Telegram'dan hayitlikni qabul qiling!

Telegram'dan hayitlikni qabul qiling!

Telegram o'zining navbatdagi yangilanishini chiqardi. Android, iOS, macOS va Unigram uchun messenjer ilovalari 9.6 versiyaga, Telegram Desktop esa 4.8 versiyaga yangilandi. Ushbu versiya quyidagi yangiliklarni o'z ichiga oladi.

Papkalarni boshqalarga ulashish

Endi siz Telegram papkalaringizni havolalar orqali boshqalarga ulashish imkoniga egasiz. Bunda siz papkani ulashgan foydalanuvchilar uni qabul qilish bilan uning ichidagi kanal yoki guruhlarga avtomatik qo'shilishadi. Ta'kidlash joizki, papkalarni ulashishda faqat ommaviy guruh yoki kanallar va o'zingiz ochgan papkalar qo'llab-quvvatlanadi, ya'ni siz papka ichida shaxsiy chatlarni yoki Telegram'ning maxsus "Guruhlar", "Kanallar" kabi papkalarini ulasha olmaysiz.

Papkani ulashish uchun uning ustiga biroz bosib turish va ochilgan menyudan "Ulashish (Share)" tugmasini bosishingiz kerak (agar papka ichida shaxsiy chat yoki guruh bo'lsa, unda bu tugma paydo bo'lmaydi yoxud siz bu papkani boshqalarga ulasha olmaysiz). Papkani ulashish vaqtida siz qaysi kanal yoki ommaviy guruh papka ichida ulashilishini belgilay olasiz. Barchasi tayyor bo'lgandan so'ng, papkangizni ulashish uchun yaratilgan havoladan nusxa olib uni boshqalarga jo'natishingiz mumkin bo'ladi. Aytgancha, siz papka havolasi nom berishingiz ham mumkin.

Qizig'i shundaki, agar siz papkaga yangi chatlarni qo'shsangiz va uning havolasini yangilasangiz papkangizni qabul qilgan va unga qo'shilgan foydalanuvchilar siz qo'shgan yangi chatlar taklifini qabul qilishadi.

Maxsus fon suratlari

Telegram'da allaqachondan har bir chat uchun alohida rangli fon mavzularini o'rnatish imkoniyati mavjud edi. Ushbu Telegram yangilanishi esa sizga har bir chat uchun alohida fon suratlarini o'rnatish imkonini beradi. Buning uchun chatning o'ng yuqori burchagidagi uch nuqtani bosing va menyuda "Fon suratini o'rnatish" tugmasini bosing (bu avvalgi "Fon ranggini o'rnatish" tugmasi). 

Telegram'ning bir necha xil rangli fon mavzulari ostida siz "Fon suratini galareyadan tanlash" tugmasini ko'rasiz. U yerdan o'zingizga yoqqan suratni tanlab, uning sozlamalarini to'g'rilab bo'lganingizdan keyin uni chatga o'rnatsangiz bu haqdagi maxsus xabar sizning suhbatdoshingizga ham boradi va bunda ular ham o'zlari tomonda sizning fon suratingizni o'rnatishlari mumkin bo'ladi.

Botlarning yaxshilangan veb-ilovalari

Telegram botlari orqali biznes egalari o'zlarining veb-ilovalarini yaratishlari mumkin. Endilikda ushbu veb-ilovalarni istalgan chatda ularning havolasini bosish yoki yuzerneymini yozish orqali ishga tushirish mumkin. Masalan, chatda @durgerkingbot (nomdan keyin bitta bo'sh joy qoldiring) nomini yozing yoki https://t.me/DurgerKingBot/menu havolasini chatga yuborib uni ustiga bosing.

Shuningdek, agar veb-ilovalar guruhlarda ishga tushirilsa ular endi hamkorlik va ko'pchilik uchun mo'ljallangan funksiyalarni qo'llab-quvvatlaydi.

Botlar uchun yangiliklar hali tugamadi: endi botlar ham Fragment orqali sotib olingan yoxud kolleksiya qilsa bo'ladigan yuzerneymlarni qo'llab-quvvatlaydi, garchi unda -bot qo'shimchasi bo'lmasa ham.

Yaxshilangan interfeyslar va boshqa o'zgarishlar

iPhone 14 Pro yoki iPhone 14 Pro Max smartfoni egalari ushbu yangilanishdan keyin profil suratlari uchun yangi animatsiyani sezishlari mumkin.

Profillar yoki chat ma'lumotlari sahifasi aylantirilganda profil surati suyuqlik effekti bilan dinamik orolga kirib ketadi.

Xabarni "Onlayn bo'lganda yuborish" funksiyasidan foydalanish uchun endi bir nechta tugmalarni bosib o'tishingiz shart emas. Shunchaki xabarni jo'natish tugmasini bosib turing va yangi ochilgan menyuda siz "Onlayn bo'lganda yuborish" xususiyatini ko'rasiz.

Avvallari Telegram guruh ochishda sizdan kamida bitta foydalanuvchini guruhga qo'shish talab qilinar edi. Biroq, endi ortiq bunday bo'lmaydi ya'ni siz guruhlarni ham xuddi kanallar kabi odam qo'shmasdan ochishingiz mumkin.

Telegram orqali media yoki fayllar ulashish menyusini endi yanada tezroq aylantirish mumkin, xuddi Ulashilgan Media sahifalarida bo'lgani kabi.

Oldingi Telegram yangilanishidan keyin kichik guruhlarda xabarlarning o'qilganlik vaqtini ko'rsatib turishni boshlagan edi. Ushbu yangilanish bilan endi topiklarda ham xabarlarning o'qilganlik vaqtini ko'rish mumkin, albatta, topikda 100 tadan kam odam bo'lishi kerak.

Afsuski, ushbu yangilanish hech qanday yangi stiker yoki emojilar to'plamini o'z ichiga olmaydi. Yangilanish hozirda barcha uchun mavjud va tarqatilmoqda.