Telegram'ning navbatdagi yangi versiyasi shu yerda!

Telegram'ning navbatdagi yangi versiyasi shu yerda!

Kutilganidek, Telegram bir qancha yangi funksiyalar bilan Android'da 9.5, iOS'da esa 9.4.3 versiyasiga yangilandi. 

Quvvat tejash rejimi

Hozirda Telegram'da animatsiyalar shu qadar ko'pki, ular bilan smartfoningiz quvvati tez tugab qolishini yoki sekin, qotib ishlashini kuzatishingiz mumkin. Telegram ham aynan shuni o'ylagan holda ushbu yangi versiyada "Quvvat tejash" rejimini qo'shdi. Bu bilan siz Telegram'dagi stiker, emoji va boshqa muayyan animatsiyali effektlarni o'chirib qo'yishingiz mumkin.

Quvvat tejash rejimi Sozlamalar menyusidan joy olgan.

Ijro tezligi sozlamalari

Endi ovozli xabarlar va videolarning ijro etilishi yoxud qo'yilishi tezligini 0.2x dan 2.5x gacha tezlik orasida slayder orqali 0.1x da o'zgartirishingiz mumkin. Bunda ovozli xabarlar uchun slayderni 2x ni bosib turish orqali, videolarda esa o'ng yuqori burchakdagi uch nuqtani bosish va paydo bo'lgan menyudan Ijro tezligini tanlash kifoya.

O'qilgan xabarlar uchun vaqtlar

100 tadan oshmagan obunachilari bo'lgan guruhlarda siz kimlar xabaringizni o'qiganliklarini ko'rishingiz mumkin. Bunga qo'shimcha tarzda endi xabarlaringizni kimlar aynan qachon o'qiganliklarini ham bilib olishingiz mumkin bo'ladi.

Guruhga taklif havolalarini avtomatik jo'natish

Agar do'stingizni u o'zi sozlab qo'ygan maxfiylik sozlamalari sabab biron guruhga qo'sha olmayotgan bo'lsangiz endi ularga o'sha vaqtning o'zidayoq guruhga qo'shilish havolasini yuborishingiz mumkin.

Qolaversa, endi iOS foydalanuvchilari endi bir tugmani bosish bilan papkadagi barcha xabarlarni o'qilgan qilib belgilashlari, xabarlarni uzatayotganda papkalardan toʻgʻri chatni tezda topish uchun foydalanishlari mumkin bo'ladi. Telegram'ning ma'lum qilishicha, bu o'zgarishlar keyingi yangilanishlarda Android ilovasi uchun ham taqdim etiladi.

Shu va boshqa kichik o'zgarishlar va albatta, yangi animatsiyali emojilar to'plami, interaktiv emojilar va reaksiyalar bilan Telegram'ning navbatdagi yangilanishi barcha uchun tarqatilmoqda. Android egalari ushbu funksiyalar bilan yangilangan Telegram'ni Google Play orqali yoki to'g'ridan-to'g'ri Telegram'ning o'zidan yuklab olishlari mumkin. iOS foydalanuvchilari esa Apple yangilanish tekshiruvini yakunlashini kutishlari kerak bo'ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!