Tik changyutkichdan foydalanishni bilasizmi?

Tik changyutkichdan foydalanishni bilasizmi?

Tik changyutkichlar garchi bizda ko‘pchilikka notanish bo‘lsa-da, ko‘pgina davlatlarda ommalashib ulgurgan. Bir qancha turlari simsiz bo‘lib, akkumulyatordan quvvat oladi. Mamlakatimizda bunday turdagi maishiy texnika hali ommalashmagani bois terabayt.uz sayti u haqda zaruriy ma’lumotlarni to‘plab sizga taqdim etadi.

  1. Tik changyutkichlarning turlari

Monochangyutkich. Uzunchoq apparatning og‘irlik markazi pastki qismida. Yuqori qismida dastasi, pastida motor bloki va changto‘plagich konteyner, eng tagida turbocho‘tka joylashgan.

2ga 1 formatli tik changyutkich. Motor va changto‘plagichli qismi olinishi bilan monochangyutkichdan farqlanadi. Aniqrog‘i, bekaning qo‘lida ikki apparat bo‘ladi: tor joylarni tez tozalash uchun tik changyutkich va qo‘ldagi changyutkich.

Og‘irlik markazi yuqorida bo‘lgan changyutkich (masalan, Dyson rusumlari). Motor bloki va changto‘plagichni qo‘lingizda tutib ishlaysiz, unga esa cho‘tkali so‘ruvchi og‘izchasi (nasadka-щyotka) bor quvurcha ulangan bo‘ladi. Bu bilan shift burchaklarini tozalash, islarni olish oson.

  1. Quvvatlash manbasi va ishlash davomiyligi

Akkumulyatorli tik changyutkichlar savdoda ko‘p uchraydi. Batareyasi, odatda, qo‘zg‘almas bo‘lib, korpusida joylashadi. Ammo akkumulyatorini almashtirsa bo‘ladigan turlari ham bor. Masalan, LG CordZero changyutkichi komplektida ikki akkumulyator mavjuddir.

Tik changyutkichlar akkumulyatorining ishlash davomiyligi turlichadir. Bu ko‘rsatkich akkumulyator sig‘imiga, changyutkich iste’mol qiladigan energiya miqdoriga (odatda, 2-3 daraja) bog‘liq. Modellarning turiga qarab eng yuqori quvvatda ishlaganda 6 daqiqadan 25 daqiqagacha; eng past quvvatda ishlaganda 20 daqiqadan 60 daqiqagacha cho‘zilishi mumkin.

Elektr tarmog‘iga ulanadigan tik changyutkichlarni ham do‘konlardan topsa bo‘ladi. Ularni simsiz apparat kabi istagan joyni tozalashga olib borolmaysiz – simi yetmay qoladi. Ammo toki yetmay qolmaydi.

  1. Changto‘plagich

Shaffof yoki yarim shaffof plastikdan tayyorlangan ko‘p martalik changto‘plagichni aksar do‘konlarda uchratishingiz mumkin. Bunday changto‘plagichni almashtirsa bo‘ladi.

Turlicha hajmdagilari tarqalgan. Eng kichigi 0,35-0,5 litrli bo‘lsa, eng kattasining hajmi 1 va 1,8 litrgacha boradi.

Kichik changto‘plagichlar, asosan, 2ga 1 formatli changyutkichlarga xosdir. Tik monochangyutkichlarning changto‘plagich qutisi kattagina bo‘ladi.

  1. Havoni filtrlashning quyunsimon texnologiyasi

Tik changyutkichlar quyunsimon (siklonli) texnologiya asosida ishlaydi. Bu qanday texnologiya?

Ifloslangan havo konussimon kamera ichida aylantiriladi. Spiral bo‘yicha harakatlangan to‘zon tobora qisilib va tezligi oshib boradi. Markazdan qochma kuch konus chetiga chiqindi zarralarini uloqtiradi.

Changyutkichning quyunli kamerasi bir nechta bo‘lsa, havo oqimi tezlashadi va yaxshi tozalanadi. Quyunli kamerasi ko‘p bo‘lgan ayrim changyutkichlarning motoroldi va chiqish filtrlari xizmat davri davomida almashtirilmaydi, chunki havo yaxshi tozalanganidan bunga ehtiyoj qolmaydi.

