«TezYoz» sayti ishga tushdi: bexato va tez yozishingizni sinab ko‘ring!

  •   DiMaX
  •  21398
  •  10.02.2020 14:15

«TezYoz» sayti ishga tushdi: bexato va tez yozishingizni sinab ko‘ring!

Prezidentimizning Yoshlarga oid 5 tashabbusi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi «TezYoz» loyihasi ishga tushirildi. 2020 yilning 8 fevral kunidan boshlab nafaqat yoshlar, balki o‘zbek tilida muloqot qiluvchilarning barchasi mazkur platformaning qulayliklaridan unumli foydanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yoshlar endi sh, ch va o‘ harflarini w, 4 va 6 tarzida yozmasliklari mumkin, deya xabar beradi O‘zA.

O‘QING: Oʻ va Gʻ harflari, tutuq belgisi: muammolar va yechimlar

Ushbu sayt har bir foydalanuvchining o‘zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi. Jarayonning o‘yinga moslashtirilgani (geymifikatsiyalangani) keng auditoriya, asosan, maktab o‘quvchilari orasida tez vaqt oralig‘ida ommalashishini ta’minlaydi.

Sinov rejimi

«TezYoz» saytining bosh sahifasida sayt imkoniyatlari keltirib o‘tilgan. Foydalanuvchilar «Sinov rejimi»ni tanlab, ma’lum vaqt chegarasi davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri matn (matnlar biror asardan parcha yoki yakka so‘zlardan iborat bo‘lishi mumkin) yozib ko‘rishlari mumkin. Matnda so‘zlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozilayotgani, vaqt sarfi ko‘rinib turadi.

Belgilangan vaqt oxiriga yetgach, foydalanuvchi ushbu soniyalar davomida to‘liq matndan nechta so‘z yozgani, ularning qay biri to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tezlik o‘ziga xos — so‘z/vaqt o‘lchovida aniqlanadi.

Onlayn bellashuv

Saytda boshqa foydalanuvchilar bilan ham o‘zaro bellashish mumkin. Kimning qaysi o‘rinda ekanligi real vaqt davomida ko‘rinib turadi. Natijalar (to‘g‘ri va noto‘g‘ri so‘zlar, tezlik) esa o‘yin so‘ngida e’lon qilinadi.

Tanlovlar

«TezYoz» platformasida tanlovlar ham tashkil etiladi. Ularda saytda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar qatnasha oladilar. Tanlov ishtirokchisi sinov rejimidagi kabi matn yozib, keyingi urinishlarda ham o‘z tezligini yaxshilab borishi mumkin.

Yuqori o‘rindagi ishtirokchilarning ro‘yxati natijalarga qarab, yangilanib turadi va barcha uchun ochiq bo‘ladi. Tanlov muddati tugagach, ro‘yxat peshqadami e’lon qilinadi va taqdirlanadi (tanlovlar mukofoti e’lon qilib boriladi).

Ilk tanlov Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari oralig‘ida tashkil etilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi «TezYoz» patformasi orqali aholi va yoshlar orasida o‘zbek tilida bexato yozishni o‘ziga xos harakatga aylantirish va natijada davlat tilining nufuzini oshirish, uning sofligini saqlashni yangi bosqichga ko‘tarishni o‘z maqsadlaridan biri sifatida ilgari surmoqda.

O‘QING: Savodxon - xalqni savodli qiladigan dastur

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!