Tas-IX — nima? “Tasiks” tarmog‘idagi foydali resurslar

Tas-IX — nima? “Tasiks” tarmog‘idagi foydali resurslar

Ayrim internet foydalanuvchilari .uz domenidagi va Tas-IX hududidagi saytlarni bir-biridan farqlay olmaydi. Aytish kerakki, sayt .uz domenida joylashsa ham, unga joylashtirilayotgan ma’lumotlar xorijdagi serverlarda saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday saytlarga kirish tashqi kanallar orqali kechadi.

Tas-IX esa O‘zbekistonning ichki internet tarmog‘i bo‘lib, ma’lumotlar mamlakat hududidagi serverlarda saqlanadi va ularga murojaat tashqi kanalsiz amalga oshiriladi. Navbatdagi maqolada Tas-IX`ning nimaligi, qaysi saytlar ushbu tarmoqda joylashgani, sayt yoki blog ochish istagida bo‘lganlar uni qanday qilib Tas-IX hududiga joylashtirish mumkinligi haqia ayrim tavsiyalar berib o‘tilgan.

Avvalo Tas-IX haqida. Ushbu tizim O‘zbekiston ichida internet-trafiklari almashish nuqtasi bo‘lib, tashkil etilganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Yaqin-yaqingacha o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari yurtimizdagi biror saytga kirmoqchi bo‘lsa, sayt serveri O‘zbekistonda joylashgan bo‘lsa ham, unga ulanish tashqi kanal orqali amalga oshirilar edi. Avval xalqaro tarmoqqa chiqar, so‘ngra yana ortga qaytardi. Yagona hisoblangan tashqi kanal hajmi cheklangan bo‘lib, u ikki barobar ko‘p band bo‘lgani sababli O‘zbekiston ichidagi saytlarga kirish ham juda sekin kechardi.

Shu bois 2004 yil 24 dekabrda Tas-IX tashkil etildi. Bunda Tas-IX atamasi «Tas» — Toshkent (Tashkent) hamda ingliz tilidagi «Internet eXchange Point», ya’ni «Internet almashinuv nuqtasi» so‘zlari qisqartmasidan olingan. Tas-IX ishga tushirilishi bilan ichki saytlar o‘rtasida ma’lumotlar almashish tezligi keskin ortdi. Endilikda Tas-IX hududida joylashgan saytlardagi katta hajmli kino, video roliklar, musiqalar, minglab dasturlarni bepul yuklab olish, onlayn tomosha qilish mumkin.

Aytish joizki, bugungi kunda 30 dan ziyod provayder Tas-IX tarmog‘ida internetdan bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etmoqda.

Terabayt.uz sayti e’tiboringizga Tas-IX tarmog‘ida joylashgan hamda ko‘pchilik provayderlar bepul foydalanishni taklif etayotgan bir qator foydali manbalarni sanab o‘tishni joiz deb topdi.

Onlayn video va kino tomosha qilishni istaganlar Mover.uz, MyTube.uz, Player.uz va boshqa saytlarga murojaat qilishlari mumkin. Tas-IX hududidagi ko‘ngilochar saytlarning to‘liq ro‘yxati bilan esa quyidagi havola orqali tanishish mumkin. Bunda saytning Tas-IX hududida ekanini manzili to‘g‘risidagi yashil rang bilan belgilangan Tas-IX so‘zidan ajratib olish mumkin.

Tas-IX hududida eng ommabop saytlar ro‘yxatini sport nashrlari boshqarishi sir emas. uff.uz, championat.asia, Stadion.uz kabi saytlarga kirsangiz, trafik hisoblanmasligi mumkin. Sport ixlosmandlari mana bu havola orqali sportga ixtisoslashgan Tas-IX hududidagi saytlar bilan tanishish mumkin.

Turli kompyuter dasturlari, o‘yinlar, videomashg‘ulotlar va boshqa shu kabi dasturiy ta’minotlarni bepul yuklab olishni istaganlar uchun esa milliy internet tarmog‘i – O‘znetda bir qator saytlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular safini Mnogo.uz, Megasoft.uz, o‘zbekcha-ruscha onlayn lug‘at – solver.uz va boshqalar to‘ldiradi. Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi saytlar ro‘yxatini esa ushbu havola orqali ko‘rish mumkin.

Yangiliklar yo‘nalishida esa gazeta.uz, uz24.uz, telegraf.uz kabi saytlar Tas-IX hududida joylashgan. Ular reytingi quyidagi havolada mavjud.

Saytlarning Tas-IX hududida joylashganini quyidagi havola orqali osongina tekshirib olish mumkin.

Endi esa sayt yoki shaxsiy veb-sahifa (blog)ni qanday qilib Tas-IX`ga joylash mumkinligi haqida yozsak. Aytish joizki, bugungi kunda ham Tas-IX tariflari xorijnikiga qaraganda uch-to‘rt baravar qimmat hisoblanadi. Saytni Tas-IX hududiga joylashtirishdan avval sarflayotgan mablag‘laringizni o‘zini oqlashiga ishonchingiz komil bo‘lishi lozim. Agar bunga amin bo‘lsangiz, xosting xizmatlarini ko‘rsatayotgan provayderlarga murojaat qilishingiz mumkin. Xosting, ya’ni serverdagi ma’lumotlarni saqlash uchun mo‘ljallangan qattiq diskni “ijara”ga berish xizmatlarini ko‘rsatayotgan regname.uz, ahost.uz, active.uz kabi manbalarni keltirib o‘tish mumkin. Xosting xizmatlarini ko‘rsatayotgan manbalar ro‘yxatini quyidagi havoladan topa olasiz.

Tas-IX`da internet tezligini tekshirmoqchi bo‘lsangiz, mana havola sizga qo‘l keladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!