vivo V21 seriya smartfonlari taqdim qilindi

vivo V21 seriya smartfonlari taqdim qilindi

Biz ilgariroq rasmiy taqdimotidan avval vivo V21 5G smartfonini anboksing videosi tarqalgani haqida yozgan edik. Endi esa vivo V21 lineykasidagi smartfonlar rasman namoyish qilindi.

O‘QING: vivo X60 Pro+ ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

vivo V21 seriyasi tarkibida uchta smartfon mavjud bo‘lib, ularga oxirgi bir necha yillardagi eng yaxshi selfi kamera o‘rnatilgan. Ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu trio o‘rta toifa qurilmasi xolos. Yangi smartfonlar qatoriga vivo V21, V21 5G va V21e modellari kiradi. V21 va V21 5G smartfonlari ayni bir xil qurilma bo‘lib, ular o‘rtasidagi yagona farq ikkinchisida 5G aloqasining mavjudligidadir. V21e esa Snapdragon chipi va yana bir qator tafovutli jihatlarga ega.

V21 va V21 5G smartfonlariga 44 megapiksellik old kamera o‘rnatilgan. Selfi kamera tasvirni optik (OIS) va elektron barqarorlashtirish (EIS) imkoniyatiga ega. Bu esa 4K aniqlikda olingan tasvirlarning tebranishlarsiz chiqishini ta’minlaydi.

vivo V21 va V21 5G qurilmalarining old tomoniga OIS imkoniyatiga ega selfi kamerada olingan tasvirlar sifatini oshirish va sun’iy intellektli Tungi portret rejimi uchun qo‘sh-LED chirog‘i o‘rnatilgan. Kamera, shuningdek, avtofokus imkoniyatiga ham ega — bu barcha flagmanlarda ham bor emas.

vivo V21e modeliga ham 44MPlik, avtofokusga ega selfi kamera o‘rnatilgan. Biroq bu kamerada OIS mavjud emas — faqat EIS bor. Qo‘shaloq LED chiroqlari ham olib tashlangan.

Har uchala smartfonning orqa kamera jamlanmasi bir xil. Asosiy kamera OIS imkoniyatiga ega. Rezolyutsiyasi 64MP. Old va orqa kameralar bir vaqtning o‘zida bo‘lingan ekran vloglari uchun ishga tushirilishi mumkin. Asosiy kameraga 8MP ultrakeng burchakli va 2MP makro koduli sherik qilingan.

Uchala V21 smartfoni ham o‘ta ingichka, V21 5G modeli esa vivo hozirgacha chiqargan eng ingichka 5G smartfondir. E’tiborli jihati shundaki, korpus rangiga qarab smartfon korpusi sayqali, qurilma qalinligi va vazni ham o‘zgaradi. Qurilmalar 7.29 mm dan 7.38 mm gacha qalinlikka ega.

Old tomonga to‘xtalsak, 6.44” AMOLED 90Hz displeyni ko‘rish mumkin. Ekran rezolyutsiyasi 1080p+ bo‘lib, qurilma forma faktori 20:9 ga teng. V21 va V21 5G HDR10+ kontentni qo‘llab-quvvatlaydi, V21e bilan esa HDR10 kontentni tomosha qilish mumkin, qurilma ekranining o‘rtacha yorqinligi ham 430 nitga teng; qolgan ikki modelda bu 500 nit. Smartfonlarning barchasi ekran ostiga o‘rnatilgan barmoq izi skaneriga ega.

vivo V21 va V21 5G smartfonlarining har ikkisi 7 nanometrlik Dimensity 800U chipida ishlaydi. Protsessor ikkita Cortex-A76 (2.4GHz) va oltita Cortex-A55 (2.0GHz) yadrolari hamda Mali-G57 MC3 grafik protsessoriga ega. V21 5G'da bu chip, nazariy jihatdan, maksimal 2.3 Gbit/sekund tezlikda ma’lumot yuklash imkonini beradi.

...


vivo V21e esa Snapdragon 720G chipi bilan jihozlangan. Ushbu SoC 8 nanometrlik jarayon asosiga qurilgan bo‘lib, ikkita Cortex-A76 (2.3GHz) va oltita Cortex-A55 (1.8GHz) yadrolari, adreno 618 GPUsi va X15 LTE modemidan tarkib topgan.

Smartfonlarga 8GB tezkor, 128GB doimiy xotira o‘rnatilgan.

vivo V21 va V21 5Glar tez orada uchta: Sunset Dazzle, Dusk Blue va Arctic White ranglarida sotuvga chiqadi. vivo V21e esa Diamond Flare va Roman Black rangli korpusga ega bo‘ladi.

O‘QING: Dunyo bo‘yicha eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu reytingi, 2021 yil mart)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!