Tesla rahbari Ilon Mask Marsga doimiy parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchi (Video)

Tesla rahbari Ilon Mask Marsga doimiy parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchi (Video)

Kecha AQShda o‘tkazilgan konferensiyada Tesla rahbari Ilon Mask kosmosni zabt etish, sayyoralarni o‘zlashtirish, jumladan, Marsga doimiy qatnovlarni joriy etish haqida gapirib o‘tdi. Maskning aytishicha, tez orada  Mars sayyorasiga sayyohlik parvozlarini amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Eng qizig‘i, borib-borib ushbu loyiha natijasida Marsda odamlar yashaydigan manzillar ham barpo etiladi.

Tesla rahbari sayyoralararo qatnovlarni arzon bo‘lishi tarafdori. Hozirgi kunda mavjud va taklif etilayotgan kosmik sayohatlar haddan ortiq qimmat va sanoqli insonlargina undan foydalana oladi. Maskning ta’kidlashicha, uning loyihasida Marsga sayohat qilish 200 ming dollar atrofida narxlanadi, keyinchalik bu ko‘rsatkich 100 ming dollargacha tushiriladi. Har bitta uchar kemaga 100 nafargacha sayyoh joylashadi. Uchar raketalardan ko‘p marta foydalanish mumkin bo‘ladi.

Maskdan oldin NASA vakillari ham Marsga doimiy parvozlarni amalga oshirish dasturini tuzishgan. Unga ko‘ra qatnovlar 2030 yilgacha yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Ilon Maskka qarashli SpaceX kompaniyasi uchar raketalarni Kaliforniyaning (AQSh) Xotorn shahrida quradi. Kompaniya ayni paytda Red Dragon (“Qizil ajdar”) missiyasini Marsni tadqiq etishga jo‘natish rejasi ustida ishlamoqda. Taqdimot davomida Mask sayyoralararo transport tizimining ishlash mexanizmi aks etgan 4 daqiqali animatsiyalangan videoni ham namoyish etgan.

Ha, darhaqiqat, voqealar biz kutgandan ham tez rivojlanayapti. Bundan atigi ellik yillar avval insoniyat kosmosga chiqishni orzu qilgan bo‘lsa, bugun sayyoralararo transport tizimlari yo‘lga qo‘yilishi arafasida. Mavzuni yana batafsil yoritamiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!