Telegram'da ilk pulli post paydo bo‘ldi
O‘tgan yilning aprel oyida Telegram o‘z platformasida to‘lovlarni amalga oshirish beradigan Payments xususiyatining 2.0 versiyasini taqdim qilgan edi. Oradan bir necha oy o‘tib, messenjerda @donate boti ham paydo bo‘ldi. Payments 2.0 bilan ishlaydigan Donate boti foydalanuvchilarga o‘zlarining yoqtirgan Telegram kanal egalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yoxud xalq tili bilan aytganda kontent yaratuvchisiga "donat qilish" imkonini beradi. Endilikda Donate boti donat qilishdan tashqari yana bir yangi pulli xizmatni o‘z bo‘yniga olmoqda: tez kunda bot bilan eksklyuziv kontent yaratish mumkin bo‘ladi.
Yaqinda Telegram pulli postlarga oid yangi funksiya ustida ishlayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Bugun u tayyor bo‘lgan ko‘rinadi, messenjerda ilk pulli post paydo bo‘ldi.
Jurnalist Ilya Varlamov kanalida paydo bo‘lgan ushbu suratni ko‘rish uchun siz 1 yevro to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Ko‘rib turganingizdek, surat Telegram'ning spoyler ko‘rinishidagi animatsiyasi bilan yashirilgan va u to‘lovdan so‘ng yo‘qoladi.
Ma’lum bo‘lishicha, yangi funksiya yakka surat va videoni qo‘llab-quvvatlaydi. U hozirda sinovdan o‘tkazilmoqda va afsuski, hozircha qo‘shimcha ma’lumotlar mavjud emas.