Top-3: Avgustning kuchli kamerali smartfonlari. Narx va texnologiya.

Top-3: Avgustning kuchli kamerali smartfonlari. Narx va texnologiya.

Bir muddat avval ham ayni paytda jahon smartfon bozoridagi eng kuchli kamerafonlar va ularning jihatlari bilan sizni tanishtirgan edik. Quyida so‘nggi bir oyda taqdim qilingan eng yaxshi suratga oluvchi smartfonlar ro‘yxatini e’tiboringizga havola qilamiz. 

1. Samsung Galaxy Note 8

23 iyulda taqdim qilingan Note 8 kompaniyaning ilk qo‘sh sensorli smartfoni. Shu bilan birga, bu – bosh kameradagi har ikkala sensor optik barqarorlashtirish funksiyasi va eng yaxshi -- f/1.7 hajmli yorug‘lik linzalariga ega bo‘lishgan.

12 megapikselli -- keng burchak ostida suratga oluvchi hamda telefoto sensorlari o‘rnatilgan. Natijada, kamerada 3 karralik yaqinlashtirish, orqa fonni g‘ira-shira qilib tasvirga olish texnologiyalari joriy qilingan. Samsung'ning Dual Pixel texnologiyasi ularning imkoniyatini yanada oshiradi.

Galaxy Note 8 selfi-kamerasi uchun 8 MP sig‘imli, diafragmasi f/1.7 bo‘lgan, avtofokus funksiyasiga ega modul tanlangan.

Narx-navo

Galaxy Note 8 sentyabr oyi o‘rtalarida jahon bozoriga 1,185 AQSh dollari narxida sotuvga chiqariladi.


2. LG V30

Kuni kecha Berlinda yakunlangan IFA 2017 konferensiyasida LG kompaniyasi LG V30 flagmanini taqdim qilgan edi.

LG doimo o‘zining flagmanlarida sifatli kamerani tatbiq qilish payida bo‘ladi. V30 ham bundan mustasno emas. Qo‘sh modulli bosh kameraga ega LG V30 surat olishda Samsung Galaxy Note 8, Google Pixel 2 va iPhone 8 bilan bellashishga tayyor.

U f/1.6 hajmli diafragma o‘rnatilgan jahondagi ilk kamerafon. Bu yorug‘lik linzasi bugungi muqobillaridan ilg‘or. Taqqoslash uchun, raqib-kompaniya bo‘lmish Samsung flagmanlari -- Galaxy S7, S8 va Galaxy Note 8'da f/1.7 linzalaridan foydalangan. f/1.6 linzasining yorug‘lik o‘tkazish darajasi LG G6'dagi f/1.8 linzasiga qaraganda 4% ga ko‘proq.

Orqa paneldagi 2 ta ob’yektivlardan biri bosh modul bo‘lib, 16 megapikselli va aynan unga f/1.6 hajmli apertura o‘rnatilgan. Bu sensor 71 gradus burchak ostida suratga oladi. Yordamchi modul esa 13 Mp va u manzarani 125 gradus burchak ostida muhrlaydi, shuningdek f/1.9 hajmli yorug‘lik linzasiga ega. Bosh kamerada suratni elektron va optik barqarorlashtirish tizimi, gibrid avtofokus tizimi va qo‘sh tusli svetodiod mavjud. Modulda "erkin rejim", "raqamli yaqinlashtirish" kabi dasturiy funksiyalar bor.

Shu bilan birga,  LG–Cine Log rejimi suratdagi dinamik diapazonni  kengaytiradi, Point Zoom funksiyasi kadrning kerakli joyini kattalashtiradi, Graphy esa jahon bo‘ylab professional fotosuratchilar olgan suratlar jamlanmasi bo‘lib, foydalanuvchiga taassurotli rasmlar olishga ko‘maklashadi.

LG V30 Janubiy Koreyada 21 sentyabrdan 699 dollar (64 GB) bahosida sotuvga chiqariladi. Eslatib o‘tamiz, uning raqibi bo‘lgan Galaxy Note 8 sentyabr oyi o‘rtalarida jahon bozoriga 1,185 AQSh dollari narxida sotuvga chiqariladi.


3. Xiaomi A1

Xiaomi A1 -- ro‘yxatimizdagi eng arzon kamerafon. 230 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan smartfon.

Xitoylik ishlab chiqaruvchining yangi mobil aloqa vositasi metall korpus va qo‘sh sensorli  12 + 12 Mp birikuvidagi flagman kameraga ega bo‘lgan. Ulardan biri telefoto, boshqasi keng burchak ostida surat oluvchi ob’yektiv.

Devaysning bu jihati iPhone 7 Plus'ga o‘xshab ketadi. Olingan suratlarni qayta ishlash uchun maxsus -- "sun’iy idrok"texnologiyasi tatbiq qilingan algoritmi ishlab chiqarilgan. 5 megapikselli selfi-kamerada ham suratni qayta ishlash uchun shunday innovatsion algoritm joriy qilingan. Shuningdek, kameralar 2 karralik optik yaqinlashtirish funksiyasiga ham ega bo‘lgan.

Ishlab chiqaruvchi bosh kamera pikselining 1,25 mkm.ga oshgani, bu esa hozirgi odatiy sensorlardan yorug‘likni 56% ga yaxshiroq qabul qilishi va natijada, surat yanada yorqin chiqishini alohida qayd etgan. Old kamera 5 megapikselli.


4. HTC U11

Garchi, bir oz avval taqdim qilingan bo‘lsa ham, HTC U11 eng yaxshi kamerafon sifatida jahon reytingida peshqadamlik qilmoqda. Fotokameralar sifatini baholovchi DxOMark xizmati tomonidan  HTC U11 flagmanining suratga olish imkoniyatlariga 90 ball qo‘yilgan. Natijada, flagman DxOMark reytingining 1-pog‘onasidan o‘rin egallagan.

flagmandagi bosh kameraning tezkor va aniq avtofokus funksiyasi, tasvirni tabiiy muhrlash sifati, detallarga boy fotosurat olish, har qanday sharoitda ham fotosuratlardagi dinamik diapazon darajasi, oq tus me’yorining to‘g‘ri berilishi, rang-tasvirning muhrlanishi, suratdagi xiralikning imkon qadar pastligi alohida qayd etilgan.

HTC U11 uchun 1,4μm pikselni qamrab oladigan 12 megapikselli sensor tanlangan. Uning yorug‘likni qamrab oluvchi optik linza kengligi f/1.7’ga teng. Smartfon Ultrapixel 3 texnologiyasi, suratni optik barqarorlashtirish tizimi va qo‘shqavatli svetodiodli fotochaqnoqqa ega.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 700 AQSh dollaridan sotilmoqda.


5. Google Pixel

"Yakka ko‘zli" smartfonlar orasida eng yaxshi kamerafon nomiga da’vogarlardan yana biri Google Pixel smartfoni. 12.3 megapikselli bosh kamerasining yorug‘lik linzasi f/2.0 standartli. DxOMark mobil fotokameralar reytingida Pixel gadjeti 89 ball bilan HTC U11'dan bir pog‘ona pastda.

Devaysning sensoridagi LDAF, ya’ni lazerli avtofokus va fazali avtofokus kombinatsiyasi taassurotil surat va videolar olishga yordam beradi. Shuningdek, Google Pixel kamerasi uchun maxsus ilova ishlab chiqilgan. 

Google Pixel (64 GB) yurtimizda 600 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!