Telekommunikatsiya tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 4 barobarga oshiriladi!

  •   DiMaX
  •  928
  •  22.03.2019 19:46

Telekommunikatsiya tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 4 barobarga oshiriladi!

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu xususda vazirlikning Axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘QING: Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston maktablaridagi internet tezligini tanqid qildi

19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni mamlakatimizning barcha hududlarida keng joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu tashabbuslardan birining ijrosi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklangan. Unga ko‘ra, vazirlikka ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Xo‘sh, bu qanday tashabbus? Uning doirasida qanday vazifalar bajariladi? Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Muhtaram Prezidentimizning joriy yil fevral-mart oylarida Sirdaryo va Namangan viloyatlariga amalga oshirgan tashrifi davomida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga bir qator vazifalar, jumladan, mazkur viloyatlarning barcha tuman va shaharlarida «Raqamli texnologiyalar markazlari»ni yaratish (Sirdaryo viloyatida 11 ta, Namangan viloyatida 12 ta) vazifasi belgilab berilgandi.

Ushbu markazlarning maqsadi – yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslarini va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini o‘rgatishdir. Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari, aholi uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha tayyorlov kurslarini tashkil etish, davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan.

O‘QING: AKT vaziri Navoiyda yosh mutaxassislar bilan muloqot qildi

Bugungi kunga kelib, ushbu topshiriqlarni bajarish bo‘yicha vazirlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Birinchidan, joriy yilning 9 mart kuni Namangan shahrida respublikadagi birinchi «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etildi.

Shuni aytib o‘tish joizki, ushbu markazning ochilishi Namangan viloyati yoshlari hayotida muhim voqea sifatida qabul qilindi. Buni unda ta’lim olishni istagan va kurslarda ishtirok etish xohishini bildirgan ko‘p sonli yoshlardan ham bilish mumkin. Bu holat shu kabi markazlarga ehtiyoj katta ekanligini ko‘rsatmoqda.

Shu kuni Namangan shahrining 34-maktabida ham zamonaviy kompyuter xonasi tashkil etilib, yuqori tezlikdagi internetga ulandi.

Ikkinchidan, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida ham shunday markazni ochish uchun zarur ta’mirlash va jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda, kelayotgan umumxalq «Navro‘z» bayrami arafasida ushbu markazni tuman yoshlariga tuhfa qilish rejalashtirilgan.

Xorazm viloyati Xiva shahrida tashkil etilayotgan markaz ham mart oyining uchinchi dekadasida foydalanishga topshiriladi.

Uchinchidan, bu kabi markazlarni 2021 yilga qadar bosqichma-bosqich respublikamizning barcha tuman va shaharlarida ochish belgilangan bo‘lib, markaz binolarini ta’mirlash, murabbiylarini xizmat uylari bilan ta’minlash, oylik maoshi hamda markazning boshqa xarajatlarini hisobga olsak, bitta markaz uchun 665 mln. so‘m hamda respublika bo‘yicha esa 134 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

To‘rtinchidan, markazlarda 500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Shu o‘rinda yiliga 100 mingdan ziyod yoshlarni axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qitish va bilimlarini oshirish imkoniyatini yaratiladi.

Albatta, bu vazifalarni amalga oshirish jarayonida hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirib borish ham ko‘zda tutilgan.

Shu maqsadda 2019-2021 yillarda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 120 ming km optik tolali aloqa liniyalarini qurish va 1,5 million portga teng zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish orqali respublikadagi barcha xalq ta’limi muassasalari (10 512 ta), maktabgacha ta’lim muassasalari (5 288 ta) va sog‘liqni saqlash tizimidagi muassasalar (3 128 ta) 2021 yil yakunigacha, bosqichma-bosqich yuqori tezlikdagi internet tarmoqlariga ulanishi ta’minlanadi.

Shuningdek, magistral telekommunikatsiya tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 4 barobar (yoki 400 Gbit/s.gacha), tuman markazlarigacha 4 barobar (yoki 40 Gbit/s.gacha) oshiriladi.

Respublikada mobil aloqa xizmatlari sifatini yaxshilash va qamrov darajasini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 10 mingtadan ortiq mobil baza stansiyalarini o‘rnatish va modernizatsiya qilish orqali olis aholi yashash punktlarini mobil aloqa signallari bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.

O‘QING: «Biz kech qoldik»: Vazir elektron mehnat daftarchalariga o‘tish rejasini ma’lum qildi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.