Wi-Fi vs 4G: smartfon quvvatini qay biri tezroq tugatadi? (+«jonli» video)

  •   DiMaX
  •  3226
  •  20.12.2019 17:08

Wi-Fi vs 4G: smartfon quvvatini qay biri tezroq tugatadi? (+«jonli» video)

Odatda smartfonlarning qo‘llanmalarida ularning turli rejimlarda – 3G, 4G (LTE) tarmoqlarida va Wi-Fi tarmog‘ida ishlash vaqti ko‘rsatiladi. Ularning aksariyatida qurilmaning avtonomligi Wi-Fi hamda 4G tarmoqlarida bir xil, deb yozishadi.

O‘QING: Wi-Fi parolini Android-smartfon orqali aniqlasa bo‘ladi!

Mobile Research Group tahlilchilari qurilmalarning bu ikki tarmoqdan qay birida ko‘proq quvvat sarflashini tajribada aniqlashdi. Buning uchun bir xil rusumdagi ikkita smartfonnining bittasini Wi-Fi tarmog‘i, ikkinchisini esa LTE orqali internetga ulab, ikkita tajriba o‘tkazib ko‘rishdi.

Birinchi tajribada bu qurilmalarning har ikkalasida YouTube’da bir soatlik film ko‘rishdi. Natijada bir soatdan so‘ng Wi-Fi ishlatayotgan smartfonning quvvati 75%, 4G ishlatayotganiniki esa 72% miqdorida qolgani aniqlandi:

Ko‘rib turibmizki, Wi-Fi hamda LTE tarmoqlarida akkumulyator sarfi aytarli farq qilmaydi, lekin 4G baribir «ochofatroq» ekan.

O‘QING: Wi-Fi signalini yaxshilashning 5 ta ilmiy usuli

Biroq bu – smartfonlar bitta joyda turgan holidagi natijalardir. Ikkinchi tajribada esa tadqiqotchilar shu ikki smartfonni olib, tegishli tarmoqlarni yoqoq qoldirgan holda shahar kezib ko‘rishdi. Bunda endi 4G tarmog‘iga ulangan gadjet Wi-Fi ochiq turgan sherigidan ko‘ra 17 foizga ko‘p quvvat sarflagan!

Mana, har ikkala tajribani quyidagi videoda tomosha qilamiz:

Smartfon harakatda bo‘lganida akkumulyator quvvati ko‘proq sarflanishini esa quyidagicha izohlash mumkin: bunda qurilma uyali aloqa operatorining bitta baza stansiyasi doirasidan chiqib boshqasiga, keyin yana navbatdagisiga ulanib boradi. Bu esa har gal quvvatning ko‘proq xarjlanishiga olib keladi.

Demak, yuqoridagi tajribalardan quyidagi xulosalar kelib chiqadi: avvalo, 4G tarmog‘iga ulangan smartfon quvvati Wi-Fi tarmog‘iga ulanganidan ko‘ra tezroq tugaydi. Qolaversa, qanday tarmoqqa ulangan bo‘lishidan qat’i nazar, telefon biror masofaga harakatlanganida, baza stansiyalari aro almashishlar sababli, akkumulyatorining zaryadi ko‘proq sarflanadi.

O‘QING: Wi-Fi tarmog‘iga QR-kod orqali ulanish

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.