“Windows 10 elektron pochtangizni o‘qimaydi”

“Windows 10 elektron pochtangizni o‘qimaydi”

Yangi Windows 10 operatsion tizimi elektron pochtalarni xufyona o‘qib, ma’lumotlarni reklamachilarga berishi haqidagi xabar ortidan Amerikaning Microsoft kompaniyasi sarlavhadagi raddiya bilan chiqdi.

“Siz qanday konfidensiallik parametrlari tanlashingizdan qat’i nazar, na Windows 10, na Microsoft ning boshqa dasturlari sizga mos reklama berish maqsadida elektron pochtangiz yoki boshqa xabarlaringizni o‘qimaydi”, deb aytdi Microsoft ning ijrochi vitse-prezidenti Terri Meyerson. U Windows 10 da to‘planuvchi barcha ma’lumotlar Microsoft ning faqat o‘zi uchun mo‘ljallanganini, ular ehtimoliy xatoliklarni to‘g‘rilash va operatsion tizimni takomillashtirish uchun zarurligini ta’kidladi.

“Sizning fayllaringizga buning daxli yo‘q. Biz sizning ismingiz, manzilingiz, elektron manzilingiz, ID  hisobingiz kabi shaxsiy ma’lumotlaringizga daxl qilmaslikning bir nechta choralarini ko‘rdik”, deydi u.

hero_carousel_2in1_mini_start_CortanaMarket_1x

Eslatib o‘tamiz: Windows 10 shu yilning yozida ommaga havola etildi. Yil mobaynida har qanday foydalanuvchi operatsion tizimini mutlaqo bepul yangilab olishi mumkin. Tizim yuklanayotgan paytda foydalanuvchi ma’lumotlari Microsoft serveriga yuborilishi mumkinligi litsenziyaviy bitimda eslatilganligi ko‘pchilikni xavotirga solib qo‘ygan edi.