UMIDIGI Crystal – 99 dollarlik romsiz baquvvat smartfon

  •   DiMaX
  •  1862
  •  05.05.2017 18:00

UMIDIGI Crystal – 99 dollarlik romsiz baquvvat smartfon

Romsiz dizayn – joriy yilda smartfonlar borasidagi asosiy trendlardan biri. Mazkur yo‘nalishning kashfiyotchilaridan biri Sharp kompaniyasi bo‘lib, u 2014 yiliyoq Aquos Crystal modelini chiqargan edi.

Xiaomi tomonidan o‘tgan yilning oxirida taqdim etilgan Mi Mix ham ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan. Shundan keyin Xitoyning barcha faol smartfonsoz kompaniyalari o‘zlarining romsiz modellarini chiqarish ustida ish boshlashdi.

Jumladan, UMIDIGI kompaniyasi o‘zining navbatdagi smartfoni – Crystal modelini romsiz, chiroyli dizaynda tayyorlamoqda. Ayni damda unga atigi 99 AQSh dollari evaziga buyurtma berish bo‘yicha aksiya ketmoqda. Bu narxda 20 000 dona qurilma sotilishi rejalashtirilgan. Aksiyada ishtirok etish uchun uning sahifasiga o‘tib, o‘z elektron pochtangizni yozib qoldirishingiz lozim.

Xo‘sh, zamonaviy chiroyli dizayndan tashqari,  bu narx evaziga Crystal nimalarni va’da qiladi?

Smartfon korpusi mustahkam metall qotishmasidan yasalgan. Ekranida esa 5,5 dyuym diagonalga va Full HD sifatga ega AMOLED-displey o‘rnatilgan. Crystal ikki xil talqinda chiqarilishi rejalashtirilgan, ular o‘zaro faqat fotomoduliga ko‘ra farq qiladi. Birinchi modelida oddiy kamera bo‘lsa, ikkinchisiga qo‘shaloq kamera o‘rnatiladi. Ammo har ikkalasida Helio P25 protsessori, 4 GB tezkor xotira va 64 GB ichki xotira bo‘ladi.

Ko‘rgazmalardan birida smartfon bilan tanishgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u Android 7 Nougat operatsion tizimida ishlaydi, faqat firma qobig‘i yordamida tizimning ko‘rinishi sal o‘zgartirilgan.

UMIDIGI Crystal sotuvlari 15 iyunga belgilangan. Qurilmaning yakuniy narxi ham o‘shanda ma’lum bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur kompaniya avval ham 3 Gb xotiraga ega UMi Rome smartfonini atigi 89 dollar evaziga, UMI Rome X modelini esa 75 dollardan sotgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!