  1. So‘rish quvvati

Ish jarayonida so‘rish quvvati bir tekis kechmaydi. Changto‘plagich to‘lib qolsa, quvvat pasayadi (quyunli texnologiyada ko‘p sezilmaydi). Shuningdek, asosiy og‘izchaning holatiga ham bog‘liq. So‘rish quvvati vattlarda (Vt) yoki britancha aerovattlarda (aVt) o‘lchanadi. Bu o‘lchov birliklari taxminan bir-biriga tengdir.

Akkumulyatorli tik changyutkichlarning so‘rish quvvati an’anaviy changyutkichlarnikidan katta emas. Biri 100 Vtgacha bo‘lsa, ikkinchisi 300-500 Vt atrofida. Shuning uchun ishlab chiqaruvchi kompaniya changyutkichining bu ko‘rsatkichini ko‘z-ko‘zlayvermaydi. Ammo apparat ichidagi turbocho‘tka (aylanuvchi tukli jo‘vali) chiqindini yaxshigina tortadi.

  1. Tik changyutkichlarning havo filtrlari

Tik changyutkichlarning ko‘pchiligidagi havo filtrlash tizimini qoyilmaqom deyish qiyin. Motoroldi va chiqish filtrlari porolondan tayyorlangan bo‘lib, mayda dispersli changni tutib qololmaydi, chunki ular havo oqimiga to‘sqinlik qiladigan darajada zich bo‘lmaydi. Aftidan, changyutkichsozlar energiyani iqtisod qilgan.

Ammo Dyson changyutkichlari bundan mustasnodir. U o‘z segmentidagi changyutkichlardan ozroq ishlaydi (20 daqiqagacha), ammo quyunli texnologiyadan tashqari shisha tolali filtrlar vositasida havoni a’lo darajada tozalaydi.

  1. Boshqaruv elementlari

Tik changyutkichlarning boshqaruv tugmalari sopining tepa qismida joylashadi. Portativ va bir qismi ajraladigan changyutkichlar ham shunday.

Og‘irlik markazi yuqorida bo‘lgan tik changyutkichlarning boshqaruv murvatlari motor blokida joylashadi. Masalan, Dyson rusumining tepkisini bossa ishlaydi, qo‘yib yuborsa to‘xtaydi.

  1. Shovqin darajasi

Tik changyutkichlarning shovqini an’anaviy changyutkichlarniki bilan tenglashib qoladi, xususan, quyunsimon texnologiyali rusumlar 70-86 dB tovush chiqaradi. Bu juda qattiq shovqin, ammo texnikani qisqa muddat ishlatganimiz uchun katta ahamiyat kasb etmaydi.

  1. Devorga suyab qo‘yish

Tik changyutkichlarning yana bir afzalligi devorga suyab qo‘yish mumkinligidadir. Ammo og‘irlik markazi yuqori qismida joylashgan changyutkichlarni devorga tirab qo‘yishning iloji yo‘q.

  1. Bularni ham bilish zarur

Tik changyutkichlarning ayrimlarida silliq matoni, yumshoq mebel va kiyimlarni tozalash uchun so‘rish og‘izchasiga qo‘shimcha qismlar bo‘ladi. Ba’zida esa ularning barchasi transformer og‘izchada jamlanadi. Bunday konstruksiya 2ga 1 formatli changyutkichlarga xos.

Ayrim tik changyutkichlarning og‘izchasida diodli chiroqcha bo‘ladi. Bir qarashda arzimas funksiya, ammo divanning osti, shkafning tagi kabi yoritilmaydigan joylarni tozalashda qo‘l keladi.

Faqat quruq tozalash ishlarida emas, nam tozalash ishlarida foydalaniladigan changyutkichlar ham bor. Bunga Philips brendining PowerPro Aqua rusumini misol qilish mumkin. Changyutkichning pastki qismiga suv yoki tozalovchi aralashma to‘ldirilgan maxsus konteyner ulanadi va pol yuviladi.

Aloqador maqola:

Changyutkich xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!