Tim Kuk Apple’da nega innovatsiya yo‘qligiga tushuntirish berdi

Tim Kuk Apple’da nega innovatsiya yo‘qligiga tushuntirish berdi

Apple korporatsiyasi rahbari Tim Kuk Bloomberg Businessweek nashri bilan suhbatda Apple’ni innovatsiyalar yarata olmayotgani bilan bog‘liq ayblovlarga munosabat bildirdi. Uning fikricha, Apple har sohada birinchi bo‘lishga harakat qilayotgani yo‘q.

Jumladan, Kukning ma’lum qilishicha, ko‘pchilik kompaniyani yangi texnologiyalarni boshqalardan keyin joriy qilayotganlikda ayblamoqda. Vaholanki, kompaniya nimanidir birinchi bo‘lish uchun shoshma-shosharlikda yaratmaydi. Balki, puxta mahsulot taqdim qilishga harakat qiladi. Misol uchun, to‘ldirilgan voqelik texnologiyasini rivojlantirish uchun ko‘p yillardan buyon yirik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham, hali biror tayyor texnologiya namoyish qilinmadi. Biroq, tez orada kompaniya bu borada jahondagi eng ilg‘or texnologiyani taqdim qiladi.

Тим Кук

«Biz uzoq yillik loyihalarga diqqat qaratyapmiz. Bizning maqsad —birinchi bo‘lish emas, eng yaxshi bo‘lish. Biz odamlarning hayotini yaxshilikka o‘zgartiradigan yangiliklar yaratishni ko‘zlaymiz. Misol uchun, iPod jahondagi birinchi pleyer yoki iPhone birinchi smartfon bo‘lmagan. Biroq, bugun ular eng ilg‘or texnologiyalar qatorida turadi», deydi Tim.

Shuningdek, Apple rahbariga kompaniyaning so‘nggi mahsuloti bo‘lgan HomePod aqlli kolonkalarining 350 dollarga, ya’ni qimmatga narxlangani to‘g‘risida savol berilganida, Tim Kuk “Olma”ning boshqa mahsulotlari ham arzon emasligini aytdi.

«Agar eslasangiz, biz iPod gadjetini taqdim qilganimizda, ko‘pchilik bu “MP3-pleyer”ni 399 dollarga kim oladi, qabilidagi savolni bergan edi. iPhone taqdim qilinganida esa uning narxini eshitganlar kompaniyani kalaka qilishgan. iPad bilan ham xuddi shunday bo‘lgan», — xulosa qiladi Kuk.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!