Tor brauzerini o‘rnatib olish to‘rtta muhim sabab

  •   DiMaX
  •  2524
  •  16.01.2020 13:24

Tor brauzerini o‘rnatib olish to‘rtta muhim sabab

Anonimlikni qadrlovchilarga Tor brauzeri yaxshi tanish – u internet-faollikni yashirish uchun o‘ziga xos yo‘naltirishdan (marshrutizatsiyadan) foydalanadi. Nomi esa kengaytirilganda The Onion Router bo‘lib, «Piyoz-yo‘naltiruvchi» ma’nosini beradi.

O‘QING: Smartfonlar uchun ilk marta Tor rasmiy brauzeri paydo bo‘ldi

Dastlab ushbu servis harbiy maqsadlarda tashkil etilgan, lekin keyinchalik ommaviy foydalanishga topshirilgan. Haliyam Tor Browser’dan foydalanib ko‘rmaganlar va afzalliklarini bilmaydiganlar uchun uning to‘rtta muhim o‘ziga xosligini ma’lum qilmoqdamiz.

  1. Izingizni kuzata olishmaydi

Tor brauzeridan foydalanganda, har gal internetga kirishda maxfiylik va anonimlik ta’minlanadi. Ushbu dasturiy ta’minot tarmoqda shaxsni bildirmasdan turib barcha standart harakatlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ma’lumotlarni almashish uchun Tor ko‘p bosqichli shifrlashdan foydalanadi, bunda yuzerning IP-manzili shifrlanadi va ketma-ket uchta server zanjiridan o‘tadi. Ushbu serverlar ma’lumotlar to‘plamini o‘z navbati bilan shifrdan chiqarib o‘tkazadi va, uchinchi serverga kelganida, foydalanuvchi qaysi saytda bo‘lganligini anglashning imkoni qolmaydi. Brauzerning bunday ishlash sxemasi sizning butkul anonim qolishingizga imkon beradi, ayni paytda saytlarga kirishingiz tarixini boshqalar kuzatishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Hattoki o‘zingizning internet-provayderingiz ham sizning qaysi saytlarga kirishingizni aniqlay olmaydi.

O‘QING: Virtual hayotingizni shifrlashning 7 usuli

  1. Joylashuvingizni yashirib beradi

Tor brauzerining ishlash tizimi internet-trafikni shifrlovchi ko‘p sonli serverlar bilan bog‘langan. Ular nafaqat foydalanuvchining qaysi saytlarga kirishi, balki internetga qayerdan kirayotganini ham begona ko‘zlardan yashiradi.

Lokatsiyani shifrlash orqali foydalanuvchining butkul anonimligi ta’minlanadi; ma’lumotlar to‘plami o‘tadigan har bir server shifrlashning muayyan bitta qatlamini yechadi va boshqa serverning joylashuvini aniqlay olmaydi. Serverlarni kuzatish imkoni yo‘qligining yana bir sababi – ular tasodifiy tartibda tanlanadi; ularning umumiy soni esa yetti mingtacha bo‘lib, Yer yuzining Antarktidadan boshqa barcha qit’alarida joylashgan!

  1. Shuncha imkoniyatlar – barchasi bepul!

Tor Browser’ni rasmiy saytidan (agar ochilmasa, VPN orqali kiring) mutlaqo bepul yuklab olib o‘rnatish mumkin. Brauzer jami 15 tilda interfeysga ega, shular orasida rus tili ham bor.

  1. Cheklangan saytlarga ham kira olasiz

Tor brauzeri nafaqat sizni kuzatuvlardan himoyalaydi, balki provayder tomonidan kirish cheklab qo‘yilgan saytlarni ham ochish imkonini beradi. Turli sabablarga ko‘ra ayrim hududlardan kirish yopib qo‘yilgan resurslarga ushbu ilova yordamida muammosiz kirish mumkin.

O‘QING: Hukumatni tanqid qiluvchi eng yirik Telegram-kanal muallifi fosh bo‘ldi, ammo u yo‘lidan qaytmoqchi emas!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.