Sun'iy yo'ldosh orqali 2 tomonli xabar almashishni qo'llab-quvvatlaydigan ilk smartfonlar taqdim qilindi!

Sun'iy yo'ldosh orqali 2 tomonli xabar almashishni qo'llab-quvvatlaydigan ilk smartfonlar taqdim qilindi!

O'zining mustahkam himoyaga ega smartfonlari bilan tanilgan britaniyalik Bullitt Group kompaniyasi sun'iy yo'ldosh orqali to'g'ridan-to'g'ri xabar almashish imkonini beradigan dunyodagi ilk smartfonlar – CAT S75 va Motorola Defy 2 modellarini taqdim qildi. Ikkala smartfonlar ham deyarli bir xil xususiyatlarga ega, faqat ular boshqa-boshqa bozorlar uchun mo'ljallangan.

Smartfonlarni tanishtirishdan avval ularning o'ziga xos xususiyatiga to'xtalib o'tsak. Ushbu ikkala yangi telefonlar sun'iy yo'ldosh orqali boshqalar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqaga chiqish yoxud xabar almashish imkoni beradi. Apple'ning iPhone 14 smartfonlaridagi faqat favqulodda holatlarda sun'iy yo'ldoshga ulanish funksiyasidan farqli o'laroq, bu sizga uzoq joylardan istalgan odamga xabar yuborish imkonini beradi - xoh cho'lda bo'ling, xoh okean o'rtasida. Usti ochiq va osmon ko'rinib turadigan joyda bo'lsangiz bas, siz istagan odamingiz telefoniga xabar yubora olasiz. Ular esa xabaringizni oddiy SMS ko'rinishida qabul qilib olishadi, ya'ni ularga hech qanday ortiqcha qurilma yoki dasturiy ta'minot kerak bo'lmaydi. Agar ular sizga javob yozishmoqchi bo'lishsa, unda ular iOS va Android uchun mavjud bo'lgan bepul ilovadan foydalanishlari mumkin bo'ladi. Bularning barchasi MediaTek'ning yangi NTN chipi sharofati bilan. U Dimensity 930 chipsetiga ham o'rnatilgan.

Telefonlar 3 oylik Bullitt Satellite Messenger obunasi bilan keladi. Bu sizga sun'iy yo'ldosh orqali oyiga 30 ta to'g'ridan to'g'ri xabarlar yuborish imkonini beradi. Obuna tugaganidan so'ng ehtiyojingizga qarab boshqa obunalardan biriga a'zo bo'lishingiz mumkin. Ularning eng arzoni 5 yevro.  

CAT S75

Smartfonlarga qaytamiz. CAT S75 va Motorola Defy 2. Ikkala smartfonlar ham mustahkam himoyaga ega bo'lib, ular 1.8 m balandlikdan po'lat ustiga tashlash sinovidan hech qanday zararlarsiz o'tishgan. Shuningdek, smartfonlar IP68, IP69K va MIL SPEC 810H sertifikatlari bilan suv, chang va keskin yuqori haroratlarga (-30 dan 75 gradusgacha haroratda bir kungacha) chidamli yoxud ular bilan 5 meter chuqurlikdagi suv ostida ham yarim soatdan oshiqroq vaqt tasvirga olish ishlarini amalga oshirishingiz mumkin.

Bundan tashqari, ularning orqa tomoni Bullitt'ning mikrobga qarshi kumush ionlarini o'z ichiga olgan Hygiene+ bilan qoplangan. Bu esa sizga smartfonlarni sovun yoki spirtli salfetkalar bilan tozalash imkonini beradi. Shu bilan birga, smartfonlar yuqorida aytilgan sun'iy yo'ldoshli xususiyatga ega.

Motorola Defy 2

Texnik xususiyatlar ham ikkala smartfonlarda bir xil. 6.58 dyuymli FHD+ rezolyutsiyasida 120 gerts yangilanish tezligiga ega IPS LCD displey Corning Gorilla Glass Victus bilan himoyalangan. Qalin ramkalar bilan o'ralgan ekran yuqori markazida f/2.0 diafragmali 8 MP selfi kamera joylashgan. Orqa tomonda smartfondan bo'rtib chiqib turgan kamera oroli uchlik kamera tizimini o'z ichiga oladi. Ularning asosiysi 50 MP (f/1.8), ikkinchisi 8 MP ultra-keng, yana biri esa 2 MP makro kamera sensorlaridir. Qurilmalar 6 nanometrli MediaTek Dimensity 930 chipsetida 6 GB RAM va 128 GB xotira bilan Android 12 operatsion tizimida (13 va 14 ga yangilash mumkin) ishlaydi. Ularning 5000 mA/s batareyasini 15 Vt tezlikda simsiz zaryadlash mumkin. Qo'shimchasiga smartfonlarda ularning xotirasini kengaytirish imkonini beradigan microSD karta uyasi, orqa tomonda esa barmoq izi skaneri bor. Smartfonlar 171×80×11.9 mm o'lcham va 268 gramm og'irlikka ega.

CAT S75 faqat Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida 599 yevro narxda sotuvga chiqariladi. Motorola Defy 2 esa Shimoliy va Janubiy Amerika bozori uchun taqdim qilingan bo'lib, uning narxi 599 dollar.

O'QING: Hali taqdim qilinmagan Galaxy A34 va Galaxy A54 haqida barchasi!