So‘zlaydigan kitoblar

So‘zlaydigan kitoblar

Hayotning shiddat bilan o‘tishini ko‘pchilik oqar daryoga qiyoslaydi. Mana shu qisqa umr davomida inson uchun moddiyat bilan bir qatorda ma’naviy ozuqa ham kerak. Bunday ozuqani esa hech qanday vosita kitobchalik bera olmasligi barchamizga ayon. Ammo hozirgi tezkor davrda kitob mutolaasi uchun yetarlicha vaqt ajrata olmayotganimiz ham bor gap.
Zamon murakkablashgani sari og‘irimizni yengillashtiruvchi vositalar shuncha ko‘paymoqda. Aytaylik, audio kitoblar yordamida bir vaqtning o‘zida biror yumushni bajarish bilan birga turli yo‘nalishdagi asarlardan ham bahramand bo‘lish mumkin. Audio kitob – biror adabiyotning suxandon yoki aktyorlar tomonidan o‘qilgan hamda ovoz tasmasiga ko‘chirilgan nusxasi bo‘lib, dunyo miqyosida unga bo‘lgan talab kundan kunga ortib bormoqda.

Masalan, ulug‘ yoshga yetgan buvim uchun kitob mutolaa qilish birmuncha mushkul. Shu kungacha ularga o‘zlarini qiziqtirgan adabiyotlardan o‘qib berar edik. Ammo har doim ham vaqtimiz to‘g‘ri kelavermasdi. Hozir esa buvim istagan vaqtlarida “so‘zlaydigan” kitoblarni tinglashlari mumkin.

Bolaligimda oilaviy uzoq safarga otlansak, yo‘lda zerikmaslik uchun o‘zim bilan kitob olib ketardim. Ammo dadam transport vositasida kitob o‘qish ko‘z uchun zararli ekanini ta’kidlab, bunga ruxsat bermasdilar. Bugungi kunga kelib, audio kitoblar butun yo‘l davomida meni nafaqat zeriktirmaydi, balki, dunyoqarashimning yanada kengayishiga sabab bo‘ladi.

Aslida, ularni ommaviy transport vositalarida, sport bilan shug‘ullanish mobaynida, uyqu oldidan yoki uyda biror yumush bilan band paytimizda, kimnidir kutayotganimizda va shu kabi ko‘plab holatlarda ham tinglash imkoniyatiga egamiz. Suxandon 250 – 300 betdan iborat bo‘lgan kitobni o‘rtacha sakkiz-to‘qqiz soat ichida o‘qib tugatadi. Demak, audio kitoblar vaqtimizni tejashga ancha yordam beradi.

Ko‘zi ojizlar, o‘qishni bilmaydigan insonlar va bolalar uchun bu turdagi kitoblar haqiqiy sovg‘a bo‘la oladi. Audio kitoblar tarixiga nazar solsak, aslida, ular urushlar mobaynida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan insonlar uchun yaratilganiga (1931 yilda), keyinchalik bunday muammosi yo‘q odamlar orasida ham tarqalganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. O‘tgan asrning 80-yillaridayoq, g‘arb mamlakatlaridagi nashriyotlarga bosma kitoblar bilan birga audio asarlarni ham “chop etish” huquqi berilgan ekan. Hozir xorijdagi ko‘plab nashriyotlarda audio bo‘limlari faoliyat olib bormoqda.

Munisa QORABOYeVA, talaba:
– XXI asr – axborot texnologiyalari asri. Ma’lumotlar shunchalik ko‘pki, ularning barchasini o‘zlashtirib olishning imkoni yo‘q. Mana shunday bir davrda audio kitoblardan foydalanish tarafdoriman. O‘zim ham ularga tez-tez murojaat qilaman. Internetda deyarli istalgan barcha asarlarning rus yoki ingliz tilidagi ovozli nusxasini uchratish mumkin, biroq o‘zbek tilidagi audio adabiyotlar, afsuski, yetarlicha emas. Ularni iloji boricha ko‘paytirish joiz, deb hisoblayman. Negaki, yoshlar mazmunsiz qo‘shiqlar o‘rniga kelajakda asqotadigan asarlarni eshitib kamol topishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi…

Darhaqiqat, biz ham o‘zimiz istagan asarni ona tilimizda tinglash imkoniga ega bo‘lsak, qanday yaxshi! Qolaversa, audio kitoblarni ishlab chiqarish butun dunyo miqyosidagi eng daromadli yo‘nalishlardan biri ekanligi ham aniqlangan.
Shunga qaramay, bunday adabiyotlar bosma kitoblarning butunlay o‘rnini egallay olmaydi. Yaqinda Vaterlo universitetidagi bir guruh ruhshunoslar o‘z tadqiqotlari bilan buni isbotlashdi. Mazkur tadqiqotning 235 nafar ishtirokchisi bir asarni uch xil ko‘rinishda, ya’ni bosma, elektron hamda audio kitobdan foydalangan holda o‘qib chiqdi. Natijada, audio va elektron adabiyotga nisbatan bosma kitobdan olingan ma’lumotlar ko‘proq yodda saqlanishi, o‘quvchining diqqatini bir joyga jamlashga yordam berishi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, asardagi so‘zlarni qanday yozish kerakligini bilib olish imkoniyatining mavjud emasligi va zarur jumlalarni qalam bilan belgilab qo‘ya olmasligimiz ham audio kitoblarning kamchiliklari sanaladi.

Biroq so‘zimiz avvalida ta’kidlanganidek, audio kitoblarning afzalliklari ham bisyordir. Uzoq vaqt mobaynida kitob mutolaa qilish ko‘zni toliqtiradi, umurtqa pog‘onasining noto‘g‘ri shakllanishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Audio kitoblar esa bunday holatlarning oldini oladi. Ular, ayniqsa, bolalar uchun foydalidir. Audio formatdagi ertak kitoblarni tinglash orqali, bolaning eshitish qobiliyati shakllanadi, so‘z boyligi ortadi, qanday o‘qish kerakligini, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganadi, tasavvuri kengayib, kitobga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Audio adabiyotlar chet tillarini o‘rganishda ham katta yordam beradi.

Ba’zi ovozli kitoblar o‘sha asar muallifi tomonidan o‘qiladi. Tabiiyki, undan boshqa hech kim so‘zlarga aynan kerakli ohangni bera olmaydi. Chunki faqat muallif so‘z qaysi ma’noda ishlatilganini biladi. Bu esa asarni yanada yaxshiroq tushunishimizda ko‘mak beradi. Asar mazmuniga hamohang tarzda turli (yomg‘ir yog‘ishi, chaqmoq chaqishi yoki yoqimli musiqa kabi) tovushlar yangrab turadigan audiolar ham borki, ularni eshitish orqali asardagi voqealar ko‘z oldimizda gavdalanadi.

Yuqorida aytilgan xususiyatlarga egaligi uchun ham audio kitoblarni tinglash qanchalik yoqimli, qulay hamda foydali bo‘lmasin, yurtimizda bu turdagi kitoblar hali keng tarqalib ulgurganicha yo‘q. Ushbu vazifani amalga oshirishning fursati yetmadimikan?

Quyidagi podkastni tinglash orqali yurtdoshlarimizning audio kitoblar haqidagi fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

Dilshodabonu AVALBAYeVA

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!