"Xavfsiz shahar" qurishda O‘zbekistonning birinchi yirik hamkori ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida 15 noyabr kuni Siemens AG konsernining Myunxenda joylashgan bosh qarorgohida bo‘lib, uning Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Azi Roland Bush bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar "Xavfsiz shahar" konsepsiyasini amalga oshirishda ikki tomonlama hamkorlik qilishni muhokama qilib, mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Siemens AG o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Xususan, mazkur yo‘nalishda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning kompleks yechimini joriy qilish, shahar infratuzilmasi va transport xo‘jaligini evakuatsiya qilish tizimini yaratishda AKT dan foydalanish, shuningdek elektr tarmoqlarida «aqlli tarmoqlar» (Smart Grid) texnologiyasidan foydalanish bo‘yicha hamkorlik qilinadi.

Smart Grid texnologiyasida elektr energiyasini ishlab chiqarish, ta’minotini yo‘lga qo‘yish va uzluksizligini ta’minlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalaniladi.

"Innovatsiya va raqamlashtirishda katta tajribaga ega muassasa sifatida biz O‘zbekiston bilan sanoatni, shahar infratuzilmasi va energetika, sog‘liqni saqlash sohalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyormiz. Misol uchun, "internet buyumlari" tendensiyasi uchun biz taklif qilayotgan operatsion tizimlar bugungi kunda shaharlar xavfsizligini ta’minlash hamda qulayligini, shuningdek raqobatbardoshlik va barqaror taraqqiyotni oshirishda muhim ahamiyatga ega", deydi Siemens boshqaruvi a’zosi Roland Bush.

Hamkorlik doirasida Siemens kompaniyasining boshqa yo‘nalishlardagi muvaffaqiyatli ishlanma va texnologiyalarini o‘rganish ham ko‘zda tutilgan. Bu borada etakchi ekspertlar ishtirokida o‘quvlar, mashg‘ulot-seminarlar, konferentsiyalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Siemens'ga 1847 yilda Berlinda, olim va muhandis Verner fon Simens tomonidan asos solingan. Bu konsern kommunikatsiya, mobil aloqa, dasturiy ta’minot, logistika, elektr ta’minoti yo‘nalishlarida jahonning peshqadam muassasalaridan biri hisoblanadi. "Siemens" so‘zi elektr o‘tkazuvchanlikni anglatuvchi xalqaro birlik hisoblanadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!