Telegram asoschisi Durovga AQSh maxsus xizmatlari tomonidan bo‘layotgan bosimlar

  •   DiMaX
  •  1726
  •  07.09.2017 11:52

Telegram asoschisi Durovga AQSh maxsus xizmatlari tomonidan bo‘layotgan bosimlar

«VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i hamda Telegram messenjeri asoschisi bilan AQShning Federal qidiruv byurosi (FQB; FBR – Federalnoye byuro rassledovaniy) agentlari bir necha bor uchrashishgan. Bu haqda Pavel Durovning o‘zi The Baffler nashri uchun bergan intervyusida aytib o‘tgan.

O‘zining aytishicha, rossiyalik bu miltimillioner bilan AQSh maxsus xizmat xodimlari ilk bora 2014 yili uchrashishgan. O‘shanda agentlar undan «VKontakte» tarmog‘ining ishlashi haqida so‘rashgan. Bu surishtiruv aeroportda bo‘lib o‘tgan. Durovning ta’kidlashicha, ularga o‘zi avval ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum qilgan gaplarnigina aytgan.

2016 yili, an’anaviy Google I/O konferensiyasida ham FQBning ikki nafar xodimi Durov bilan uchrashgan. Ular asoschidan Telegram’ga kirish uchun «orqa eshik» ochib berishni so‘rashgan. Bunga sabab sifatida, terrorchilik xavfi mavjud bo‘lgan hollarda messenjer foydalanuvchisining shaxsiy ma’lumotlarini tekshirish zaruratini vaj qilib ko‘rsatishgan. Ular Durovga taqdim etgan order esa, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, hech qanday yuridik kuchga ega emas ekan. «Umid qilamizki, siz bizni tushunasiz va fikrlarimizga qo‘shilasiz», – deyishgan ular Durovga. Shuningdek, agentlar mazkur anjumanga Durov bilan birga uchib kelgan dasturchini ham siquvga olishgan. Telegram’ning qanday ishlashi haqidagi texnik ma’lumotlarni taqdim etishi uchun unga pul taklif etishgan.

P.Durovning ta’kidlashicha, u FQBning motivlarini yaxshi tushunadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur voqealarni ommaga oshkor etishiga bittagina sabab bor. Ya’ni, AQSh maxsus xizmatlari o‘z maqsadiga yetish uchun kompaniya xodimlarini sotib olishdan ham, rahbariga bosim o‘tkazishdan ham toymasliklarini ta’kidlash uchungina bularni ma’lum qilyapman, degan u.

«Shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mazkur ilova haqidagi biror axborotni o‘zim yoki boshqa kimdir chetga chiqarib yuborishini men tasavvur ham qila olmayman. Ular terrorchilarni izlash uchun ma’lumot taqdim etishimizni so‘rashdan boshlashlari mumkin, keyin esa, so‘rovlar doirasi naqadar kengayib ketishini kim biladi!?» – deydi Pavel Durov.

Eslatib o‘tamiz, Durov o‘z xodimlarini AQSh maxsus xizmati «sotib olish»ga uringanini avval ham aytgan. Shuningdek, Angliya ham Telegram’dagi shifrlashni bekor qilishlarini so‘ragan. Biroq asoschi avvalroq Telegram ovozli qo‘ng‘iroqlarining himoyalanganligi ta’kidlab, asosiy raqobatchi messenjer – WhatsApp’ni, shuningdek Facebook va boshqa ayrim saytlarni o‘z foydalanuvchilarining ma’lumotlarini sotayotganlikda ayblagan edi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!