Toshkentda analog televideniye to‘xtatildi. Nima qilish kerak?

Toshkentda analog televideniye to‘xtatildi. Nima qilish kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 iyuldagi “Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kechadan boshlab Toshkent shahrida analog formatdagi teledasturlar efiri to‘xtatildi. Bugungacha yurtimizning aksariyat hududlarida analog televideniye to‘xtatilgan edi. O‘zbekiston Respublikasida 2018 yilning 5 dekabriga qadar analog teleuzatish to‘liq yakunlanadi. Xo‘sh, bu holatda nimalarni bilib qo‘yishimiz kerak?

Mazkur qarorga binoan 2017 yil yakuniga qadar yurtimizning barcha hududida 90 komplekt yuqori quvvatli hamda 404 komplekt kamquvvatli raqamli teleeshittirish uzatkichlarini o‘rnatilgan. Yurtimizdagi barcha aholi yashash maskani raqamli televideniye dasturlari bilan to‘liq ta’minlangan.

Boshqa hududlarda ahvol qanday?

Ayni paytda mamlakatimizdagi eng chekka qishloqlarda ham raqamli televideniye signallari mavjud. Shuningdek, Toshkent shahrida sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘iga raqamli teledasturlarni uzatish va qabul qilish Yer stansiyasi tashkil etilgan. Bugungi kunda sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 telekanali hamda 4 radiokanali dasturlari uzatilmoqda. Ushbu tele va radiodasturlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki 40 dan ortiq chet mamlakatlar hududida ham ko‘rish va tinglash mumkin.

Analog va raqamli: nima farqi bor?

Tasvirni uzatish hamda qabul qilish jarayonida raqamli qayta ishlanishi natijasida tasvir sifati ravshan. Analog televideniyeda ekrandagi tasvirlarning jimirlashi, turli tashqi ta’sirlar kuzatilardi, tasvir yo‘qolishi sezilar edi.

Analog televizorda tovush birmuncha noaniq chiqar, vijillab eshitilardi. Raqamli televideniyeda ovoz stereo yoki 5.1. shaklida uzatilishi bilan ham ustundir. Bugungi kundagi televizorlarga beshta oddiy va bitta past chastotali ovoz kuchaytirgichni ulab, uy kinoteatri muhitini yaratish mumkin.

Ayni paytda milliy telekanallarimiz ham HD aniqligidagi tasvirni uzatishmoqda. Qolgan telekanallarni ham bosqichma-bosqich HD-sifatga o‘tkazish reja qilinmoqda. Bu esa nafaqat telekanallarni HD-kontent yaratishga mo‘ljallangan uskunlara bilan ta’minlash, shuningdek HD-kanallar uchun zarur chastota diapazonini ochish uchun analog teleuzatishni tugatishni talab qiladi.

Yana bir afzallik ...

Raqamli teleuzatish tizimiga o‘tilishi mamlakatda yangi davlat va nodavlat kanallarning ishga tushishiga zamin yaratdi. Misol uchun, so‘nggi 5 yil mobaynida O‘zbekistonda 8 ta davlat hamda 5 ta nodavlat telekanallar faoliyatini boshladi.

Efir televideniyesi bilan birga, kabel televideniye operatorlari ham raqamli standartga o‘tmoqdalar. Kabel televideniyelari mustaqil xo‘jalik sub’yektlari bo‘lgani bois, ularning raqamli televideniye tizimiga o‘tish muddati aniq belgilanmagan. Shu munosabat bilan, har bir operator o‘zining va abonentining imkoniyatlariga ko‘ra tarmoqlariga raqamli standartni tatbiq qilib, analog uzatishdan voz kechadi.

Televizor xaridida e’tiborli bo‘ling ...

Zamonaviy televizorlarning aksariyati, jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotganlarida maxsus raqamli tyuner o‘rnatilgan. Ushbu uskuna DVB-T2 standartida ishlaydi. Unga oddiy antenna bo‘lsa, bas. Eski avlod televizorlari uchun “Set-top-Box” tyunerini xarid qilish kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda joriy qilinayotgan raqamli televideniyening DVB-T2 standarti tasvirni HDTV; UHDTV kabi yuqori formatlarda ko‘rishda ayni muddao. Ammo, bugun bozordagi hamma televizorlar ham bu texnologiyani qo‘llab-quvvatlamaydi. Televizor xarid qilayotganda, DVB-T2, DVB-T, DVB-C standartlarida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqida batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!