Texnologik jihatdan taraqqiy etgan 10 davlat

Texnologik jihatdan taraqqiy etgan 10 davlat

Zamonaviy ilg‘or texnologiyalar tobora insonlar hayotiga chuqurroq kirib bormoqda. Yer yuzining ko‘plab mamlakatlari undan fuqarolari hayotini yaxshilash, turmush darajasini oshirish maqsadida foydalanishadi. Davlatning texnologik jihatdan taraqqiy etganligi uning iqtisodiy va siyosiy barqarorligiga chambarchas bog‘liqdir. Quyida jahondagi texnologik taraqqiy etgan o‘n yetakchi mamlakatga qisqacha sharh beramiz.

  1. Yaponiya

2015 yil holati bo‘yicha baho bersak, kunchiqar mamlakatni eng texnologik rivojlangan davlat sifatida e’tirof etishga haqlimiz. Avtomobilsozlik, robot texnikasi, elektron texnika, metallurgiya, seysmik barqaror inshootlar qurilishi kabi sohalarning barchasiga yuqori texnologiyalar chuqur kirib borgan. Bu o‘rinda yaponlarning ta’limi va faniga urg‘u berish joiz.

  1. AQSh

Birinchi bo‘lib Oyga odam chiqargan, birinchi atom bombasini yaratgan va yana dunyoga bir qancha kashfiyotlar taqdim qilgan davlat ikkinchi o‘rinda. Texnologik jihatdan eng yaxshi ta’minlangan armiyaga ega. Fazoni o‘zlashtirish sohasida yetakchi. Farmatsevtika va telekommunikatsiya sohalarida ilg‘ordir.

  1. Janubiy Koreya

LG, Samsung va Hundai singari brendlar vatani. Nanotexnologiyalar va robotsozlik sohalariga janubiy koreyalik olimlar qo‘shgan ulkan hissani ta’kidlamay iloji yo‘q. Koreya Respublikasining fan va texnologiya vazirligi zamonaviy ilg‘or texnologiyalarga oid ko‘plab milliy dasturlarni moliyalashtiradi. Birgina fakt: Janubiy Koreyadagi o‘rtacha internet tezligi AQShdagidan uch barobar ortiq.

  1. Isroil

Fazoviy texnologiyalar bo‘yicha yetakchi besh davlatdan biri. Yahudiylar davlatida eksportdan kelgan daromadning 35 foizi texnologik sohaga sarflanadi. Qolaversa, Isroilda elektromobillarni zaryadlovchi yirik infratuzilmaviy tarmoq mavjud bo‘lib, bu fuqarolarga katta yengillik yaratgan.

  1. Germaniya

Mercedes-Benz, Audi, BMW va Volkswagen vatani. Mashinasozlik bo‘yicha xay-tek uyasi. Nemis olimlari kosmonavtika va nanotexnologiyalar bo‘yicha ham faol shug‘ullanyapti. “Maks Plank jamiyati” va “Gotfrid Vilgelm Leybnits” kabi ilmiy-tadqiqot muassasalari nomi dunyoga tanilgan.

  1. Kanada

Sanoat sohasidagi murakkab tadqiqotlar, biotexnologiyalar, fazoni o‘zlashtirishda faollik, bularning barchasi Kanadaga xos. Kanada hukumati texnologik sektorni rivojlantirishga mablag‘ni ayamaydi: YaIMning 1,8 foizi ilmiy-tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadi.

  1. Buyuk Britaniya

Qachonlardir parovoz, reaktiv va elektr dvigatel, cho‘g‘lanma lampochka kabi ixtirolarni dunyoga bergan Britaniya texnologik taraqqiy etgan mamlakatlar o‘nligiga kirishga to‘la haqlidir. Aviatsiya, avtomobilsozlik, farmatsevtika kabi sohalarda ingliz orolchasi yetakchilar safida.

  1. Xitoy

Xitoy deganda Tayvanni ham tushunamiz. Xitoy shiddat bilan rivojlanyapti, shu bilan birga taniqli brend va texnologiyalarni sotib olmoqda. Keling, sanab ko‘raylik: Volvo, Great Wall, Lenovo, Huawei, Acer, Asus, BBK, BenQ, D-link, Gigabyte, HTC va yana bir qancha.

  1. Finlyandiya

Zamonaviy jihozlarga ega sog‘liqni saqlash tizimi jahonda eng yaxshilaridan deb tan olingan. Dong‘i ketgan Nokia brendining vatani mobil kommunikatsiya sohasida ham ilg‘ordir. Oxirgi yillarda hukumat tomonidan biologiya, bioenergetika va ekologiya sohalari rivojiga urg‘u berilmoqda.

  1. Singapur

Kichik shahar-davlat jahonning biznes yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarga ega mamlakati hisoblanadi. Kambag‘al va kichik davlat ilg‘or texnologiyalari infratuzilmaga ega jamiyat qura olishiga Singapur yaqqol misoldir. Bugunga kelib Singapur jahondagi eng tezkor internet tizimi, qulay va shinam jamoat transporti va har bir fuqaro kamida bitta smartfonga egaligi bilan g‘ururlana oladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.