Windows 12 qachon chiqarilishi ma'lum bo'ldi

Windows 12 qachon chiqarilishi ma'lum bo'ldi

Microsoft faqat Windows 10 bilan to'xtab qolishni xohlamadi. Garchi kompaniya bu Windows uchun so'nggi yirik versiya ekanligini aytgan bo'lsa ham, o'tgan yilga kelib, u o'z qarorini o'zgartirdi va Windows 11 ni taqdim qildi. Xo'sh, undan keyinchi? Windows 12? Albatta. Windows Central nashrining o'z manbalariga asoslanib xabar berishicha, Microsoft o'zining navbatdagi yangi avlod Windows'ini 2024-yilda chiqaradi. 

Ma'lum bo'lishicha, redmondlik kompaniya Windows'ning yangi versiyasini yoxud uning uchun katta yangilanish chiqarish strategiyasini o'zgartirmoqda va o'zining an'anaviy uch yillik tsikliga qaytmoqda. Shunday qilib, Windows 11 (2021) chiqarilganidan uch yil o'tib, biz Windows 12 (2024) ni ko'rishimiz mumkin. Agar ortga nazar soladigan bo'lsak, Windows 10 2015-yilda, Windows 8 2012-yilda, Windows 7 esa 2009-yilda chiqarilgan. 

Windows 11'ga kelsak, u chiqarilganida, Microsoft uning uchun har yili bitta yirik yangilanish chiqarishini aytgan edi. Biroq, rejalar keskin o'zgardi. Endi Windows 11 faqat shu 2022-yilning oktabrida "Sun Valley 2" kod nomli 22H2 versiya yangilanishini qabul qiladi va bu uning uchun eng birinchisi va oxirigi yirik yangilanish bo'ladi.

Undan keyingi 2023-yilda chiqarilishi kutilayotgan 23H2 (Sun Valley 3) yirik versiya yangilanishi esa bekor qilingani aytilmoqda. Uning o'rniga esa kompaniya Windows 11 22H2 versiyasi bilan yangi "Moments" loyihasini ishga tushirmoqda. 2023-yildan ishga tushirilishi aytilayotgan ushbu loyiha bilan kompaniya o'z Windows 11 foydalanuvchilariga yilda yirik yangilanishlar yuborish o'rniga har bir necha oyda yangi funksiyalarni jo'natish imkonini beradi. Bu esa bir yilda to'rt martagacha sodir bo'lishi mumkin. Shunday ekan, Windows 11 23H2 uchun mo'ljallanlangan yangi xususiyatlar Moments yangilanishlari ko'rinishida oyma-oy tarqatiladi. Ana shunday Moments yangilanishi yaqinda Vazifalar paneli uchun ob-havo tugmasining chiqarilishi bilan allaqachon sinab ko'rilganligi ham aytilmoqda.

Katta ehtimol bilan Windows 12 ekanligi aytilayotgan navbatdagi yirik Windows yangilanishi esa "Next Valley" ichki kod nomiga ega bo'lishi mumkin, ammo bu aniq emas. Yuqorida aytilganidek, u 2024-yilda chiqarilishi kutilmoqda. Bundan oldin Microsoft Windows 12 ni butunlay boshidan, yangi struktura bilan yaratishi haqida mish-mishlar tarqalgan edi.

O'QING: iOS va Android uchun yangi qo‘shiladigan emojilar

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!