TOP-8: Oktyabrning eng yaxshi sotilayotgan smartfonlari

TOP-8: Oktyabrning eng yaxshi sotilayotgan smartfonlari

Garchi, keyingi yilga qadar 3 oy vaqt qolgan bo‘lsa ham, yilning eng kutilgan mobil aloqa vositalari taqdim qilinganini hisobga olib, smartfon bozoridagi eng yaxshi va eng ommabop "aqlli telefon"lari reytingini bemalol shakllantirish mumkin. Shu bilan birga, oldinda bizni Google Pixel va Huawei Mate 10 kabi kuchli flagmanlar ham kutayotganini unutmaslik kerak.

Oktyabrga kelib jahonning eng ommabop smartfonlari ro‘yxati tubdan o‘zgarib ketdi. Bu ro‘yxatga ayni paytda savdoga chiqarilgan devayslarni kiritishni ma’qul topdik.

Quyida hozirgi paytda ko‘pchilikning diqqatida bo‘lib turgan, savdosi jadal ketayotgan smartfonlarga diqqat qilamiz.

1-o‘rin: Samsung Galaxy Note 8 - hozircha Android smartfonlar orasida eng zo‘ri bo‘lib, platforma va protsessor samaradorligi bo‘yicha yetakchi va fotosurat, videotasvir olishda, displeyi tasvirni aniq-ravshan aks ettirishi, taassurotli dizayni bilan o‘ziga xos. Jahon bozorida $930–960 AQSh dollaridan sotilayotgan fabletdan yil oxiriga qadar 20 million dona sotish reja qilinmoqda.

2-o‘rin: iPhone 8 - ayni paytda sotilayotgan, samarador tizimga ega eng ilg‘or smartfon bo‘lgan bu ayfon qurilmasi, garchi avvalgi yillardagi kabi talash bo‘lmasa ham, yaxshi sotilmoqda. 64 gigabaytli xotiraga ega 4.7 dyuymli iPhone 8 uchun kompaniya $699 dollar so‘ragan bo‘lsa, jahon bozorida u 950 AQSh dollarigacha sotilmoqda.

3-o‘rin: Xiaomi Mi Mix 2 - eng yaxshi protsessor va displey, eng ilg‘or kamera texnologiyasi va qoyilmaqom dizaynga ega bu gadjetning ilk partiyasi, taxminan 1 million dona smartfon 15 sentyabrda 58 soniyada sotib tugatildi. Buning bosh omili sifatida kuchli texnik imkoniyatlar bilan birga, flagmanning arzonligini aytish joiz. Yangi avlod "romsizi"da old panelning 93 foiz qismi ekrandan iborat.

Xiaomi Mi Mix 2'ning 6 gigabaytli tezkor 128 GB doimiy xotiraga ega versiyasi $510, 8/256 GB talqini $620 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilmoqda.

4-o‘rin: Samsung Galaxy J7 Pro - 5.5 dyuymli va Super AMOLED matritsali, full-HD (1080×1920 pikselli) sig‘imli hamda 2.5D shaklidagi himoya shishasi bilan qoplangan yuqori sifatli ekrani bilan o‘ziga xos. Gadjetga, shuningdek 8 yadroli va 1,6 GGs chastota tezligiga ega Exynos 7870 protsessori hamda 3 gigabaytli tezkor xotira o‘rnatilgan. Uning doimiy xotirasi 64GB ma’lumotni sig‘dira oladi. Albatta, microSD qo‘shimcha xotirasi orqali buni 128 gigabaytgacha oshirish mumkin.
Samsung Galaxy J7 Pro yozning o‘rtalarida sotuvga chiqarilgan. Jahon bozorida $319 dollardan sotilmoqda.

5-o‘rin: Xiaomi Mi A1 - 5.5 dyuymli Full HD ekranga ega Xiaomi Mi A1'ning eng arzoni (4+64 GB talqini) Xitoyda 12 sentyabrdan 240 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan. Qo‘sh sensorli 12 + 12 Mp birikuvidagi flagman kameraga ega bo‘lgan devaysda olingan suratlarni qayta ishlash uchun maxsus -- "sun’iy idrok"texnologiyasi tatbiq qilingan va 5 megapikselli selfi-kamerada ham suratni qayta ishlash uchun shunday innovatsion algoritm joriy qilingan.

6-o‘rin: Xiaomi Redmi Note 4 - 2017 yilning yanvarida taqdim qilingan Xiaomi Redmi Note 4 smartfoni 5,5 dyuym diagonalga ega IPS-matritsa bilan ta’minlangan. Note 4 o‘n yadroli 64 razryadli MediaTek Helio X20 chipseti bilan jihozlangan, u 2,1 GGs chastotada ishlaydi. U smartfon bozoridagi ommabop gadjet bo‘lib, kompaniyaning ma’lum qilishicha, 6 oy ichida 5 million dona sotilgan. Ayni paytda uni yurtimiz bozorlaridan 1.3 mln so‘mdan xarid qilish mumkin.

7-o‘rin: Samsung Galaxy S8 - 5,8 dyuymli, romsiz ekrani old panelni deyarli egallab olgani bilan o‘ziga xos. Super AMOLED matritsasidagi piksellar sig‘imi 2960×1440 belgiga teng. Quvvat tejashda nom qozongan Qualcomm Snapdragon 835 protsessoriga ega Galaxy S8 faqatgina AQShda sotiladi. Galaxy S8’ning xalqaro talqinida 10 nanometrli Samsung Exynos 8895 protsessoridan foydalanilgan. Smartfonda 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotira mavjud.
Shu yilning sentyabr holatida Samsung Galaxy S8 va S8+ flagmanlari birgalikda 20 million dona sotilgan.

8-o‘rin: Vivo V7 Plus - 24 megapikselli selfi-kameraga, 16 MP orqa kameraga va 5.99 dyuymli qayrilma FullView dizaynli, 2.5D shakldagi shisha bilan qoplangan HD displeyga, 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 450 chipiga ega bu smartfon jahon bozorida 300 AQSh dollaridan sotilmoqda. Uning batareya sig‘imi 3225 mA soat.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!