pul topish o‘rniga startapga butun vaqti va imkoniyatlarini bag‘ishlaydi. Buni esa, tabiiyki, baholash juda qiyin.

– Loyihada qaysi innovatsion texnologiyalardan foydalanilgan?

– Ayni vaqtda O‘zbekiston bozorida innovatsion va texnologik yechimlar hisobiga faoliyatini optimallashtirgan MyTaxi – taksi xizmati, Arba.uz – oziq-ovqat va maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanadigan onlayn-do‘kon, PayMe –to‘lov xizmati singari bir qator loyihalar tashkil etilgan. Bizning platforma yuqoridagi barcha texnologiyalarni bir joyga jamlagan.

– Loyiha kelajakda qaysi muassasalar bilan hamkorlik qilishi mumkin?

– Avvalgi bosqichda biz supermarketlar bilan ishlashga va sifatli servisni yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz.

– Hozir loyihada nechta odam ishlaydi?

– IT-kompaniyalarda xodimlar soni 10 nafardan ortmaydi. Jamoaning asosiy qismini servis ko‘rsatuvchi boshqa tomonlarning ishini optimallashtirishga harakat qiladigan IT-mutaxassislar va kol-markaz xodimlaridan tashkil topadi. Kompaniyaning o‘sishi va buyurtmalarning oshishi sari bu miqdor kutilganiday keskin o‘zgarmaydi. Biz kompaniya ichida moliya va kadr resurslarini oshirmasdan masshtablanadigan IT-yechimlarni yaratamiz va oldimizdagi vazifalarni bizning loyihadan alohida tarzda ishlaydigan, biroq servis ishida bevosita qatnashadigan uchinchi tomonlar orqali amalga oshiramiz.

– Ayting-chi, startap faoliyati davomida qanday muammolarga duch keldingiz?

– Agar IT-startap realizatsiya haqida gapirsam, bunda eng asosiy muammo to‘g‘ri biznes-jarayonlarini tashkil etish hisoblanadi. Garchi startap g‘oyasi to‘g‘ri bo‘lsa-da, realizatsiya jarayonida ortga surib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Bunday muammolarni kompaniya hali o‘zgarishlarga moyil bo‘lgan vaqtda oldingi bosqichlarda hal etish kerak. Buning uchun jamoaga o‘zgarishlarga tezkorlik bilan javob qaytaradigan salohiyatli IT-mutaxassislarni jalb etish lozim. Masalan, mobil ilovalarni ishga tushirgan vaqtda, tezkorlik bilan bartaraf etish kerak bo‘lgan ko‘plab muammolar yuzaga keladi. Bozorda juda ko‘p analoglar mavjudligi bois iste’molchi dasturdagi noqulayliklarni yomon ko‘radi. Men chet el IT-kompaniyalari tomonidan yaratilgan mobil ilovalarni nazarda tutyapman.

Loyihani ishga tushirish vaqtida jamoa bozordan olingan ilk taassurot va fikrlarni tahlil qiladi, bunday paytda avvaldan o‘ylangan gipotezalar real holat bilan yuzma-yuz keladi, auditoriya esa jamoa a’zolari kutmagan shaklda mahsulotga munosabat bildiradi. Shuning uchun to‘g‘ri marketing strategiyasini tuzish, tezkorlik bilan qaror qabul qilish talab etiladi. Bunday paytda holatni teran tushunish kerak, chunki yaxshi taassurot qoldirish uchun ikkinchi imkon bo‘lmasligi mumkin.

– Onlayn-savdolarning O‘zbekistondagi istiqboli haqida nima deya olasiz? Bu yo‘nalishda qanday muhim xususiyatlarga e’tibor berish kerak?

– Rivojlangan mamlakatlarda onlayn tijorat deyarli har qanday tadbirkorlik faoliyatining ajralmas qismiga aylangan va bu tendensiya shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Bizda ushbu yo‘nalish o‘zining rivojlanish sur’atiga ega. Hukumatimiz ushbu sohani qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa o‘z navbatida iqtisodiyotning mazkur yo‘nalishi taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Har qanday biznesda bo‘lgani kabi bu yo‘nalishda ham tadbirkorlik, optimistik ruh va tahliliy fikrlash juda katta ahamiyatga ega.

– Suhbat uchun sizga tashakur. LeBazar loyihasiga muvaffiqiyat tilaymiz!

– Rahmat.