Windows Vista`ni qo‘llab-quvvatlash bir yildan keyin to‘xtatiladi

Windows Vista`ni qo‘llab-quvvatlash bir yildan keyin to‘xtatiladi

Bir yildan so‘ng, 2017 yilning 11 aprelidan Windows Vista operatsion tizimini kengaytirilgan qo‘llab-quvvatlash to‘xtatiladi. Bu haqda Microsoft korporatsiyasi saytida xabar qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Microsoft mahsulotini taqdim etganganidan so‘ng besh yil yoki uning navbatdagi talqini chiqqanidan ikki yildan keyin uni asosiy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi. Bu vaqt mobaynida xavfsizlikni ta’minlash va kamchiliklarni bartaraf etishni o‘z ichiga olgan yangilanish (obnovleniya)lar mijozlarga bepul taqdim etiladi.

Asosiy qo‘llab-quvvatlash yakuniga yetganidan so‘ng kengaytirilgan ko‘mak fazasi ishga tushadi. U ham besh yil davom etib, bu paytda xavfsizlikni ta’minlash yordami bepul, nosozliklar bilan ishlash ko‘magi esa pulli tarzda taqdim etiladi. Bundan tashqari, kengaytirilgan ko‘mak bosqichida Microsoft dizaynni o‘zgartirish va yangi imkoniyatlar bo‘yicha murojaatlarni qabul qilmaydi.

Windows Vista platformasi 2007 yilning yanvarida barcha uchun foydalanishga ochilgan edi. 2010 yilning oktyabrida esa chakana savdoda mazkur platforma savdosi to‘xtatildi. Bir yil o‘tib kompyuterlarga o‘rnatish ko‘rinishida taqdim etish ham bekor qilindi. Windows Vista`ning asosiy qo‘llab-quvvatlanishiga 2012 yil aprelida chek qo‘yildi.

Net Applications ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Windows Vista operatsion tizimi faqatgina 1,4 foiz shaxsiy kompyuterlarga o‘rnatilgan. Solishtirish uchun: Windows 7 bozorning 51,9 % ulushini egallagan bo‘lsa, Windows 10 — 14,2 %.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.