Wi-Fi tarmog‘iga QR-kod orqali ulanish

  •   DiMaX
  •  16028
  •  19.01.2018 15:43

Wi-Fi tarmog‘iga QR-kod orqali ulanish

Odatda uyimiz yoki ishxonamizdagi umumiy internetni tarqatuvchi Wi-Fi tarmog‘iga murakkab parol qo‘yamiz, to‘g‘rimi? Ammo har gal mehmon (yoki mijoz) kelganida, u ham shu tarmoqdan foydalana olishi uchun parolni aytishimizga yoki uning qurilmasida terib berishimizga to‘g‘ri keladi. Bu esa ortiqcha vaqtimizni oladi, yana ba’zan o‘zimiz eslay olmasdan, yozib qo‘yilgan parolni izlay boshlaymiz... Tanish holatmi?

O‘QING: Wi-Fi’ga parol o‘rnatishni bilasizmi?

Biz esa sizga, Wi-Fi tarmog‘ingizga kirishlari uchun mehmonlarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz va tezkorlik bilan ruxsat berish yo‘lini o‘rgatamiz. Bu – tarmoqqa QR-kodni kamera orqali skanerlash orqali kirish usulidir. Siz shunaqa kodni yaratib, qog‘ozga chop etib qo‘yasiz, har gal mehmon uni o‘z smartfoniga kamerasi orqali «o‘qitib», avtomatik tarzda tarmoqqa ulanib ketaveradi. Bunda sizning o‘zingiz ham, mehmonlar ham parolni saqlab qolishingiz shart bo‘lmaydi.

Wi-Fi nuqtasi uchun QR-kod yaratish

Buning uchun, bepul QR-kod generatorlari xizmatidan foydalanasiz, masalan – blog.qr4.nl yoki qifi.org servislaridan. Unda ulanish nuqtasi (SSID – tochka dostupa) nomini, unga o‘rnatilgan parolni, shifrlash turini (WEP, WPA/WPA yoki shifrlashsiz) hamda kod turini (bizning holatimizda bu WiFi bo‘ladi) ko‘rsatasiz. Ulanish nuqtasi hamda shifrlash turini smartfoningizdagi Wi-Fi sozlamalaridan ko‘rib aniqlashtirib olsangiz bo‘ladi, parolni esa eslashga (yoki uni biror joyga yozib qo‘ygan bo‘lsangiz – izlashga) to‘g‘ri keladi.

Shularni tugatgach, «Generate» tugmachasini bosasiz va yaratilgan QR-kodni yuklab olasiz. Keyin esa uni qog‘ozga chop etib, hujjatlaringiz orasida saqlashingiz, stolga qo‘yib yoki devorga ilib qo‘yishingiz mumkin. Shuningdek, bu kodni smartfoningizda saqlab qo‘yib, kerak payti mehmonlarga ekranda ko‘rsatsangiz ham bo‘laveradi.

O‘QING: Turli brauzerlarda saqlangan parollarni ko‘rish yo‘llari

QR-kod orqali Wi-Fi tarmog‘iga ulanish

Kelgan mehmonlar uydagi (yoki ofisdagi) Wi-Fi tarmog‘iga QR-kod orqali ulanishlari uchun o‘z smartfon yoki planshetlaridagi kameradan va maxsus ilovalardan foydalanishadi. Masalan, Android-qurilmalar uchun Barcode Scanner, Apple mobil devayslari uchun esa QR Code Reader & Barcode Scanner kabi dasturlar bunda qo‘l keladi.

Bulardan tashqari, ayrim Android-smartfonlarda (masalan, Xiaomi’ning ko‘pchilik modellarida) hamda iOS 11 tizimida kamera ilovasining o‘zida ham QR-kodni o‘qish funksiyasi mavjud. Demak, mehmonlarning ayrimlari hech qanaqa qo‘shimcha ilovalarsiz, shundoqqina kameradan QR-kodni skanerlab, tarmoqqa ulanib ketaverishlari mumkin.

Skaner yoki maxsus ilova kod turini aniqlab, olingan ma’lumotlarni internetga ulanish uchun ishlatadi. Siz esa parolni eslab yoki izlab yurishdan, hammaning oldida ovoz chiqarib aytib turishdan qutulasiz. Zo‘r-a?

O‘QING: Wi-Fi tarmog‘i parolini bilishning 5 usuli

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!