O‘zbekzabon robot ixtirochisi Olim To‘ychiyev: "Yoshlarimiz orasida fan va texnologiyani ommalashtirish kerak"

O‘zbekzabon robot ixtirochisi Olim To‘ychiyev:

3 iyul kuni Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda o‘zbek tilida so‘zlashadigan robot ixtirochisi, 25 yoshli Olim To‘ychiyev ham ishtirok etdi, deb yozadi Kun.uz. Ta’kidlash joizki, yosh olim kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan edi

"Fan va texnologiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, bir fikrni keltirib o‘tishni o‘zimga joiz deb bilaman: fan va ilmiy texnologiya rivojlangan joyda davlat rivojlanadi, degan bir fikr bor. Men bunga to‘liq qo‘shilaman hamda oddiy misol qilib butun dunyoda innovatsion jihatdan rivojlanayotgan davlatlarda o‘sish sur’atlari jadallashib borayotganini keltiraman. 

Aytish mumkinki, bizning O‘zbekistonimizda ham barcha imkoniyatlar (resurslar, motivatsiyalar) bor, biroq yoshlarimizni o‘qishni tugatganlaridan so‘ng "Eplay olarmikanman?", "Qayerga ishga joylashsam ekan", "Qancha maosh olarkinman?" degan savollar qiynaydi. Buning o‘rniga esa "Qanday ish yaratsam ekan?", "Qanday ish qilsam ekan?" degan savollar maktab davridan o‘ylantirishi kerak. 

Qanday chora-tadbirlar ko‘rish kerak? Avvalambor fan va texnologiyani yoshlarimiz orasida ommalashtirish kerak. Maktablarimizda beriladigan matematika, fizika, ximiya fanlaridan boshlab turib, u qayerlarda va nima uchun ishlatiladi, qanday sohalarda ularni ishlatganda ularni yaxshiroq bilasiz, shularga e’tibor berish kerak. 

Kollejlarga keladigan bo‘lsak, yosh robototexnika ko‘rik-tanlovlarining Respublika bosqichini to‘rt yildan beri o‘tkazib keplyapmiz. Nega biz yurtimizning eng chekka-chekka kollejlaridan boshladik? Bu birinchi navbatda Qoraqalpog‘istondagi Qo‘ng‘irot shahridagi Neft va gazga yo‘naltirilgan kollej, ikkinchi - Asakadagi Avtomobilsozlik kollejida, Turin politexnika universiteti qoshidagi akademik litseyda, Samarqandda va boshqa-boshqa kollejlarda. Maqsad - yoshlarning robototexnikaga bo‘lgan qiziqishini o‘rganish. 

Ko‘pchilik robototexnikani "qiyin soha", "unga judayam ko‘p mablag‘ kerak", "uni o‘rganish juda qiyin" deb aytadi, men bu fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim, chunki o‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, shu oddiy Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi maktabni tamomlab, kollejni bitirib, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga kirgan paytimda robototexnikani boshlaganman. 

Aytmoqchi bo‘lganim - sharoitlar bor, yoshlar to‘g‘ri foydalana bilishi kerak, ilm olishi kerak va uni hayotga tadbiq etishi kerak. Umuman aytganda, vaqtdan to‘g‘ri foydalana bilish muhim. Prezidentimiz aytganlaridek, har bir muammoga ilmiy yondashuv kerak. Agar chet el tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, oddiygina misol: Germaniya davlatida tajriba sifatida shuni ko‘rdimki, korxonalarida ishlab chiqarish jarayonida biror muammo paydo bo‘lyaptimi, uni darhol yechimini izlash emas, nimadan kelib chiqayotgani aniqlab, shu yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot markazlariga murojaat qilishadi", - deydi O.To‘ychiyev.