Taqdim etilmagan Samsung Galaxy Note 8 foto va videoda ko‘rsatildi

  •   DiMaX
  •  1820
  •  22.05.2017 12:30

Taqdim etilmagan Samsung Galaxy Note 8 foto va videoda ko‘rsatildi

Xitoyning WEIBO mikro-bloglar saytida Samsung Galaxy Note 8 fabletining tashqi ko‘rinishi aks etgan surat joylandi, deb yozadi Ferra.Ru. Avvalroq mazkur modelning maketi Samsung Galaxy S7 bilan o‘zaro taqqoslangan videolavha ham e’lon qilingan edi.

Fotosuratdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Samsung’ning yangi fableti ob’yektivlari tikka joylashgan qo‘shaloq asosiy kameraga ega. Shuningdek, unda qo‘shaloq yorug‘lik-diodli chaqnoqqa o‘xshagan detal ham bor.

Qurilmaning orqa yoki old panelida ham barmoq izi skaneri yo‘qligi katta ahamiyatga ega. Demak, Samsung avvalgi modellarda uchragan – mazkur datchikni ekran ostiga joylashtirishga xalaqit bergan muammoni hal etgan ko‘rinadi. Kompaniya o‘zining Galaxy S8 hamda Galaxy S8+ modellarida barmoq izi skanerini orqa panelga – kamera yoniga joylashtirgan, zero, endi uni ekran ostiga joylab bo‘lmas edi.

Xabarlarga ko‘ra, Galaxy Note 8 ekranining diagonali 6,3 dyuym, uning akkumulyatori esa 3700 mA/soat sig‘imga ega bo‘ladi. Fabletning protsessori bo‘lsa ikki xil talqinda: AQShda sotishga mo‘ljallangan versiyasiga Snapdragon 835 chipseti, qolgan mamlakatlarda savdoga chiqariladigan versiyalariga esa Exynos 8895 SoC o‘rnatiladi.

Quyidagi videoda Samsung Galaxy Note 8 maketi Galaxy S7 bilan taqqoslanganini ko‘rishingiz mumkin:

PhoneArena nashrining yozishicha, Galaxy Note 8 modeli 1–6 sentyabrda Berlinda bo‘lib o‘tadigan IFA 2017 shousida taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Galaxy Note 8’ning suratlari avvalroq tarqab ketgan, DBS Designing studiyasi bo‘lajak ilg‘or gadjetning renderlarini tayyorlab, jamoatchilik e’tiboriga havola qilgan edi. Qurilmaning yangi avlod kamera innovatsiyasiga ega bo‘lishi haqida ham xabar berganmiz.