«Taroshlangan» Android’li Nokia 3310 (2018) modeli 4G’da ishlaydi

  •   DiMaX
  •  2854
  •  29.12.2017 19:06

«Taroshlangan» Android’li Nokia 3310 (2018) modeli 4G’da ishlaydi

2017 yilgi Mobile World Congress ko‘rgazmasida taqdim etilgan zamonaviy smartfonlardan ko‘ra Nokia 3310 (2017) telefoni ko‘proq e’tiborga sazovor bo‘lganidan xabaringiz bor. Ushbu qadimiy brendni «qayta tiriltirgan» HMD Global kompaniyasi bu telefonning ommabopligidan kelib chiqib, keyinchalik  uchinchi avlod – 3G uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi talqini bo‘lmish Nokia 3310 3G modelini ham ishlab chiqardi.

O‘QING: Yangi talqindagi Nokia 3310 taqdim qilindi

Bugun ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilda HMD Global mazkur telefonning yanada zamonaviy talqini – Nokia 3310 (2018) yoki Nokia 3310 4G rusumli qurilmasini ishlab chiqaradi. Bu telefon Android’ning ochiq chiqish kodi asosida yaratilgan YunOS operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi.

Mazkur qurilma haqidagi ma’lumotlar Xitoyning TENAA, ya’ni Telekommunikatsiyalar agentligida sertifikatsiyadan o‘tganida «qo‘lga tushgan». U yerda mazkur model TA-1077 nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan, deb yozadi Android Community nashri.

O‘QING: Putin jamoasi uchun maxsus shohona iPhone X va Nokia 3310 yaratishdi

Nokia 3310 (2018) tashqi ko‘rinishi jihatidan 2017 yildagi modeldan farq qilmaydi. Bu yangicha «g‘isht» telefonning oldingi ikkita «avlodi»dan farqi – to‘rtinchi avlod 4G uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashida va operatsion tizimidadir. Dastlab taqdim etilgan Nokia 3310 (2017) modeli 2G tarmog‘ida ishlaydi va Feature operatsion tizimiga ega. Uning 3G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan talqiniga esa s30+ operatsion tizimi o‘rnatilgan. Kelasi yili ishlab chiqariladigan yangi «trubka» esa YunOS tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. YunOS – nisbatan kuchsiz telefonlarga mo‘ljallab Alibaba tomonidan Android bazasida yaratilgan, «taroshlangan» operatsion tizimdir.

Bu degani – garchi Nokia 3310 4G tugmachali telefon bo‘lsa-da, unga biz zamonaviy Android-qurilmalarda ishlatishga odatlangan ayrim ilovalarni o‘rnatib, bemalol ishlatishimiz mumkin bo‘ladi. Faqat, tugmachali telefonning xususiyatlaridan kelib chiqib, ularda ma’lum bir cheklovlar bo‘ladi. Ehtimol, WhatsApp, Viber va Telegram singari eng ommabop ayrim ilovalarning bu kabi telefonlarga moslab «taroshlangan» talqinini ham chiqarishar.

O‘QING: Yangilangan Nokia 3310 haqida bilishingiz kerak bo‘lgan 8 ma’lumot

Hozircha Nokia 3310 (2018) telefonining qachon va qanday narxda bozorga chiqarilishi haqida ma’lumot yo‘q. Bu borada yangilik bo‘lishi bilan xabar beramiz – bizdan uzoqlashmang.

Nokia 3310 (2017) va bu brendning boshqa telefonlari esa yurtimiz bozorlarida sotilmoqda.

O‘QING: «Malika»da hamyonbop Nokia telefonlarining so‘mdagi narxlari (2017 yil 3 oktyabr)