Telegram’dagi eng zo‘r kanallar-6: fan va texnologiyalarga qiziquvchilar uchun!

  •   DiMaX
  •  9735
  •  23.10.2017 14:06

Telegram’dagi eng zo‘r kanallar-6: fan va texnologiyalarga qiziquvchilar uchun!

Keyingi paytlarda Telegram messenjeridagi kanallar shu qadar ommalashib bormoqdaki, ayrimlar uchun ular ijtimoiy tarmoqlarning, ba’zan hatto ommaviy axborot vositalarining ham o‘rnini bosib kelayotir.

Shularni inobatga olgan holda, bugun Telegram-kanallar bo‘yicha oltinchi to‘plamimizni e’tiboringizga havola etayotirmiz. Ilm-fan, biznes va sayohat, ixtirolar va shu kabilarga qiziquvchilar uchun mazkur kanallar ko‘p narsa bera oladi.

Kanallar asosan rus tilida bo‘lsa-da, bu sizga qiyinchilik tug‘dirmaydi, degan umiddamiz. Marhamat, tavsiya etilgan kanallarning nomidagi havola orqali o‘tib, tanishib chiqing. Ma’qul kelsa – obuna bo‘ling va kuzatib boring.

  1. «Naked Science»

Ilm-fan mavzulariga bag‘ishlangan, juda qiziqarli kanal. Unda fan olamidagi qiziqarli maqolalar ham, tezkor yangiliklar ham e’lon qilib boriladi. Darvoqe, Naked Science sayti – internetning rusiyzabon segmentida iqtibos (sitata) keltiriladigan ilmiy-ommabop resurslar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi.

  1. «All-in-One Person»

Ushbu kanalda smartfonlar uchun turli foydali ilovalarga eltuvchi havolalardan tashqari, juda kerakli pulli dasturlar uchun chegirmalar ham taqdim etib boriladi. Qo‘shimchasiga gadjetlar ishqibozlari uchun ular xususida hikoya qiluvchi foydali servislar ham mavjud.

  1. «ReBiznes»

Mazkur kanal professional marketolog tomonidan yuritiladi. Ammo unda ko‘pchilikning ensasini qotiradigan zerikarli grafiklar, keyslar va hokazo boshog‘riqlarni uchratmaysiz. Faqat biznesda amalda ish beruvchi jihozlar va usullar ko‘rsatib boriladi.

  1. «The Geek Log»

Turfa gadjetlar, o‘yinlar, axborot texnologiyalari, media va shu kabilar haqidagi kanal. Shu kabi raqobatchilaridan farqi – bu yerda nafaqat yangiliklar, balki devayslar va ilovalarning qiziqarli tavsiflari, to‘plamlari ham e’lon qilinadi.

  1. «Office Killer»

Bu virtual maydonda siz Microsoft’ning taniqli dasturlari – Word, Power Point va Outlook haqidagi barcha ma’lumotlarni topa olasiz. Bu kanal foydali darslarni, jonli videolarni ham taqdim etib boradi, qayta aloqa uchun uning maxsus boti ham mavjud. Hatto siz Microsoft Office’ni ipidan-ignasigacha biladigan bo‘lsangiz ham, bu yerda o‘zingiz uchun yangi bo‘lgan qiziqarli ma’lumotlar topa olasiz.

  1. «Funscience»

Texnologiyalar, koinot, IT va boshqa turli fan sohalari bo‘yicha ilmiy-ommabop maqolalar to‘plamlari. Doimo boxabar bo‘lib borishni istovchilar uchun yaxshi manba.

  1. «Ilon Mask | Elon Musk»

Nomidan ham ma’lumki, bu – tadbirkor, sarmoyador va zamonamizning buyuk ixtirochisi Ilon (Elon) Mask haqidagi kanal. Bu shaxs Tesla Motors, SpaceX, The Boring Company, Neurolink kabilarning asoschisi bo‘lishdan tashqari, o‘zining qiziqarli fikrlari, g‘oyalari va maqsadlari bilan ham tanilgan.

  1. «Mir Puteshestviy»

Sayyoramizning eng chiroyli, qiziqarli va diqqatga sazovor joylari haqidagi mualliflik kanali. Shuningdek, bu yerda sayohatchilar uchun qiziqarli maqolalar ham berib boriladi.

  1. «Finansovaya motivatsiya»

Foydalanuvchilar uchun moliyaviy savodxonlikni oshirishga yordam berishga mo‘ljallangan kanal. Shu bilan birga, bu yerda pul mablag‘larini qanday tejash, to‘plash va samarali sarflash ham o‘rgatib boriladi.

  1. «Terabayt.uz – Xabarlar»

Ha, bu – saytimizning Telegram’dagi kanali. Unda asosan «Terabayt.uz» saytimizga joylanayotgan yangiliklar, maqolalar, tavsiflar, narxlar haqidagi xabarlar muntazam tarzda berib boriladi. Kanalda qidiruv funksiyasi orqali biror so‘z yordamida o‘zingizga kerakli maqola sarlavhasini topishingiz, havolasi yordamida saytimizga o‘tib, uni o‘qishingiz mumkin. Hamkorlik qiluvchi foydali kanallar ro‘yxati va ularning tavsiflari esa mana bu maqolamizda keltirilgan.

Shuningdek, Telegram-kanallarning turli yo‘nalishlardagi birinchi va qiz-ayollarga bag‘ishlangan ikkinchi to‘plamiga, rus tilini o‘rganuvchilarga atalgan uchinchi, kino va seriallar haqidagi to‘rtinchi hamda ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun terilgan beshinchi to‘plamlariga nazar solishingizni tavsiya etamiz. Telegram’dagi eng yaxshi botlar jamlanmasi va ularning 2-to‘plami ham e’tiboringizga arziydi, deb o‘ylaymiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!