Uch ob’yektivli kameraga ega iPhone’larni tomosha qilamiz!

  •   DiMaX
  •  1860
  •  23.04.2018 14:38

Uch ob’yektivli kameraga ega iPhone’larni tomosha qilamiz!

Xabaringiz bor – Huawei kompaniyasi uchta modulli kameraga ega bo‘lgan dunyodagi ilk telefon – P20 Pro modelini yaqindagina taqdim etgandi. Endi joriy yilda bu holat yetakchi (va xitoylik) smartfonsozlar orasida urfga kirishi mumkin.

Jumladan, ayrim xabarlarga ko‘ra, kupertinolik gigant ham uch ob’yektivli bosh kameraga ega bo‘lgan iPhone ustida ish boshlagan. Aftidan, kam yoritilgan sharoitlarda ham yaxshi suratga oluvchi, optik zum sifatini yaxshilashga yordam beruvchi mazkur texnologiyaga Apple ham qiziqib qolgan ko‘rinadi.

O‘QING: iPhone Android'ning muhim jihatini o‘zlashtiradi

Hozircha «uchko‘z» iPhone haqida biror rasmiy xabar chiqmagan bo‘lsa-da, dizaynerlar uning tashqi ko‘rinishi borasida fantaziya qilib ko‘rishdi. Jumladan, iDropNews resursida shunday ayfonlarning konsept suratlari e’lon qilindi.

Dizaynerlar xayoloti mahsuli bo‘lgan ushbu smartfonlarning umumiy ko‘rinishi iPhone X uslubida. Ammo kamera modullarining joylashuvi bo‘yicha turli variantlar taklif etilgan. Bunda uchta ob’yektiv bitta umumiy modulga joylangan shaklda ham, bittasi alohida joylashgan ko‘rinishda ham variantlar bor.

Ayni damda iPhone X bosh kamerasining ikkinchi sensori tasvirni optik kattalashtirish uchun qo‘llanadi. Agarda qachondir Apple chindan ham uch modulli kameraga ega ayfon ishlab chiqarsa, unga uchinchi ob’yektiv sifatida monoxrom sensor qo‘shilsa kerak.

Aytib o‘tish o‘rinliki, Google hamda Samsung hozircha o‘z smartfonlarida sensorlar sonini ko‘paytirmasdan, buning o‘rniga tasvirni qayta ishlash algoritmlarini takomillashtirmoqdalar.

O‘QING: Top-10: 2018 yilning kuchli kamerafonlari va yurtimizdagi narxi