“O‘zbektelekom”: Har bir uyga optik tolali internet kirib boradi
O‘zbekistonda har bir xonadonga optik tolali internet kirib boradi, dedi “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasi rahbarining o‘rinbosari Jamol Maqsudov 30 noyabr kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali texnologiyalarning joriy qilinishiga bag‘ishlangan mazkur anjumanda mamlakatimizning chekka va chegaraoldi hududlarida ham sifatli internet aloqasini joriy etish yuzasidan olib borilayotgan hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Xususan, bugungi kunda O‘zbekistondagi mavjud 13 mingdan ziyod aholi punktlarining qariyb barchasiga mobil aloqa va internet yetib borgan. Biroq aloqa operatorlari ayrim aholi punktlariga moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamasligi sababli qimmatbaho uskunalarni o‘rnatishga shoshilgani yo‘q.
“Aholi soni kam bo‘lgan punktlarga aloqa sifatini oshirishga xizmat qiladigan uskunalarni o‘rnatish moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Shu bois aloqa operatorlari chekka qishloqlarga emas, balki yirikroq shaharlarga bazaviy stansiyalarni o‘rnatishni ma’qul ko‘radi. Biroq bu qishloqlarda yashab, mehnat qilayotgan aholi sifatli mobil aloqa va internetdan foydalanishga haqli emas, degani emas. Biz mazkur masalaning ijobiy yechimini topishga harakat qilayapmiz, rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgandik. Ayrim davlatlarda aloqa operatorlariga kichik aholi punktlarida faoliyat ko‘rsatishi uchun imtiyozlar berilgan ekan.
O‘zbekistonda ham aloqa operatorlariga shunday imtiyozlar, afzalliklar berishni rejalashtirmoqdamiz”, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Umid A’lamov.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda chekka hududlarda mobil aloqa va internet sifatining pastligiga elektr energiyasi bilan yaxshi ta’minlanmagani ham sabab bo‘lmoqda. Shu maqsadda barcha aholi punktlarida elektr energiyasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, muqobil energiya manbalarini joriy etishga katta ahamiyat qaratilgan.
Mazkur muqobil energiya manbalari tannarxining qimmatligi inobatga olingan holda o‘zbek olimlari ishtirokida bir vaqtning o‘zida 3ta tizim – Quyosh, shamol va dizel yonilg‘isi asosida elektr energiyasini yetkazib beradigan gibrid panellarni yaratish va sinovdan o‘tkazish ustida ish olib borilmoqda. Ayni paytda mazkur panel sinovdan o‘tkazilmoqda. Agarda 2-3 oy ichida sinov ishlari muvaffaqiyatli yakunlansa, shu asosda elektr yetib bormagan boshqa hududlarda ham mobil aloqa hamda internet sifati yaxshilanadi.
Manba: Kun.uz