Vivo X Flip'ni qo'ya turing, Galaxy Z Flip 5 undan ham katta tashqi ekranga ega bo'ladi!

Vivo X Flip'ni qo'ya turing, Galaxy Z Flip 5 undan ham katta tashqi ekranga ega bo'ladi!

Samsung o'zining Galaxy Z Fold, ayniqsa, Galaxy Z Flip seriyasidagi buklanadigan smartfonlari bilan buklamafonlar bozorini ommalashtirgan bo'lsa-da, endilikda uning raqobatchilari ancha ko'payib qolgan. Xususan, Oppo yaqinda o'zining Find N2 Flip buklamafonini Galaxy Z Flip 4 ga qaraganda ancha katta tashqi displey bilan chiqargan bo'lsa, endilikda Vivo ham o'zining ana shunday raqobatchisini tayyorlamoqda. Biroq Samsung ham anoyilardan emas va uning yangi avlod Galaxy Z Flip buklamafoni ularnikidan kattaroq tashqi displeyga ega bo'ladi.

SamMobile nashri o'z manbalariga asoslangan holda tayyorlangan Galaxy Z Flip 5 modelining konsept suratini ulashdi. Garchi konsept bo'lsa ham, u "yuqori aniqlikda to'g'ri" ekanligi ta'kidlanmoqda va undan biz yangi Galaxy Flip qanday katta ekranga bo'lishini bilib olishimiz mumkin.

Aytish kerakki, siz Galaxy Z Flip 5 tashqi ekrani qanchalik katta bo'lishini bir qarashda bilib olasiz, chunki u hozirgi Galaxy Z Flip 4 modelidagi 1.9 dyuymli tashqi ekranning deyarli ikkitasidek keladi. Ma'lum bo'lishicha, Z Flip 5 orqa ekrani 3.4 dyuym o'lchamda bo'ladi. U smartfonning ikkilik kameralari atrofidagi joydan tashqari uning ikkinchi yarmining deyarli barcha maydonini egallab olgan.

Ta'kidlash joizki, Galaxy Z Flip 5 tashqi ekrani Motorola bu yil taqdim qilishi kutilayotgan Razr 2023 ni ham eslatib yuboradi, faqat yangi Razr buklamafoni tashqi ekrani orqa kameralar atrofini ham o'rab turishi mish-mish qilingan edi.