TOP-10: Quvvati uzoqqa yetuvchi eng ilg‘or smartfonlar (oktyabr holatida)

TOP-10: Quvvati uzoqqa yetuvchi eng ilg‘or smartfonlar (oktyabr holatida)

Taniqli Phone Arena resursi mutaxassislari so‘nggi taqdim qilingan flagman smartfonlarning "quvvat toshlari"ning imkoniyatini sinovdan o‘tkazib ko‘rdilar.

Mazkur imtihonda Apple iPhone 8 Plus, LG V30, OnePlus 5, Xiaomi Mi Mix 2, HTC U11, Apple iPhone 8, Samsung Galaxy S8, Huawei P10 Plus, Samsung Galaxy S8 Plus, Samsung Galaxy Note 8, Google Pixel, Google Pixel XL, LG G6, LG V10 kabi ilg‘or flagmanlarning akkumulyatorlari sinovdan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, Apple iPhone 8 Plus to‘liq quvvat bilan eng uzoq ishlaydigan jahonning eng ilg‘or flagmani bo‘lib chiqdi. Elektr toki sig‘imi 2675 mA soat bo‘lgan smartfon imtihonda to‘liq quvvat bilan 10 soat 35 minut to‘xtovsiz faoliyat ko‘rsatdi. Apple bu gadjetning to‘liq quvvat bilan kutish rejimida 100 soat, internetdan foydalanganda 13 soat, musiqa tinglaganda 64 soat, suhbat qurganda 15 soat, video tasvirga olganda 4 soat ishlashini ma’lum qilgan. Bu natijaga erishishida undagi quvvat tejashga mo‘ljallangan Apple A11 Bionic chipining o‘rni yuqori. Bu chipda quvvatni to‘g‘ri taqsimlovchi "aqlli tizim" mavjud.

iPhone 8 Plus (64 gb, gold, silver, black) "Malika"da 7 719 000 so‘mdan boshlab sotilmoqda.

2-o‘rin LG V30 flagmaniga nasib qilgan. Super AMOLED matritsali Quad HD+ (2960 x 1440 belgi) piksel sig‘imli ekranga ega smartfonning to‘liq quvvati 9 soat 34 daqiqaga yetgan. LG V30 akkumulyatori 3300 mA soat tok sig‘imini jam qiladi. Batareyani simsiz quvvatlash mumkin. LG V30 Janubiy Koreyada 21 sentyabrdan 699 dollar (64 GB) bahosida sotuvga chiqarildi.

3-o‘rinda 5.5 dyuymli Optic AMOLED matritsali, FHD ekranli, 8 yadroli Snapdragon 835 protsessori va Adreno 540 video-kartasiga ega OnePlus 5 turibdi. Uning 3,300 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyatori smartfonga 9 soat 18 daqiqa faoliyat yuritishga xizmat qilgan. Bu "quvvat toshi" tezkor quvvat olish funksiyasi bilan ta’minlangan. Yurtimizda bu flagman 550 AQSh dollaridan sotilmoqda.

4-o‘rin Xitoyning "shov-shuvli" Xiaomi Mi Mix 2 flagmaniga nasib qilgan. Uning 3 400 mA soat akkumulyatori yordamida smartfondan 9 soat 5 minut foydalanilgan. Bu batareya ham tezkor quvvat olish texnologiyasiga ega. 5,5 dyuymli displeyning piksellar sig‘imi yuqori -- 2160x1080 belgiga tengligini hisobga olsak, bu -- yaxshi natija. Bunda gadjetdagi Snapdragon 835 ilg‘or protsessorining o‘rni ham yuqori. Xiaomi Mi Mix 2 yurtimizda endi-endi kirib kelmoqda va 700 AQSh dollari atrofida sotilmoqda.

5-o‘rinda shu yilning 16 may kuni Tayvanning HTC texnologiyalar kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan HTC U11 flagman smartfoni turibdi. Bu devays to‘liq quvvat bilan 9 soat 3 minut faoliyat ko‘rsatgan. HTC U11’ning boshqa texnik jihatlari sifatida yuqori sig‘imli — Quad HD (2560 x 1440 pikselli) displeyni, sig‘imi 3000 mA soat bo‘lgan akkumulyatorni keltirish mumkin. HTC U11 dastlab may oyidan muayyan hududlarda, yil oxirida esa jahon smartfon bozorida $650 dollardan sotuvga chiqarilgan.

6-o‘rinda Apple iPhone 8 turibdi. Bu flagman to‘liq quvvat bilan 8 soat 37 daqiqa ishlagan. 4.7 dyuymli iPhone 8 ham olti yadroli A11 chipi bilan ta’minlangan. iPhone 8'dagi 1,821 mA soat sig‘imli "quvvat toshi" ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar tatbiq qilayotgan QI standarti asosida simsiz quvvat olish texnologiyasiga ega bo‘ldi. Orqa panelga shuning uchun ham shisha tanlangan. iPhone 8 uchun "Olma" 800 dollar so‘ramoqda.

7-o‘rin 5,8 dyuymli Samsung Galaxy S8 flagmaniga nasib qilgan. Uning 3000 mA soat tok sig‘imini jam qiluvchi akkumulyatori smartfonga 8 soat 22 daqiqa ishlashiga yordam bergan. Galaxy S8 "Malika"da 5 166 000 so‘mdan boshlab sotilmoqda.

8-o‘rin Huawei P10 Plus'ga nasib qildi. Imtihonda flagman to‘liq quvvat bilan 8 soat 18 minut faoliyat ko‘rsatgan. Huawei P10 Plus’ning ekran diagonali 5,7 dyuym, sig‘imi — Quad HD. P10 Plus’da 3750 mA soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Bu smartfonlarga o‘rtacha 2-2,5 kun ishlashi uchun yetadi.

9-o‘rinda Samsung Galaxy S8 Plus turibdi. Uning to‘liq quvvati gadjetga 8 soatga yetgan. 6.2” (158.1 mm) dyuymli va Quad HD+ (2960x1440, 529 ppi) sig‘imli, SuperAMOLED matritsali smartfon 3500 mA soat tok sig‘imiga ega va simsiz quvvat oluvchi akkumulyatorga ega.

10-o‘rinni Samsung Galaxy Note 8 flagmani egallagan. Samsung Galaxy Note 8 diagonali 6,3 dyuymli Infinity Display dizaynidagi, Galaxy S8 kabi 18.5:9 hajmli, Super AMOLED matritsali Quad HD+ (2960 x 1440 belgi) piksel sig‘imli ekranga ega bo‘lgan. Imtihonda smartfon 7 soat 50 daqiqa faoliyat ko‘rsatgan. Fabletning akkumulyator sig‘imi 3300 mA soat.

Galaxy Note 8 sentyabr oyi o‘rtalarida jahon bozoriga "qora brilliant", "sariq topaz" (yaltiroq qimmatbaho tosh), "moviy sapfir" rangli korpuslarda 1,185 AQSh dollari narxida sotuvga chiqarildi. Ayni paytda shahrimizda 7 257 000 so‘mdan sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!